Breaking News

O'zbekistonning Kollektiv Xavfsizlik Shartnomasidagi kelajagi noaniq


Kollektiv Xavfsizlik Shartnomasi Tashkilotiga a’zo davlatlarning Yerevanda o'tgan yig’ilishida O’zbekiston ishtirok etmadi.

Respublika bu guruhdan chiqishi mumkinligi haqida taxminlar mavjud.

Rossiya tashabbusi bilan bu tashkilot doirasida tezkor qo`shinlar batalyonini tuzish g’oyasini O'zbekiston u qadar quvvatlamagan.

Sharhlovchilar nazarida Islom Karimov va uning ma’muriyati Kreml ta’siridan uzoqlashishga urinmoqda.

Siyosiy sharhlovchi Farhod Tolipov nazarida ichki vaziyat tashqi siyosatga ta’sir qilmay qolmaydi. Shuningdek, deydi u,O'zbekiston aniq tashqi strategiyaga ega ham emas.

Rasmiy Toshkent yaqin besh yil ichida G’arb bilan ham yaqin, ham keskin aloqalarda bo’ldi. Amerika maqtalgan davrlarda Rossiya qoralandi. 2005 yildagi Andijon voqealari ketidan esa Kreml yaqin do’st sifatida ko’klarga ko’tarildi, Vashington esa ishonchsizlikda tanqid qilinib, rishtalar uzildi.

Oxirgi bir yil ichida Islom Karimov G`arb bilan iliq gaplasha boshlagan. Sharhlovchilarga ko`ra O'zbekistonning Kollektiv xavfsizlik shartnomasiga nisbatan munosabati sovugani ham shu o'zgarish bilan bog’liq.

“Tashkilotga a'zo davlatlarning xavfsizlikni ta'minlashga nisbatan munosabatlari hali uyg`unlashgani yo'q. Bundan tashqari a'zo davlatlar xavfsizlik bo'yicha tajribaliroq tashkilot NATO bilan ham munosabat olib borishadi. Xullas, Kollektiv xavfsizlik tashkiloti real tahdid tug’ilgan paytda qanchalik xizmat ko’rsatishi ham gumon ostida”, - deydi Tolipov.

Tashkilot Bosh kotibi Nikolay Bordyuja Yerevandagi anjumanda, “O'zbekistonning tashkilotdan chiqishi haqida tarqalgan gaplar asossiz”, degan.

O'zbekiston tashkilot doirasida imzolanayotgan hujjatlarda, qabul qilinayotgan qarorlarda faol ishtirok etib kelmoqda, deydi u.

Siyosiy sharhlovchi Abduvalil Soyibnazarov deydiki:

“Hozir Tashqi ishlar vazirligi qoshida ODKB davlatlari bilan munosabat yuritish bo`yicha maxsus bo`lim faoliyat yuritadi. Imzolangan shartnomaga ko`ra tahdid tug`ilgan paytda davlatlar bir-birlariga yordamga kelishadi. Shularni hisobga olsak, O'zbekistonning tashkilotdan chiqishi haqidagi gaplar haqiqatdan uzoqqa o`xshaydi”.

Rasmiy Toshkentning tashkilot majlisni iyun oyida otkazish haqidagi taklifi inobatsiz qolgach O'zbekiston Yerevandagi yig`ilishda qatnashishdan bosh tortgani ta’kidlanadi.

O'zbekiston Yevrosiyo Iqtisodiy Hamjamiyatidan ham shu tariqa chiqqan, deydi tahlilchilar.

O'zbekiston prezidenti ODKBning so'nggi sammitida ham ishtirok etmagan edi.

O'zbekiston Rossiya ta`siridan uzoqlashishga intilar ekan, G'arb, xususan AQSh bilan munosabatni qalinlashtirish harakati kuzatilmoqda.

G'arbda ham munosabatlar tiklanishiga qarshilik yo'q. Lekin Farxod Tolipov nazarida Yevropa Ittifoqi va Amerika O`zbekistondan islohotlar kutmoqda.

“Yevropa Ittifoqiningyangi strategiyasida ham demokratiya va inson huquqlari alohida ko'rsatilgan. G’arb bu masalaga ko`z yumayapti deb bo`lmaydi”, - deydi Farxod Tolipov.

Shu mavzuda

XS
SM
MD
LG