Breaking News

O'zbekistonda islohotlarni qanday amalga oshirgan ma'qul?


AQSh Xalqaro Taraqqiyot Agentligi - USAID O’zbekistonda iqtisodiy siyosatni isloh qilish mavzusiga doir 3 yillik loyihani yakunladi.

Tadqiqotlar AQShning Bearing Point.Inc kompaniyasi va o`zbekistonlik mutaxassislar ishtirokida o`tkazilgan.

Loyiha maqsadi bank sektorini mustahkamlash, kichik va o`rta biznes uchun iqtisodiy sharoitni yaxshilash, byudjet, soliq va davlat nazoratini takomillashtirishdir.

Tadqimot marosimidagi ayrim hisobotlarda O`zbekiston iqtisodiyotida radikal o`zgarishlar emas, balki real iqtisodiy siyosatdan kelib chiqqan holda islohotlar taklif qilinadi.

Paxta hosildorligida davlat buyurtmasi va fermer xojaliklari haqida tadqiqot o`tkazgan Yuliy Yusupovning aytishicha, hozirgi real vaziyatda hukumat davlat byurtmasidan voz kechmasligi aniq, shu bois u davlat buyurtmasini takomillashtirish ustida izlangan.

Uning aytishicha, 1995-2006 yillarda paxta hosildorligi 5 foizga kamaygan.

“Men paxta bo`yicha davlat rejasini sekin-asta bekor qilish tarafdoriman, biroq yaqin yillarda davlat bu islohotlarga bormaydi va bunga o`zining asoslari bor. Shu bois ham biz real iqtisodiy vaziyatdan kelib chiqqan holda paxtaga nisbatan mavjud davlat rejasini takomillashtirishni taklif qilayapmiz”, - deydi konsalting loyihalar kompaniyasining ilmiy tadqiqotchisi Yusupov.

Uning ta’kidlashicha, davlat rejasini belgilashda yer ahvoli inobatga olinmayapti, rejani uddalagan fermerlar uchun daromad ko`rish manbai muvofiqlashtirilmagan.

“Agar fermer rejani 130 foizga bajarsa, hosilning qolgan qismini norasmiy ravishda sotishni xohlaydi, davlatga topshirishni emas, chunki davlat ertaga bu fermerga nisbatan paxta rejasini yanada ko`paytirishi mumkin”, - deydi Yusupov.

Ta`kidlash lozim O`zbekistondagi mavjud iqtisodiy vaziyatda fermerlarning paxtadan daromad ko`rishi o`ta qiyin.

Paxta asosan davlat buyurtmasi mavjudligi, yer fermerlarga paxta ekish sharti bilan ijaraga berilayotgani uchun ekilishi ta`kidlanadi.

Loyihaning asosiy homkorlaridan biri - Ozbekiston Iqtisodiy Tadqiqotlar Markazi. Markaz direktori o`rinbosari Nishonboy Sirojiddinov AQSh kompaniyasi bilan hamkorlik iqtisosdiy izlanishlarda muhim yordam ko`rsatganini ta`kidlaydi.

“Hamkorligimiz bir necha yo`nalishlarda amalga oshdi. Ayniqsa, tadqiqotlarni amalga oshirish yuzasidan yordam ko`rsatildi. Muhim loyihalar xorijlik ekspertlar ishtiroki bilan ta`minlandi. Ular yordamida biz O`zbekiston iqtisodi uchun aktual bo`lgan mavzularda dokladlar tayyorladik, iqtisod bo`yicha talabalar o`rtasida tanlovlar o`tkazdik”, - deydi Sirojiddinov.

“O`zbekistonda Iqtisodiy Islohotlar” loyihasi davomida o`tkazilgan ayrim tadqiqotlar rasmiy ko`rsatkichlardan farq qilmaydi.

2006 yildagi iqtisodiy vaziyatga bag`ishlangan tahliliy sharhga ko`ra, O`zbekiston yalpi ichki mahsulot o`sishi bo`yicha Rossiya va Qozog`istonni ortda qoldirgan. Sanoat mahsulotlarini ishlab chiqarish bo`yicha MDH miqyosida Belarus va Ozarbayjondan so`ng uchinchi o`rinni band etadi.

Mustaqil sharhlovchilar fikriga ko`ra, O`zbekistondagi iqtisodiy o`sish va iqtisodiy islohotlar haqida berilayotgan rasmiy bayonotlar real hayotdan uzoq.

“O`zbekistonda Iqtisodiy Islohotlat” loyihasi yakuniga oid taqdimotda AQShning O`zbekistondagi elchisi Richard Norland ham ishtirok etgan va iqtisodiy islohotlar bo`yicha hamkorlik muhimligini ta`kidlagan.

XS
SM
MD
LG