Breaking News

O'zbekistonda inson huquqlari hamon salbiy ahvolda


Freedom House, "Ozodlik uyi" xalqaro tashkilotining dunyo bo’ylab erkinlik darajasini tahlil qilgan yillik hisobotida O'zbekistonga eng past baho berilgan.

Huquq himoyasi mashg'ul yana bir tashkilot Human Rights Watch esa O'zbekistonda repressiya avjida ekanini ta'kidlaydi.

Mahalliy kuzatuvchilarga ko'ra O'zbekistonda so'z va matbuot erkinligi ayniqsa bosim ostida.

2008 yilda mustaqil jurnalist Solijon Abdurahmonov va “Mazlum” inson huquqlari tashkilotining Qoraqalpog'istondagi rahbari A'zam Turg'unov 10 yilgacha qamoq jazosiga hukm qilindi.

2008 yilda bir necha huquq himoyachilari qamoqdan ozod qilindi, biroq yana o'nlab faollar panjara ortida.

Yevropa Ittifoqi 2008 yilda O'zbekistonga nisbatan sanksiyalarini bekor qildi. Yevropa rasmiylari inson huquqlari bo'yicha o'zgarishlar kuzatilganini qayd etdi.

"Ozodlik uyi" O'zbekistonni nafaqat Mustaqil Davlatlar Hamdo'stligidagi, balki dunyodagi sanoqli repressiv davlatlardan biri sifatida qayd etadi. Tashkilot tahlilicha mamlakatda siyosiy erkinliklar tinimsiz ravishda poymol etiladi.

“Vijdon asirlarini ozod qilish” nodavlat tashkiloti rahbari Bahodir Namozov fikricha bugun O'zbekistonda siyosiy erkinlikni faqat orzu qilish mumkin.

“Siyosiy erkinlik bo'yicha biror o'zgarish sezilmaydi. Masalan siyosiy partiyami yoki harakatmi, uni tuzishga urinib ko'ring. Hech qachon ro'yxatga olinmaydi. Qancha tarafdorlaringiz bo'lishidan qat'iy nazar. Hech narsa o'zgarmaganini shundan ham ko'rish mumkin. 4-5 odam bir joyga yig'iladigan bo'lsa, darrov yugurib kelishadi”, - deydi Namozov.

Namanganlik huquq himoyachilari yaqinda viloyatda diniy e'tiqod bo'yicha tazyiqning yangi to'lqini kuzatilgani haqida xabar tarqatishdi.

Bundan sal avval Inson Huquqlari Tashabbus Guruhi rahbari Surat Ikromov Toshkentda diniy e'tiqod bo'yicha ommaviy qamashlar boshlanganini bildirgan edi.

“Yana avvalgi ssenariy, o'sha tergov... Avvalgidek soxta ayblarni qo'yib qamashlar davom etmoqda”, - deydi u.

O'zbekistonda rasman ro'yxatga olingan “Ezgulik” inson huquqlari jamiyati a'zosi Isroil Rizayev nazarida 2008 yilda huquq himoyachilariga nisbatan tazyiq biroz kamaygan.

“Solijon Abdurahmonov bilan A'zam Turg'unovni hibsga olinganini hisobga olmaganda, tazyiqlar kamaygan. Masalan "Ezgulik" jamiyati misolida aytsak, avvallari yig'ilishga qatnashish uchun Toshkentga borish ham amri mahol edi. Uyimiz doim kuzatilardi. Hozir bu holatlar bekor qilindi. Qolaversa 2008 yilda inson huquqlari bo'yicha Istanbulda o'tgan anjumanda ham qatnashib keldik”, - deydi Rizayev.

Vijdon asirlarini ozod qilish qo'mitasi bunday xulosadan yiroq.

“O'zbekistonda biron narsani tanqid qilib bo'lmaydi. Go'yo jannatda yashayotgandek. 6 dekabr kuni Bosh prokuratura oldida 10 ga yaqin huquq himoyachilari piket o'tkazishgan edi. Piketdan keyin ularni hammasini ushlab IIBga olib borishgan. O'sha yerda sud qilib, hammasi minimal oylik maoshining 10 barobar miqdorida jarimaga tortilgan. Jamoat tartibini buzganlikda ayblangan. Jizzaxda huquq himoyachisi Ziyovidin Razzaqov ishdan olindi. Inson huquqlari himoyasi bilan shu'gullangani uchun. O'tgan yil bolalar huquqi bo'yicha xalqaro bitimlar imzolandi. Lekin paxta mavsumi boshlangach, ikki hafta o'tmasdan bolalarning hammasi paxta dalalariga haydaldi”, - deydi Namozov.

Sanoqli huquq faollarining ozodlikka chiqishi vaziyatni o'zgartirmagan, deydi faollar. Qamoqda qolayotganlarning ahvoli og'ir. Jasliq qamoqxonasida saqlanayotgan shoir Yusuf Jumaning oilasi uning qiynoqqa solinganini aytmoqda. Shuningdek panjara ortidagi huquq himoyachilari Alisher Karamatov va Norboy Xoljigitovlarning salomatligi yomonlashgan.

XS
SM
MD
LG