Breaking News

Jahon bozoridagi tanglik O'zbekistonga qanday ta'sir qilmoqda?


Tahlilchilarning aytishicha, dunyo moliyaviy bozoridagi inqirozning O`zbekiston iqtisodiyotiga bevosita ta`siri yo`q. Mamlakat iqtisodiyoti hali bu darajada rivojlanmagan, lekin bilvosita ta`siri bo`lishi mumkin.

Iqtisodchi, mustaqil ekspert Rashid Taymurov fikriga ko`ra, dunyo bo`ylab yirik birja, banklar inqirozi AQSh kredit bozorining izdan chiqishi bilan bog’liq.

“Ko`plab kredit, qarzlar qaytarilmadi, bundan kredit beruvchi tashkilotlar zarar ko`rdi. Gap shundaki, bu ipoteka kreditlariga birja, aksiyalar orqali butun dunyodan pul tikilayotgan edi. Odatda moliyaviy inqiroz sababi bir nech yildan so`ng aniqlanadi. Bu yerda, asosan, psixologik holat bor. Odamlar qo`rqib, vahimaga tushgach, aksiyalar keskin tushadi,” - deydi u.

Ekspert ta’biricha, moliyaviy bozordagi vaziyat G`arb davlatlari zudlik bilan chora ko`rgach, mo`tadillashgan. Biroq inqiroz dunyo moliya bozoriga aralashgan Rossiya, Qozog`iston birjalariga ham ta`sir ko`rsatmoqda.

Uning aytishicha, moliyaviy inqirozning O`zbekiston iqtisodiyotiga bevosita ta`siri kam, chunki mamlakat dunyo moliyaviy bozori bilan yaqin aloqa qilmaydi, integratsiyaga kirishmagan. Lekin O`zbekistondagi moliyaviy tizimga ikki yo`nalishda ta`sir o`tkazishi mumkin.

“Birinchidan, bizda xalqaro kredit oladigan tashkilotlar bor, hukumatning o`zi ham kreditlar oladi. Moliyaviy inqiroz kredit olish shartlarini qiyinlashtirdi, kredit foizlari ko`tarildi,” - deydi ekspert.

Rashid Taymurov nazarida Rossiya va Qozog`istonda o`sish sekinlashadi.

“Rossiya va Qozog`istonda biznes sustlashadi, ko`chmas mulk narxlari tushadi. Bu birinchidan, O`zbekiston eksport imkoniyatining susayishiga, qolaversa, ko`plab o`zbekistonliklar uchun asosiy daromad manbai bo`lgan mehnat muhojirlariga ehtiyojning kamayishiga olib keladi,” - deydi Rashid Taymurov.

So`nggi yillarda O`zbekiston iqtisodiyotida bir qadar o`sish kuzatilayotgani turli xalqaro moliyaviy tashkilotlar tomonidan qayd etildi.

Xalqaro Valyuta Jamga’rmasi, Yevropa Tiklanish va Taraqqiyot Banki kabi tashkilotlar O`zbekiston bilan hamkorlikni tiklay boshladi. Bu tashkilotlar O`zbekistonga kreditlar ajrata boshladi.

Ekspertlar fikricha, O`zbekiston dunyo iqtisodiyoti, moliyaviy bozori, xorij sarmoyalaridan chetda qolmoqda. O`zbekiston rasmiylari esa xorij sarmoyasidan manfaatdor ekanini, buning uchun barcha sharoit yaratilayotganini bildiradi.

2007 yil natijalariga baho bergan O`zbekiston prezidenti Islom Karimov bir millard dollardan oshiq investitsiya kiritilgani, xalqaro moliyaviy tashkilotlar bilan munosabatlar yaxshilanayotganini ta`kidladi.

Janubiy Koreya, Yaponiya kabi davlatlar bilan sadvo va investitsiya muhitini yaxshilashga qaratilgan bitimlar imzolandi.

Tahlilchilar “dunyo bozoridagi erkin kapital qulay muhit va kafolatlar yo`qligi bois O`zbekistonni chetlab o`tmoqda” deydi. Chet el kapitalining O`zbekistonga kirishni istamayotgani sabablaridan biri bank tizimiga bo’lgan ishonchsizlikdir.

Mustaqil iqtisodchi Jahongir Shosalimov “O`zbekistonda banklar iqtisodiyot uchun emas, siyosat uchun ishlamoqda” deb hisoblaydi.

“Muomalada bo`lgan pullarning asosiy qismi bankda ishtirok etmaydi. Masalan, Qozog’istondagi banklar boshqacha. Oxirgi yillarda aktivlarini ko`paytirib, katta muvaffaqiyatlarga erishdi. Asuski, bizda bunday bo`lmadi. Markaziy Bank rahbariyatning buyrug`iga mutlaqo bo`ysundirilgan. Natijada bank tizimi ishdan chiqqan,” - deydi Shosalimov.

Tahlilchilarning aytishicha, banklar Markaziy Bank ko`rsatmasini chetlab, mustaqil ravishda ish yurita olmaydi.

Moliya Instituti o`qituvchilaridan biri “Markaziy Bank vakolatlari qonunda belgilangan” deydi.

“Markaziy Bank shu qonunga ko`ra o`z faoliyatini yuritmoqda. O`zbekiston tijorat banklari ham iqtisodiyotimizga mos ravishda rivojlanmoqda. Banklar iqtisodiyotni sarmoya bilan ta`minlaydigan asosiy tashkilot. Iqtisod rejalansada, biroq sarmoya bilan ta`minlaydigan tashkilot bo`lmasa, bu reja amalga oshmaydi. Bu borada banklar o`rni nihoyatda katta,” - deydi u.

Rashid Taymurovning aytishicha, keyingi yillarda hukumat sarmoya muhitini yaxshilash uchun bir qancha qadamlar qo`ygan.

“Biznes yuritishda byurokratik to`siqlar yengillashtirildi. Valyutani konvertatsiyalash, tadbirkorga o`z hisob raqamidan foydalanish imkoniyatlari kengaytirildi. Lekin biznesga to`siq bo`layotgan va sarmoya muhitini qiyinlashtirayotgan muammolar hali ko`p. Import uchun juda yuqori bojxona to`lovi joriy etilgan. Import-eksport savdosida to`siqlar bor, banklar faoliyatida erkinlik yo`q,” - deydi ekspert.

Xalqaro Moliyaviy Korporatsiyaning yaqinda dunyo iqtisodiyotida tadbirkorlik uchun yaratilgan sharoitlar haqidagi yillik hisobotida O`zbekiston ijobiy ta’rif olgan. Jumladan, kichik tadbirkorlik subyektlarini ro`yxatga olishda, litsenziyalash, soliq va kredit siyosati kabi tizimlarda o`zgarishlar borligi ta`kidlanadi.

Mutaxassislar iqtisod, biznes va tadbirkorlik rivojida kredit siyosatining o’rni katta deb hisoblaydi. Qiyos uchun, Rossiya, Qozog`istonda kredit aholining turmush darajasini belgilovchi ko`rsatkichlardan biriga aylangan.

O`zbekistondagi kichik biznes vakillari fikricha, tadbirkor uchun kredit olish foizlarning yuqoriligi bois ham manfaatli emas.

“18 foiz - bu ancha baland. Hech bo`lmaganda 5 foiz bo`lsa edi. Chunki to`lashga kelganda hamma hayron, faqat yoshlar bu ishni qilishi mumkin. Kredit olib, keyin sudma-sud yuradi yoki uyini topshiradi. Kattaroq kishilar kredit olmaydi 18 foizdan, chunki savdo-sotiq qilib ham buni qoplash qiyin. Keyin kreditni naqd qilish ham muammo, hisobingizdan naqd pulga aylantira olmaysiz. Do`konlardagi narxlar bozordan ancha qimmat. Naqd qilaman deb jinoyatgacha borib qolish mumkin. Banklar Markaziy Bankdan qanday hujjat bo`lsa, shu yo`riqqa yuradi, ko`mak ko`rsatish yo`q,” - deydi fermer xo`jalik rahbarlaridan biri.

Tahlilchilar fikriga ko`ra, bank-kredit tizimi, umuman, biznes yuritishdagi asosiy to`siqlardan biri korrupsiya.

Xalqaro Tinchlik Fondining iqtisodiy-ijtimoiy, demokratik ko`rsatkichlar tahlil qilingan 2008 yilgi hisobotida O`zbekiston dunyodagi eng zaif davlatlar qatoridan o`rin oladi.Hisobotga ko`ra, O`zbekiston iqtisodi turg`unlik holatida, korrupsiya avj olgan, aholi daromadi qashshoqlik darajasida.

Korrupsiya muammosini o`rganuvchi xalqaro tashkilot - "Transparency International" 2008 yilgi hisobotida O`zbekistonda korrupsiya bilan bog`liq holatda nisbatan ijobiy o`zgarish borligini qayd etadi.

180 davlatdagi vaziyat o`rganilgan hisobotda O`zbekiston eng so`nggi o`rinlardan biroz yuqoriga ko`tarilgan, biroq korrrupsiyalashgan davlat sifatida qolmoqda.

Ta`kidlash lozim, mazkur hisobotdan ikki oy avval O`zbekiston korrupsiyaga qarshi kurash bo`yicha BMT xalqaro konvensiyasini ratifikatsiya qilgan edi. O`zbekiston Oliy Majlisiga ko`ra, bu xorijlik sarmoyadorlar huquqlarini kafolatlashga ham xizmat qiladi.

Biroq tahlilchilar korruptsiyaga qarshi kurashda o`zgarish bo’lishiga shubha bilan qaqamoqda. Korrupsiya mavjudligidan avvalo hukumatda o`tirgan rahbarlar manfaatdorligi ta`kidlanadi.

“Korrupsiya qamrovining kengligi hech kimga sir emas. Buni hukumatdagilar yaxshi biladi. Xalqaro qonunni ratifikatsiya qilishdan boshqa chora ham qolmagan edi. Lekin natija berishini albatta vaqt ko`rsatadi,” - deydi sharhlovchilardan biri Abdusalom Ergashev.

Ekspertlar nazarida O`zbekistondagi korrupsiya milliy harakat dasturini taqozo etadi, biroq harakat har doimgidek qog`ozdagi qonunlardan iborat bo`lib qolmasligi kerak.

Vaholanki amalda tadbirkorlar faoliyatiga aralashuv, mahalliy hokimiyat vakillari tomonidan ishbilarmonlarga shartlar qo`yilishi, ayrim hollarda ochiq ta`magarlik qilish kuzatiladi.

Sharhlovchilarning aytishicha, O`zbekistonda iqtisodiy o`sishga to`siq bo`lib turgan muammolar bartaraf etish uchun islohotlar zarurligi aniq. Faqat bu islohotlarni amalga oshirish hukumatdan siyosiy iroda talab etadi.

XS
SM
MD
LG