Breaking News

Huquq himoyasi AQSh tashqi siyosatining bir qismi


Inson borki uzviy va fuqarolik huquqlariga ega. Ularning qanchalik hurmat qilinishi u yashayotgan jamiyatning qanchalik erkin va adolatli ekanidan darak beradi.

AQSh Kongressi Davlat departamentidan har yili jahonda inson huquqlari naqadar e'zozlanayotgani haqida hisobot berishni talab qiladi.

Turli davlatlardagi elchixonalar yordamida yig'ilgan ma'lumot tahlil qilinib, jamoatchilikka davlat kotibi tomonidan taqdim etiladi.

Bu yilgi xulosa shuki huquq jahon bo'ylab tobora noyob bir ne'matga aylanmoqda.

Davlat departamentiga ko'ra 2008 yilda Xitoyda inson huquqlari himoyasi bobida ijobiy o'zgarish kuzatilmagan. Bu mamlakatda hukumatni tanqid qilish qamoqqa tashlanish bilan barobar, deyiladi hisobotda.

Rossiyada ham fuqaro huquqlari nozik masala. Tanqidni yoqtirmaydigan amaldorlar tazyiq va bosimga zo'r beradi.

Hisobotda aytilishicha, huquq e'zozlanishi uchun tizim oshkora ishlashini ta'minlash lozim. Hukumat xalq oldidagi mas'uliyatini his etishi kerak.

Inson haq-huquqlarini, ularning hurmat qilinishini targ'ib qilish Amerika tashqi siyosatining bir qismi, deydi Xillari Klinton.

"Biz huquq nafaqat o'z zaminimizda, balki chet elda ham eng oliy darajaga qo'yilishi uchun harakat qilamiz. Boshqa davlatlar bilan aloqalarda shunga urg'u beramiz",- deydi Klinton.

Somali, Kongo Demokratik Respublikasi, Zimbabve, Shimoliy Koreya, Eron va Kuba huquq borasida eng ortda qolayotgan jamiyatlar sifatida tilga olinadi.

Markaziy Osiyo mamlakatlarining hammasi, xususan O'zbekiston inson huquqlari muntazam poymol etiladigan davlat, deyiladi hisobotda.

Huquqni e'zozlash har bir fuqarodan boshlanadi. Gap faqat hukumatlarda emas, deydi Klinton.

"Eng muhimi fuqarolik jamiyati uchun yo'l ochish. Shu bois nohukumat tashkilotlar, bizneslar, diniy yetakchilar, maktab va universitetlar, qolaversa fuqarolar bilan ishlashni yo'lga qo'yishimiz kerak. Huquqni tan olish, hurmat qilish va himoya qilishda har bir shaxs, tashkilot va davlat muhim rol o'ynaydi",- deydi Xillari Klinton.

Hisobotda Amerikadagi huquqiy ahvol ham tanqid qilingan. Jorj Bush prezidentligi davrida rasmiy ayblovsiz qamoqqa olish va hibsda saqlash hollari ko'p kuzatilgan. Insonni qadrlash huquqni qadrlashdir, deyiladi hisobotda.

Shu mavzuda

XS
SM
MD
LG