AQShning Janubiy va Markaziy Osiyo bo`yicha bosh diplomati Richard Boucher yaqinda Tojikistonga safari chog’ida Afg`onistonga noharbiy yuk yetkazish bo`yicha bitim imzoladi.
Uning aytishicha, AQSh Markaziy Osiyoda yangi harbiy baza ochmoqchi emas.
Kollektiv Xavfsizlik Shartnomasi Tashkiloti Bosh kotibi Nikolay Bordyuja yaqinda Bishkekda so’zlab, mintaqada Rossiyaning harbiy nufuzi ortmoqda, degan.
Bordyuja deydiki, AQSh harbiy bazasining Qirg’izistondan chiqarilishi mintaqa xavfsizligiga umuman ta`sir qilmaydi.
Bordyuja fikricha O`zbekiston bilan hamkorlikda sust ko’rinsa-da, tashkilotdan chiqish haqida gap bormayapti.
Biroq mintaqa xavfsizligi masalasida bu guruhga ishonsh past.
“Tashkilot hali ish ko`rsatgani yo`q, biror jiddiy tahdid ham kuzatilmadi. Hozirgacha yuz bergan tahdidlarni mintaqa davlatlari alohida o`z kuchi bilan hal etib keldi. Shu jihatdan bu tashkilotni zaziradagi tashkilotga qiyoslash mumkin. Hali uning shakllanishi uchun vaqt kerak”, - deydi siyosatshunos Farxod Tolipov.
Mulohazalarga ko'ra, Markaziy Osiyo xavfsizligi borasida AQSh mintaqa davlatlari bilan emas, Kreml bilan muzokara yuritishga majbur.
Qirg'izistonning AQSh harbiy bazasini chiqarish qarori bevosita Rossiya bosimi ostida qabul qilingani ta`kidlanadi.
Sharhlovchi Fayzulla Is’hoqovning aytishicha, “Manas” bilan bog’liq vaziyat geosiyosiy ambitsiyalar natijasida yuzaga kelgan.
“Rossiya mintaqa davlatlaridan faqat Qozog`istonga unchalik ta’sirini o`tkaza olmayapti. Lekin Qozog`iston ham baribir qaram. Shu tomonlarni hisobga olganda, agar AQSh harbiy bazasini Qirg’izistondan chiqarib yuborsa, mintaqada Rossiyaga qarshilik qiluvchi boshqa to`siq qolmaydi. Keyin Kollektiv Xavfsizlik Shartnomasiga a’zo davlatlarning mavqei ham bir xil emas. Oxirgi paytda Rossiyaning ayniqsa harbiy masalalarda qabul qilayotgan qarorlari xalqaro qonunlar bilan ham unchalik bog`lanmaydi ”, - deydi sharhlovchi.
Rossiya Kollektiv Xavfsizlik Shartnomasi Tashkiloti doirasida harbiy tuzilmalarni kuchaytirish harakatida. Bishkekdagi “Kant” aerodromida joylashgan Rossiya harbiy havo kuchlari tarkibi ham kengaymoqda.
Sharhlovchilar fikricha, Rossiya G`arb va NATO bilan mojaroga mintaqa davlatlarini ham jalb etmoqchi.
“Rossiaya xalqaro terrorizmga qarshimiz deydi, unda nega nega “Manas” yopiladi? Ikkinchidan, Rossiya sovuq urush davriga qaytmoqda. Bu mintaqa rivojiga salbiy ta`sir qiladi. Chunki Rossiya o`zining siyosatiga bizni ham tortmoqda”, - deydi sharhlovchi Iskandar Xudoyberganov.
Qozog’iston NATO doirasida o`tkazilishi kutilayotgan “Tinchlik yo`lida hamkorlik ” mashqlarida ishtirok etmasligini bildirgan.
Sharhlovchilar nazarida bu qaror Rossiya tomonidan NATOga e`tirozlar kuchaygani bilan ham bog`liq.
Tahlillarga ko`ra, mintaqa davlatlarida xavfsizlikka nisbatan yakdil yondashuv, aniq pozitsiya yo’q. Bu bo'shliqdan esa Rossiya unumli foydalanib kelmoqda.