Breaking News

O'zbekistonda qonunlar nomiga, bolalar yana paxtazorda


O'zbekistonda yaqinda qabul qilingan "Bolalarni og`ir mehnatga jalb qilishni taqiqlash" va "Bolalar huquqini kafolatlash" to'g'risidagi qonunlar xalqaro hamjamiyat tomonidan ijobiy baholansa-da, amalda tadbiq etilmayapti.

O`zbekiston Bosh vaziri Shavkat Mirziyoyev yuqoridagi qarorlarni imzolaganidan keyin ikki hafta o`tib, maktab o`quvchilari yana paxta dalalariga chiqarilgan. Mahalliy manbalarga ko'ra, ular 22 sentabrdan boshlab paxta tera boshlagan.

Huquq himoyachilari nazarida bu yil qabul qilingan va yuqorida tilga olingan qonunlarni hukumatning o`zi buzmoqda.

"Ezgulik" inson huquqlari jamiyati vakili Abdurahmon Tashnovga ko`ra mazkur qarorlar bolalar huquqlarini kafolatalsh uchun emas, aksincha, xalqaro jamoatchilik ko'zi uchun qabul qilingan.

"Bu siyosiy qaror. Xalqaro maydonda O`zbekiston bu borada ancha tanqidga uchradi. Bundan tashqari AQSh Davlat kotibasi Kondoliza Rays Turkmaniston va O`zbekiston prezidentiga bolalar mehnatidan foydalanishni to`xtatish haqida xat yozgan. Shu bois Vazirlar Mahkamasini qarori qabul qilindi. Qarorga muvofiq maktablarda darslar to`xtatilmasligini e`lon qilishdi, lekin 20 kunlik paxta terimi natijalari terim sur'ati nihoyatda tushub ketganini ko`rsatdi. Hukumat yana o`quvchilarni dalaga chiqarishga majbur bo`ldi", - deydi Abdurahmon Tashanov.

Andijon viloyatidan olingan ma`lumotga ko`ra 6-sinf o`quvchilari uchun umumiy paxta rejasi 300 kilo miqdorida belgilangan. Bolalar shanba- yakshanba kunlari ham paxta dalasida.

Jizzaxliklardan biriga ko`ra sakkizinchi sinfdan boshlab o`quvchilar dalaga chiqarilgan va o`quvchilarga 40-50 kilodan kunlik reja belgilangan.

1990- yillarda maktab o`quvchilarini paxta terimiga jalb etmaslik jamaoatchilikda keng muhokamaga chiqqan masalalardan edi. Bir nech yil o`quvchilarni paxta dalasiga chiqmasligiga erishildi. Biroq keyinchalik paxta yakkahokimligi keskinlashishi barobarida o`quvchilar yana paxta dalasiga qaytarildi.

Ayni paytda mahalliy jamoatchilik va nodavlat tashkilotlar masala haqida hech nima demaydi.

Rasman ro`yxatda turgan nohukumat va notijoriy tashkilotlar orasida bolalar huquqlarini himoyalashga ixtisoslashgan tashkilotlar deyarli yo`q.

"Sog`lom kelajak" nodavlat tashkiloti vakiliga ko`ra bu muassasa maktab o`quvchilari salomatligi va gigiyena masalasi bilan shug`ullanadi. Tashkilot bolalarni paxtaga jalb etilishi oqibati haqida aniq bir munosabatga ega emas.

Tahlilchilar fikricha o`quvchi va talabalarni paxta terimiga chiqarishning asosiy sababi bu ularning arzon ish kuchi ekanligida. Shu bois ham o`zbek paxtasining tannarxi nisbatan arzon. Boshqa bir sabab - paxta terish mashinalarining kamligidir.

Fermerlarga ko`ra terim mashinalari bo`lmagan taqdirda ham o`quvchilar o`rniga ishsiz o`tirgan aholini jalb qilish mumkin, biroq buning uchun terim haqini ko`paytirish kerak. Davlat buni istamaydi.

"Necha yillardan beri faqat dabdabali gaplar.. Mablag` yoq` deyishadi, lekin kelgan mablag'-daromad qayoqqa ketadi"? - deydi fermerlardan biri.

Ko`p hollarda paxta fermer uchun daromad keltiruvchi ekin emas, biroq hukumat va eskport bilan shug`ullanuvchi kompaniyalar uchun asosiy daromad manbalaridan.

Abdurahmon Tashanovga ko`ra paxta savdosi mamlakatdagi yopiq tizim va u bilan bog'liq ma`lumotlar sir saqlanadi.

"Bolalar termasa paxtani kim teradi? Kattalar 68 so`m uchun dalaga chiqmaydi. Hukumat bundan katta foyda ko`rayapti. Korrupsiya keng tarqalgan. Narx-savdo hech qachon ochiq aytilmaydi, yashiriladi", - deydi u.

O`zbek paxtasi jahon bozorida, xususan G`arb savdo kompaniyalari tomonidan, bolalar mehnatidan foydalanib terilgani uchun rad etila boshlagan.

XS
SM
MD
LG