Breaking News

Kollektiv xavfsizlik a'zolari Kavkaz mojarosiga doir bayonot chiqardi


Kollektiv Xavsizlik Shartnomasi Tashkilotining (KXShT) Moskvadagi sammitida ishtirok etgan Armaniston, Belarus, Rossiya, Tojikiston, Qozog’iston, Qirg'iziston va O`zbekiston rahbarlari Kavkazdagi urushni muhokama qildi. Kechagi uchrashuvda mudofaa vazirlari Rossiya pozitsiyasini qo’llab-quvvatlamagan edi.

4 sentyabr kuni Moskvada Kollektiv Xavfsizlik Shartnomasi Tashkilotiga a`zo davlatlar tashqi ishlar vazirlarining uchrashuvi bo`lib o`tgan edi. Rossiya matbuotiga ko’ra, bugun rahbarlar Rossiyaning Kavkazda tinchlik o'rnatish yo'lidagi harakatlarini qo`llovchi deklaratsiya imzolab, Gruziyaning harakatlarini salbiy baholagan.

Rossiya-Gruziya urushidan bir oy o`tib shu paytgacha harbiy harakatlarga nisbatan MDH doirasida aniq bir munosabat shakllanmagan edi. Rossiya Janubiy Osetiya va Abxaziya mustaqilligini tan oldi, biroq boshqa davlatlar undan o’rnak olishga shoshmayapti.

Sharhlovchilarga ko`ra, Moskvada o`tayotgan Kollektiv Xavfsizlik Shartnomasi Tashkiloti sammiti Rossiya tomonidan Kavkaz bo`yicha ittifoqchilar topishdagi so`nggi urunish bo’ldi.

Rossiya KXShTdan ancha yirik tashkilot bo`lgan Shanxay Hamkorlik Tashkiloti doirasida Kavkaz bo`yicha yakdillikka erisha olmadi. Sharhlovchilar nazarida bu Xitoy tutgan pozitsiya o`laroq amalga oshdi.

KXShTda Xitoy singari Rossiya bilan tenglashishi mumkin bo`lgan davlatning yo`qligi tufayli mintaqa davlatlari Rossiya pozitsiyasiga yon berishga moyil. Lekin Janubiy Osetiya va Abxaziya mustaqilligini tan olishgacha bormaydi, deydi tahlilchilar.

“Bu yig`ilish Rossiya kutgan natijaga olib kelmaydi. Xitoy bo`lmaganda edi, mintaqa davlatlariga Rossiya qattiq bosim o`tkazishi mumkin edi. Janubiy Osetiya va Gruziyani Rossiyadan boshqa hech kim tan olgani yo`q. Rossiya Xitoyga ishonayotgan edi, teskarisi b`oldi. Xitoy ayirmachilik harakatini yoqlamaydi”, - deydi sharhlovchi Iskandar Xudoyberganov.

Tahlilchilar fikriga ko`ra, sammit boshlanishidan avval Rossiya Bosh vaziri Vladimir Putinning O`zbekistonga tashrifida bu borada gaplashilgan.

Mustaqil davlatlar hamdo`stligi sobiq a`zosi Gruziyaning hududiy jihatdan bo’lingani ko’pchilikni og’ir ahvolda qo`ygan.

Bir tomondanm mustaqil davlatlarning har birida hududiy mojaralar mavjud, ikkinchi tomondan esa, Rossiya bosimiga uchrash xavfi mavjud. Mintaqa mustaqillikka erishgan bo’lsa-da, Rossiyaning kuchli ta`siri ostida.

“Ukraina, Gruziya kabi g`arb tomonda joylashgan davlatlardan farqli ravishda, mintaqadagi boshqa davlatlar NATOga qo`shilish imkoniyatiga ega emas. Bir tomondan, Rossiya, ikkinchi tomondan esa, Xitoy qurshovida. Biz o`z pozitsiyamizni ishlab chiqar ekanmiz, faqatgina Rossiya manfaatlarini hisobga olmasligimiz kerak. Hududiy yaxlitlik degan tushuncha quruq tushuncha emas, hali bu vaziyatga xalqaro jamoatchilik qanday baho beradi? Xalqaro me’yorlarga ko`ra qanday baholanadi? Shu tomonlarni ham inobatga olishimiz kerak”, - deydi siyosiy sharhlovchi Farhod Tolipov.

Xalqaro maydonda Rossiyaning izolyatsiyalanish xavfi kuchaygan bir paytda mintaqa davlatlarining Kavkaz bo`yicha pozitsiyalari qanday bo`lishi ancha muhim, deydi tahlilchilar.

Markaziy Osiyoni uzoq yillardan beri o'rganib kelayotgan amerikalik olim Frederik Starr fikricha mintaqa davlatlari uchun eng ma'qul yo'l - Kavkaz masalasida sukut saqlashdir.

XS
SM
MD
LG