Bu yil besh yoshga to’lgan Shanxay Hamkorlik Tashkiloti azaldan Vashington tomonidan Rossiya va Xitoy boshchiligida AQShning Markaziy Osiyodagi manfaatlariga qarshi tuzilgan ittifoq sifatida qarab kelingan.
Ba’zilar nazarida tashkilot Amerikaga qarshi katta blok, boshqalar fikricha tashkilot xavfsirashga arzimaydi. Chunki, uning har bir a’zosi, deyishadi bu tahlilchilar, o’zi bilan o’zi ovora. Rahbarlar nima qilib bo’lsa-da, hokimiyatni qo’ldan bermaslik harakatida va ularning ahyon-ahyonda Amerika Markaziy Osiyo ichki hayotiga aralashyapti, deb bong urishi uzoqqa bormaydi.
Aslida ham shundaymi? AQSh Kongressida o’tgan muhokamada respublikachi senator Sem Braunbek (Sam Brownback) ana shu savolni o’rtaga tashladi.
"AQSh bu tashkilotga a’zo emas, a’zolikka qiziqish bildirmagan, biroq Eron kabi terror homiylari allaqachon Shanxayda hamkorlik maqomiga ega. Tashkilot a’zo davlatlardagi inson huquqlari va islohotlar ahvoliga ko’z yummoqda. O’zini harbiy, iqtisodiy va madaniy tashkilot deb biladi. AQSh Markaziy Osiyoda erkin, tinch va iqtisodiy jihatdan barqaror jamiyatlar taraqqiyoti uchun hissa qo’shish niyatida ekan, Shanxayning bizga qanday xavfi bor?"- deydi senator Braunbek.
AQSh Davlat kotibining Markaziy Osiyo bo’yicha bosh diplomati Richard Baucher (Richard Boucher) Shanxay mintaqa uchun imkoniyat, biroq Eronning tashkilotdagi roli xavotirga sababdir.
"Tashkilot mintaqaviy hamkorlik va xavfsizlikni tiklab, kuch-g’ayratini geosiyosiy bayonotlar yoki chiqishlarga emas, balki iqtisodiy taraqqiyot yo’lida sarflaydi degan umiddamiz",- deydi Baucher.
Shanxay Hamkorlik Tashkilotining nimaga qodir ekanini sarhisob qilishga hali erta, deydi AQSh Davlat kotibi muovini Baucher.
Tahlilchi Shon Roberts (Sean Roberts) tashkilot mintaqada AQSh va Yevropaga nisbatan yo’qolgan ishonchning o’rnini to’ldirishga intilmoqda, deydi.
Markaziy Osiyo rahbarlari, AQSh va umuman, G’arb bizni hokimiyatdan ag’darmoqchi bo’lgan kuchlarni quvvatlamoqda, degan fikrda. Mintaqada hukm surayotgan bu qarash AQSh manfaati uchun xizmat qilmaydi. Vashington bu rahbarlarni “sizni hokimiyatdan chetlashtirish emas, sizga davlatingizni ravnaq toptirish uchun yordam beramiz,”- deya ishontirishi lozim. Aks holda, bu davlatlarni birlashtirgan, Markaziy Osiyoni emas, o’z foydasini o’ylagan Rossiya va Xitoy boshchiligidagi Shanxay Hamkorlik Tashkiloti G’arbdan yanada uzoqlashaveradi, deydi tahlilchi Roberts.
Tashkilot bilan yaqindan tanish olima Marta Brill Olkott (Martha Brill Olcott) xonim ham AQShni Shanxaydan tashvishlanmaslikka chaqirmoqda. Tashkilot juda yosh va tajribasiz, o’zaro ancha tarqoq, deydi u.
"Rossiya va Xitoy aslida bir-biridan xavfsiraydi. A’zo davlatlar razvedka bobida hamkorlik qilmaydi. Iqtisodiy jihatdan nimaga qodir ekanini bilishga hali erta. Hozircha munozara davrasi xolos..."
Xavf tushunchasi AQSh va Shanxay Hamkorlik Tashkilotiga a’zo davlatlar uchun o’zgacha ma’noga ega. AQSh Markaziy Osiyo rahbarlariga, xavf birovdan emas, o’zingizdan chiqyapti, amaldagi siyosat davom etsa, o’zingizning kuningiz bitadi, deb tushuntira olishi lozim. Xitoy Markaziy Osiyo ichki hayotiga aralashishni istamaydi; bu uning manfaatlariga xizmat qilmaydi, deydi olima Olkott xonim.
Harbiy tahlilchi Stiven Blank (Stephen Blank) nazarida esa Shanxay Hamkorlik Tashkiloti anti-amerikanizm tashviqotchisidir. AQSh unga nisbatan aniq strategiya tuzmog’i lozim, deydi u. Uningcha, AQSh rasmiylari tashkilotning nimaga qodir ekanini, uning Markaziy Osiyoga ta’sirini tushunmaydi.
"AQSh rasmiylari bugun Xitoy Markaziy Osiyoda AQShga qarshi siyosat yuritayotganini biladi. Shanxay Hamkorlik Tashkiloti mintaqada Xitoyning ko’p-qirrali siyosiy qurolidir...",-deydi Blank.
Biroq Shanxayga yaqin orada Osiyodagi yangi harbiy ittifoqqa aylanadi, deb qarash to’gri emas, deydi Stiven Blank. Bu tashkilotda hamjihatlik a’zolarning nimaga qarshi ekaniga, ularga nima yoqmayotganiga asoslanadi. Ularda yangi g’oya, birdamlik yo’q, chunki tashkilot ikki yirik kuch – Rossiya va Xitoy qo’lida. Ular arqonni turli tomonga tortadi, deydi harbiy tahlilchi. Yevropada Xavfsizlik va Hamkorlik bo’yicha AQSh komissiyasi, qisqacha Xelsinki komissiyasi raisi senator Sem Braunbek fikricha, AQSh uchun eng muhimi ittifoqqa a’zo Markaziy Osiyoning undan pand yemasligi. Qolganini esa vaqt ko’rsatadi, deydi u.