Breaking News

Energiyaga ehtiyoj Yevropani Markaziy Osiyoga yaqinlashtirmoqda


Yevropa Ittifoqining Markaziy Osiyoga nisbatan strategiyasini tuzishda bosh-qosh bo'lgan Germaniya diplomatlariga ko'ra, shu paytgacha asosan inson huquqlaridan nariga o'tmagan, cheklangan hamkorlik o'rnini endi strategik munosabatlar egallaydi.

Ittifoq mintaqa davlatlarida diplomatik idoralarini ko'paytirish, ko'proq yordam ajratish hamda turli sohalarda siyosiy dialog olib borishni istaydi. Xo'sh, munosabatlar nega aynan bugun jiddiy tus olmoqda?

Birinchi navbatda, yaqin hamkorlikdan har ikki tomon birdek manfaatdor. Yevropa Ittifoqi uchun Markaziy Osiyo tabiiy boyliklarini, xususan gazni Turkiya va Gruziya orqali o'z bozoriga yetkazish o'ta muhim. Yevropa diplomatlari energetik hamkorlik hamma narsadan ustun ekanini yashirmaydi. Ayniqsa Rossiya, Xitoy va AQShning bu jabhada Yevropadan ancha oldinda ekanini hisobga olsak.

"Osiyo davlatlari esa xalqaro maydonda hurmat-e'tiborga tashna va ular ham energetik resurslarini iloji boricha qimmatroq narxda va ko'p sonli xaridorga sotishni istaydi", - deydi Yevropa Ittifoqining Markaziy Osiyo bo'yicha maxsus vakili Piyer Morel.

"Mintaqa davlatlarining istagi ko'p tomonlama munosabatlar qurish, geografik joylashuvi mahsulot sotish uchun noqulay bo'lsa-da xalqaro maydonda boshqa davlatlar bilan teng o'yinchi bo'lish. Yevropa Ittifoqi yosh davlatlarning bu tabiiy intilishini to'la quvvatlaydi".

"Yevropa Ittifoqi esa Markaziy Osiyoga yo'llarni ochadi, mahsulotiga o'zi xaridor tanlab eksport imkoniyatlarini oshirish, tabiiy resurslarini ishlab chiqarishda ko'maklashadi", - deydi Morel. "Erkin savdo hamda raqobat sharoitida muayyan yirik derjavalarning regionda hukmronlik qilishi qiyinlashadi. Xullas ittifoq Markaziy Osiyoni dunyoga ochishni istaydi".

Piyer Morel o'tmishda Fransiya prezidenti maslahatchisi va bu davlatning Xitoy va Gruziyadagi elchisi bo'lib ishlagan. Ikki yil ilgari Yevropaning Markaziy Osiyo bo'yicha maxsus elchisi etib tayinlangan.

O'tgan oy Kavkazdagi harbiy mojaro ketidan, Yevropa Ittifoqini boshqarayotgan Fransiya tashabbusi bilan, Piyer Morel endilikda ittifoqning Gruziyaga safarbar etilayotgan kuzatuvchi missiyasini ham boshqaradi.

O'tgan hafta Parijda Yevropa Ittifoqi va Markaziy Osiyo hamkorligiga doir ilk forum o'tkazildi. "Tadbir ancha oldin rejalangan bo'lsa-da, Gruziyadagi voqealar Markaziy Osiyoga e'tiborni kuchaytirgani, forumga tayyorgarlikni tezlashtirgani sir emas", - deydi Morel.

Uning aytishicha, Yevropa Ittifoqi va Markaziyo Osiyo davlatlari tashqi ishlar vazirlarini bir joyga to'plagan anjumandan maqsad mintaqani ittifoqning barcha a'zolariga birdek tanishtirish, global xavfsizlikka tahdid soluvchi omillarni belgilab olish va siyosiy muloqotni kuchaytirishdir.

"Markaziy Osiyoda suv muammosi dolzarb", - deydi Piyer Morel. "Sovet Ittifoqi davrida kollektiv va majburiy tarzda yo'lga qo'yilgan barter sistemasi allaqachon ishdan chiqqan. Yevropa Ittifoqi har bir davlatning suv boshqaruvi bo'yicha siyosatini qayta ko'rib chiqishga yordamlashadi".

Suv boyliklarini qanday taqsimlash o'ta nozik masala va mintaqa davlatlari o'rtasida ziddiyatlarga sabab bo'lib keladi. "Yevropa Ittifoqi bu kelishmovchilikni yechishda vositachilik qilmaydi, balki hamkor sifatida yordam beradi".

Yevropa Ittifoqi va Markaziyo Osiyo forumida qabul qilingan bayonotda, shuningdek, terrozim va odam savdosiga qarshi kurash, qurol va qoradori kontrabandasiga qarshi chora ko'rish, mintaqaviy xavfsizlik va Afg'onistonni tiklashda birga ishlash ko'zlangan.

AQSh Yevropa Ittifoqi tashabbusini quvvatlamoqda. Amerika diplomatlari kabi Yevropa rasmiylari ham Markaziy Osiyoda hech qanday "Buyuk O'yin" ketmayapti deydi.

"Hech bir davlat energetik xavfsizlik, terrorizm, narkotiklar savdosi va suv muammolarini yakka holda yecha olmaydi. Ularni hal etish Xitoy va Rossiya singari bizning manfaatlarimiz uchun ham xizmat qiladi", - deydi Piyer Morel.
XS
SM
MD
LG