Breaking News

Boy davlatlar jahon iqtisodini qutqarish ustida o'ylanmoqda


Xalqaro Valyuta Jamg’armasi boshqaruv kengashi Vashingtondagi qarorgohda yig’ilgan.

Boy davlatlar pulini kambag'al davlatlarga past foizda qarz beruvchi tashkilot global iqtisodiyotda kuzatilayotgan muammolar, inflyatsiya darajasining yuqori ekani va Amerika banklari yuzlashayotgan qiyinchiliklar hamda ularning jahon bozoriga ta’sirini muhokama qilmoqda.

Jahon bozorini tebratadigan 24 davlat, asosan Shimoliy Amerika, Yevropa va Yaponiya moliya vazirlari hamda markaziy bank rahbarlari vaziyatni o’nglash haqida o’z fikrini bildirdi.

Fransiya Iqtisodiyot vaziri Kristina Lagard nazarida banklardan oshkora ishlashni va likvidatsion operatsiyalarni yaxshilashni talab qilish kerak.

Fransiya jahonda eng mustahkam iqtisodiyotga ega davlatlardan biri.

Bu borada birinchi o’rinda turadigan AQSh esa shu kunlarda iqtisodiy inqiroz boshlanganini tan olmoqda.

Mamlakat Moliya vaziri Genri Polson "joriy yilning birinchi yarmi o’ta murakkab davr sifatida tarixga kiradi",- deydi.

Polson 185 davlat a’zoligidagi Xalqaro Valyuta Jamg’armasidan qimmatbaho qog’ozlar bozori va valyuta bahosini nazorat ostiga olishni so’ramoqda.

Tashkilotda iqtisodiyoti tezlikda rivojlanayotgan Xitoy va Hindiston hamda Janubiy Afrika, Saudiya Arabistoni va Venesuela kabi davlatlar ham yuqori nufuzga ega.

Jahon bozorida bir barrel neft narxi hozir 112 dollar; guruch o’tgan uch oy mobaynida ikki barobarga qimmatlashdi – bir tonnasi 2007 yil oxirida 360 dollar turgan bo’lsa, bugun 795 dollar.

Bug’doyning bir tonnasi 500 dollardan oshgan. Xalqaro Valyuta Jamg’armasiga ko’ra bu yil jahon iqtisodiyoti atigi 4 foizga o’sadi. O’tgan besh yildagi eng past ko’rsatkich.

XS
SM
MD
LG