Breaking News

Obama iqtisodiy tanazzulga qarshi choralar taklif qilmoqda


Barak Obama prezidentlikka shaylanar ekan, Kongressdan uning iqtisodiy takliflarini ma’qullashni so’ramoqda.

Obama fikricha, AQSh iqtisodiyoti kun sayin og’irlashib bormoqda va u rahbarlikka kelgach asosiy diqqatni shu masalaga qaratadi.

Uning nazarida moliyaviy tanazzuldan chiqishning eng ma’qul yo’li hozirda yuz milliardlab dollar ajratib, uni yangi ish o’rinlari yaratish uchun sarflash. Qolaversa, xususiy sektorni quvvatlash.

Inauguratsiyaga atigi bir necha kun qoldi. Bo’lajak prezident iqtisod eng dolzarb mavzu deydi. Xalqning bank va moliyaviy tizimga ishonchini oshirish uchun 775 milliard dollar so’ramoqda.

Amerikaning kuchli iqtisodchilarini ishga olayotgan Obama “haqiqatni tan olish kerak”,-deydi.

“Iqtisodiyotimiz juda katta zarar ko’rgan. Dahshatli desak arziydi. Uni tiklash uchun barcha vositalarni ishga solish kerak”.

Birinchidan, deydi Obama, yangi ish joylari yaratish kerak. Yo’llar, ko’priklar va maktablar qurish rejalanmoqda. Ikkinchidan, yangi prezident xalqqa kamroq soliq solmoqchi.

“Bizneslarning kengayishi uchun ularga sarmoya kerak. Toki ular ishchi yollay olsin. Ishlab chiqarish va savdo jonlansin. AQSh raqobatbardoshligini saqlab qolish uchun yangi texnologiyalar yaratish kerak. Biz buning uchun zarur sharoit yaratib beramiz”,- deydi Obama.

Prezidentlik kursisiga o’tirgach, Obama ikki hafta ichida bu iqtisodiy dasturni ishga solmoqchi.

Yetakchi senator Garri Ridning aytishicha qonunchilar Obamaning takliflarini o’rganib chiqmoqda.

“Iloji boricha tezroq harakat qilish kerak”,- deydi senator.

Lekin respublikachilar shoshayotgani yo’q."Obamaning taklifi qimmatga tushadi", deydi senator Mitch Makkonnell.

"Bu ulkan loyiha. 775 milliard emas, 1 trillion dollarga tushsa ajabmas", - deydi respublikachi qonunchi.

"Obama aytayotgan chora-tadbirlarni yaxshilab o'rganib, birma-bir elakdan o’tkazish kerak”,- deydi senator Makkonnell.

Barak Obama Kongress a’zolaridan partiyaviy farqlarni chetga surib, iqtisodni jonlantirish uchun bir yoqadan bosh chiqarishni so’ramoqda.

“Mening taklifim”, deydi u, “ yaqin oylarda uch million ish o’rni yaratadi, yangi texnoligiyalarga asos soladi va sog’liqni saqlash tizimini yaxshilaydi”.

Kongressda hamma ham hozircha bu fikrda emas.

XS
SM
MD
LG