5-6 fevral kuni prezident Islom Karimov Moskvada bo'ladi. Bu Karimovning qayta saylanganidan keyingi ilk xorijiy safari.
Tashrif chog'ida qanday hujjatlar imzolanishi hozircha ma`lum emas.
So`nggi ikki yil davomida Rossiya-O`zbekiston aloqalari jadal rivojlandi. Bir paytlar Rossiya yetakchiligidagi tashkilotlarni tark etgan O`zbekiston yana shu tashkilotlar safiga qaytdi. AQSh harbiy ba`zasi esa O`zbekistondan chiqarib yuborildi.
O`zbekistonda Rossiya bizneslari rivojlanmoqda, ayniqsa, gaz va neft zaxiralari borasida Rossiya kompaniyalari bilan qator muhim shartnomalar imzolangan.
Rossiya ekspertlari Markaziy Osiyo bilan bog`liq so`nggi voqealarni Kremlning geosiyosiy maydondagi yutug`i deb baholaydi.
Sharhlovchi Toshpo`lat Yo`ldoshev Rossiya-O`zbekiston o`rtasidagi hal qilinishi lozim bo`lgan muammolar bor deydi.
“Rossiya ham Yevrosiyo Iqtisodiy Hamkorligi a`zosi sifatida O`zbekiston uchun barcha imkoniyatlarni, chegaralarini ochdi. Buni Qozog`iston va boshqa a`zo mamlakatlar misolida ham kuzatish mumkin. Lekin O`zbekiston o`z chegaralarini ochmadi. Karimov tanqid ostiga olindi”, - deydi tahlilchi.
Islom Karimovning Moskvaga safari O`zbekiston tashqi siyosatida ma`lum o`zgarishlar boshlanishiga ishora sifatida talqin qilinmoqda.
“Muzokaralar Yevrosiyo Iqtisodiy Hamjamiyati, Kollektiv xavfsizlik shartnomasi, shuningdek, G`arb, jumladan, AQSh bilan aloqalarni tiklash haqida gap boradi. Xullas, G`arb bilan aloqalarni tiklash uchun Kremlning roziligi kerak”, - deydi Yo`ldoshev.
Biroz avval O`zbekiston prezidenti AQSh Qurolli Kuchlari Markaziy Qo`mondonligi qo`mondoni admiral Villyam Fellonni qabul qilgan edi.
Mazkur tashrif AQSh va O`zbekiston aloqalari tiklanadi degan taxminlarga turtki berdi.
Siyosatshunoslar fikriga ko`ra, hozirgacha rasmiy Toshkent tashqi siyosatida bir yoqlamalik, geopolitik maydonda faqat bitta kuchli davlatga suyanish kuzatilgan.
Siyosiy sharhlovchi Abduvali Soyibnazarov so’zlariga qaraganda, O`zbekiston tashqi aloqalarni barcha davlatlar bilan teng yuritish niyatida.
“Rossiya O`zbekistonning muhim iqtisodiy-siyosiy hamkori. O`zbekiston har qanday davlat bilan o`zaro manfaatli hamkorlikni rivojlantirish tarafdori. Yaqinda AQShning yuqori martabali delegatsiyasi tashrif buyurdi, AQSh aloqalarni rivojlantirishga qiziqish bildirmoqda. Rossiya O`zbekistonning boshqa davlatlar bilan munosabatini rivojlanishiga mutlaqo qarshi emas”, - deydi siyosiy sharhlovchi.
Ekspertlarning aytishicha, keyingi ikki yil rasmiy Toshkent xalqaro miqyosda e`tibordan chetlatilgan. Tashqi imkoniyatlar cheklangan, xalqaro darajada integratsiya zaiflashgan, faol aloqalar asosan Rossiya va Xitoy bilan yuritilgan.
Kuzatuvchilarning aytishicha, tashqi aloqalar rivoji Islom Karimov Moskvada qanday kutib olinishi, muzokaralarning qanday o`tishiga bog`liq.