Breaking News

Iqtisodiy tanazzul, ishsizlik 2009 yilda davom etishi kutilmoqda


2008 yil dunyo iqtisodiyoti uchun eng tahlikali, sertashvish yil sifatida tarix sahifalariga kiradi.

Qariyb bir yil oldin AQSh ipoteka bozorida boshlangan inqiroz oqibatida avvaliga Amerikaning o’zida, so’ng dunyoning boshqa mamlakatlarida kredit banklari kasodga uchray boshladi.

Bu muassasalarni qutqarish maqsadida hukumatlar hozirgacha trillionlab dollar mablag’ ajratdi. Biroq iqtisodiy muammolarning cheki ko’rinmaydi.

Yil boshida Amerikada iqtisodiy o’sish sur’atlari pasayayotgani sezila boshladi, biroq bu jarayon 2008 yilning oxiriga kelib jiddiy moliyaviy inqirozga olib kelishini hech kim bashorat qilmagan edi.

Fuqarolarning xarid quvvatini oshirish va shu orqali iqtisodiyotni jonlantirish maqsadida fevral oyida Kongress soliq chegirlamalari berishga qaror qildi. Kishi boshiga – 600 dollar, har bir bola uchun 300 dollardan. Bugunga kelib bilamizki, aksariyat aholi bu mablag’ni sarflash o’rniga, bank-hisob raqamlarida qora kunlarga deb saqlab qo’ygan.

Mart kelishi bilan AQShning yirik moliyaviy korporatsiyalari, ipoteka banklari va sug’urta tashkilotlari birin-ketin bankrot bilan yuzlasha boshladi.

Iqtisodchilar nazarida buning asosiy sabablari - xavfli sarmoya fondlariga milliardlab dollar tikilgani va ko’chmas mulk bozorida tavakkalchilikka mukkasidan ketish hollari.

Uylarning arzonlashishi hamda millionlab xaridorlarning uy kreditini foizi bilan o’z vaqtida qaytara olmagani mulk bozoriga tikilgan sarmoya qadrini pasaytirdi.

Iqtisodchi Jeffri Kling global iqtisodiyotni reanimatsiya xonasiga tushib qolgan bemorga o’xshatadi. “Kredit bozori muzlab, banklar hatto bir-biriga qisqa muddatli qarz bermay qo’ydi. Bunday tushkunlik AQShda 1930-yillardan beri kuzatilmagan”, - deydi olim.

Kredit bozoridagi tanglik ta’siri Yevropa, Osiyo va dunyoning boshqa burchaklariga tarqalgach, markaziy banklar maslahatlashgan holda foiz stavkalarini pasaytirdi va moliya tizimiga milliardlab dollar mablag’ kiritdi.

“Vaziyat hamon o’nglangani yo’q”, - deydi Germaniya kansleri Angela Merkel. “Banklar o’z ishini barajarishi, ya’ni hukumatlar bergan yordam hisobiga kredit ajrata boshlashi o’ta muhim”.

“Xitoy bundanda o’girroq damlarga tayyorgarlik ko’ryapti”, - deydi mamlakat rasmiysi Jang Ping. Arzon ishchi kuchi va ekportga tayanuvchi Xitoy iqtisodiyoti boshqa davlatlarga nisbatan ancha mustahkam, ammo eksport miqdori pasayib bormoqda. G’arbda Xitoy mahsulotiga talab pasaygan. Bu esa Xitoyda kompaniyalarning yopilishiga olib kelyapti.

AQSh Kongressi oktyabr oyida mamlakat iqtisodiyotiga 700 milliard dollar miqdorida sarmoya kiritish loyihasini ma’qulladi. Undan qay miqdorda va qay maqsadlarda foydalanish AQSh moliya vaziri Genri Polsonga topshirilgan.

Iqtisodchilar va xalqaro moliya tashkilotlari tahlilicha moliyaviy bo’hron hali-beri tugamaydi. 2009 yilda global iqtisodiy qiyinchiliklar yangi pallaga kirib, ishsizlik sur’ati yuqori bo’lishi kutilmoqda. Amerikada esa butun boshli sanoat, avtomobil kompaniyalari ishini to’xtatish arafasida.

“Ayrimlar”, deydi iqtisodchi Jeffri Kling, “bugungi vaziyatni 1930-yillardagi Buyuk Depressiya bilan qiyoslaydi. Bunday xulosa qilishga hali erta”.

Amerikada hozir ishsizlik 7 foiz atrofida. Yangi prezident Barak Obama iqtisodiyotni oyoqqa turg’izish uchun agressiv choralar va’da qilmoqda, jumladan kelasi 2 yil ichida 3 million ish o’rinlari yaratishga bel bog’lagan. Bu Amerika qarziga yana trillion dollar qo’shishi muqarrar.

XS
SM
MD
LG