Breaking News

Prezident Medvedev O'zbekistonga safarini yakunladi


Rossiya prezidenti Dmitriy Medvedevning O'zbekistonga ilk davlat tashrifi o'z nihoyasiga yetdi.

Rossiya va O`zbekiston energetik hamkorlikni kengaytirishga kelishib oldi. Rasmiy Toshkent gaz transportirovkasi uchun Rossiya tomonidan yangi quvurlarni yotqizish loyihasini qo`llab-quvvatlamoqda.

O`zbekiston prezidenti Islom Karimov Medvedev tashrifiga yuqori baho berib, mintaqadagi geosiyosiy jarayonlarda Rossiyaning o`rnini alohida ta`kidlab o'tdi.

Dmitriy Medvedev xalqaro vaziyat, jumladan moliyaviy inqiroz oqibatlari va xavfsizlik masalalari o'zaro hamkorlikni mustahkamlashni taqozo etishiga alohida urg'u berdi.

Tashrif davomida Rossiyaga sotilayotgan gaz hajmini 16 milliard kubometrgacha ko`paytirishga kelishib olindi.

Medvedev O`zbekiston bilan energetik hamkorlik haqida gapirar ekan, tomonlar energetik sohada bozor munosabatlariga o`tilganini ta`kidlab o'tdi.

"Biz energetik hamkorlikni zamonaviy bosqichga ko`tarish uchun muhum qadamlar qo`ydik. Bozor narxlarida ish qilishga kelishdik", - dedi Medvedev.

O`zbekiston prezidentiga ko`ra gaz transportirovkasi bo`yicha muzokaralar ham bozor talablariga ko`ra amalga oshishi kerak, bu boradagi qo'shimcha muzokaralar kutilmoqda.

"Mening o`ylashimcha, bu - gaz bahosini belgilashning eng madaniy usuli. Gaz tranziti masalasini ham shu alfozda hal qilish kerak. Eng muhimi, gaz bahosini belgilashdagi turli bahslarga o`rin qolmaydi ", - deydi prezident Karimov.

Dmitriy Medvedevning tashrifi Kreml va Toshkent o`rtasida munosabat sovuqlashgan va Rossiyada millatchilik ko`rinishi, ayniqsa markaziy osiyolik muhojirlarga nisbatan munosabat keskinlashgan bir paytga to`g'ri keldi.

Huquq himoyachilari Medvedev tashrifi davomida Rossiyadagi mehnat muhojirlarining og`ir qismati, rus millatchilari qurboniga aylangan o`zbeklar taqdiri muhokama qilinishi kerak edi, deb hisoblashadi.

Ikki rahbar uchrashuvi davomida mehnat muhojirlari va ularning ijtimoiy muhofazasi haqida gap bormagan.

"Mehnat muhojirlari taqdiri eng aktual mavzu, rossiyalik bo`lmaganlarga, osiyoliklar, ularning ishlashiga qarshi, tirikchilik qilishini cheklovchi harakatlar kuchaygan. Bu Rossiya hukumati siyosatida ham seziladi. Medvedev tashrifi - O`zbekistonning G`arb bilan yaqinlashishidan tahlikaga tushib qilingan tashrif," - deydi sharhlovchi Abdusalom Ergashev.

Sharhlovchilar Rossiya bilan munosabatlar azaldan O`zbekistondan xomashyo bazasi sifatida foydalanish evaziga qurilganiga, so'nggi yillardagi aloqalar Rossiya monopoliyasini yanada kuchayishi uchun xizmat qilganiga e`tibor qaratishadi.

Afg'onistondagi vaziyat haqida gap borar ekan, Toshkentdagi matbuot anjumanida Medvedev AQSh kuchlariga yuklarning Rossiya hududi orqali o'tishiga ruxsat berishi mumkinligiga ishora qildi.

Shu mavzuda

XS
SM
MD
LG