Breaking News

Rossiyadan ajralish osonmi?


Janubiy Osetiya va Abxaziya mustaqilligini Rossiyadan tashqari hozircha faqatgina bir davlat - Nikaragua tan olgan. Rossiya bilan birgalikda Shanxay Hamkorlik Tashkilotiga a'zo Xitoy va Markaziy Osiyo davlatlari esa bunday bayonotlar bilan hali chiqqani yo'q. Separatizm tashkilot tamoyillari hamda uyg'urlar va tibetliklar milliy ozodlik harakatini bo'g'ib kelayotgan rasmiy Pekin siyosatiga ziddir.

Rossiyaning bunday harakati o'z hududida mustaqillikka intilayotgan boshqa xalqlarga umid bag'ishladi, ammo rossiyalik tahlilchilar nazarida ular mustaqillik haqida orzu qilmasa ham bo'ladi. Kreml boshqa davlatlarda bo'lginchilarni qo'llab-quvvatlashga tayyor bo'lsada, o'z hududidagi ozodlik harakatlarini bostirishdan tap tortmaydi.

26 avgust kuni Rossiya prezidenti Dmitriy Medvedev Abxaziya va Janubiy Osetiya mustaqilligini tan oldi. Bir qarashda bu - ozodlikka intilayotgan xalqlar uchun qilingan oliyjanob ish, ammo aslida katta siyosatdan boshqa narsa emas. Rossiya abxaz va osetin xalqlarining dardini eshitgani uchun shunday qildimi yoki dushman Gruziyani jazolash va raqib Amerikaga Rossiya jahon sahnasida mustaqil siyosat yuritishga qodir ekanini ko'rsatish uchunmi?

Agar birinchisi bo'lsa, Rossiya o'z hududida yashayotgan va Rossiyadan mustaqil bo'lishni istovchi barcha xalqlarni qo'yib yuborishga tayyormi? Ikki chechen urushi va Chechenistondagi minglab qurbonlar buning aksidan dalolatdir.

Moskvadagi Umumiy tarix instituti xodimi, tarix fanlari doktori Artyom Ulunyanning aytishicha, Janubiy Osetiya va Abxaziya mustaqilligini tan olish Rossiyaning faqatgina Gruziya bilan mojarosining mahsuli bo'lib, Kremlning bundan keyin ham etnik guruhlar mustaqilligini tan olishidan nishona emas.

"Bundan tashqari," deydi olim, "oxir-oqibatda xalqaro hamjamiyat bu ikki hudud mustaqilligini tan olmaydi va boshqa etnik ozchilikdagi guruhlar ular misolidan foydalana olmaydi. Shanxay Hamkorlik Tashkiloti va MDH Kollektiv Xavfsizlik Shartnomasiga kiruvchi deyarli barcha davlatlarda bo'lginchilik masalasi mavjud bo'lgani sabab, hech kim bu ikki hudud mustaqilligini tan olmaydi."

Moskvaning "Vremya Novostey" gazetasi sharhlovchisi Arkadiy Dubnov fikricha Rossiyada milliy ozodlik harakati asosan Shimoliy Kavkazda keng tarqalgan.

"Biroq," deydi Dubnov, "Shimoliy Kavkaz xalqlarining Rossiyadan chiqishi uchun biron-bir sabab yo'q. Ingushetiyadagi hozirgi tarang ahvolni hisobga olmaganda, rasmiy Moskva shu paytgacha mahalliy kadrlarni almashtirib turish, moliyaviy va'dalar bilan bo'lginchlik kayfiyatlarini jilovlashni uddalab kelgan."

Arkadiy Dubnovning aytishicha, Rossiyada bo'lginchilik xavfi real bo'lsa, Kreml jim turmasdan keskin chora ko'radi.

Rossiya sub'yektlari ichida mustaqillik harakati so'nmagan hudud bu - Tatarston. Dubnov bunday deb hisoblamasa-da, tatar ziyolilarining o'zi boshqacha fikrda. Ular Janubiy Osetiya va Abxaziya mustaqilligining Rossiya tomonidan tan olinishidan xursand va o'z mustaqilligiga ham umid bilan qaramoqda.

Kelasi oy Qozon Xonligining rus podshosi Ivan Grozniy tomonidan yakson etilganining va Qozonning ruslar tomonidan bosib olinganining 456 yilligi xotira qilinadi. Tatarstonning Naberejnie Chelni shahrida chiqadigan "Povoljye yulduzi" mustaqil gazetasi muharriri Rashid Axmetovning aytishicha, tatarlar Sovet Ittifoqi qulagach iqtisodiyot va turmush bilan band bo'lib milliy mafkurani qisqa vaqtga unutib qo'ygan edilar. Ammo hozirda vaziyat o'zgarmoqda.

"Rossiya hukumatining bo'lginchi hududlar mustaqilligini tan olishi tatarlar tomonidan ijobiy baholandi, chunki ular fikricha by hol mustaqilligimizni yanada yaqinlashtirdi. Muharririyatimizga Tatarstonning turli chekkalaridan barcha yoshdagi ziyolilar qo'ng'iroq qilib Tatarston ham mustaqil bo'larmikan deya umid bildirmoqda," deydi Axmetov.

Tatarston Sovet Ittifoqi davrida uch marotaba ittifoq darajasidagi respublika bo'lishga harakat qilgan. 1992 yili muxtoriyatda o'tkazilgan referendum natijasiga ko'ra, aholining 60 foizdan ziyodi respublikaning mustaqil bo'lishi uchun ovoz bergan. Deyarli to'rt millionlik aholisi bor Tatarstonda tatarlar ikki millionni tashkil qiladi.

"Tatarlar mustaqillik uchun qo'lida qurol bilan kurashmaydi. Biz buni tinch yo'l bilan qilamiz. Bunga 10 yil ketadimi, 20 yil ketadimi. Rossiyaning nodemokratik yo'ldan ketayotgani ham mustaqillikni yaqinlashtirmoqda," deydi "Povoljye yulduzi" mustaqil gazetasi muharriri Rashid Axmetov.

Jurnalist fikricha, Rossiya hukumati Tatarstonda lotin alifbosiga o'tishga ruxsat bermayapti, Tatarston hukumati tomonidan taklif etilgan milliy ta'lim standarti federal tizimga kiritilmadi, respublika nefti savdosidan tushayotgan daromadning 15 milliard dollari Tatarston xazinasiga yetib bormayapti. Bunday neokolonialistik siyosat bizning mustaqil bo'lishimizni taqozo etadi, deydi Rashid Axmetov.

XS
SM
MD
LG