O'zbekistonda huquq faollari qamoqda saqlanayotgan siyosiy mahbuslar ahvolidan xavotir bildirib, vaziyat og'ir ekanini aytmoqda.
Yaqinda sobiq deputat Murod Jo'rayev jazo izolyatoriga tashlangan va yaqinlari bilan uchrashuvga ruxsat berilmagan edi.
Panjara ortidagi shoir Yusuf Jumaning yaqinlari ham u bilan uchrasha olmay xunob.
Hozirda
tergov qilinayotgan va Samarqandda hibsda saqlanayotgan mustaqil jurnalist Dilmurod Sayidning
ham sog'lig'i yomonlashgani ma'lum.
Dilmurod Sayid azaldan mahalliy poliklinikada nazoratda turgan. Bu boradagi tegishli hujjatlar prokuraturaga taqdim qilingan.
"Dilmurod akaning salomatligi yomonligi haqida hamma joyga xabar berdik. Tegishli hujjatlarni topshirdik. Lekin shunga qaramasdan alohida bir yordam ko`rsatilayotgani yo`q. Murojaat qilayapmiz, lekin kafolat xati bilan garovga ham vaqtinchalik ozodlikka chiqarishga ko'nishmayapti", - deydi jurnalistning turmush o'rtog'i Barno Jumanova.
Dilmurod
Sayid Marg'uba Jumayeva ismli fuqaro tomonidan qilingan shikoyat sabab hibsga olingan edi.
Jumayeva jurnalistni pora so'raganlikda ayblagan. Lekin bu ayol keyinchalik da'volaridan qaytgan.
Mahbusning safdoshlari nazarida esa jurnalist taniqiy maqolalari uchun jazolanmoqda, xususan "Qishloq hayoti" gazetasida
e'lon qilingan materiallari yuzasidan.
"Jomboy tumanidagi jamoa xo'jaligida rais bo`lib ishlagan Saydullo Boymurodov degan odam "Dilmurod Sayid mendan 5 ming dollar so'ragan" degan ko`rsatma beribdi. Uning ko`rsatmasi mutlaqo asossiz",- deydi Barno Jumanova.
"Bu odam aslida 2004 yil chop qilingan "Ikki shikoyat izidan" degan maqolada tanqid qilingan. Turmush o'rtog'im jurnalistik tekshiruv asosida bu odamning g'ayriqonuniy ishlari haqida yozgan. Maqola bosilgach Boymurod ishdan ketgan va javobgarlikka tortilgan. Oradan besh yil o'tib, kimlarnindir qistovi yoki tuhmati tufayli bu odam erimga qarshi ko'rsatma yozib bergan",- deydi Dilmurod Sayidning rafiqasi.
Jurnalist
hibsxonadan chiqargan xatida o'ziga nisbatan ayblovlarni soxta deb atab, "tanqidiy maqolalarim uchun qasos olinayapti" degan.
Huquq himoyachilari qamoqdagi siyosiy mahbuslarga bosim kuchaymoqda deya ogohlantirmoqda.
Yaqinda sobiq deputat Murod Jo'rayev jazo kamerasiga tashlangan.
Shoir Yusuf Jumaning qarindoshlari Jasliq qamoqxonasiga ikki marta borib, mahbus bilan uchrashishga uringan. Qamoqxona ma'muriyati rad javobi bergan.
Shoirning qizi Feruza "Otamning avholi og'ir", deydi.
"O'zimizga tegishli odamlar dadamning sog'lig'i juda yomonligi haqida xabar berishmoqda. Dadam qanday jinoyat qildi-ki, bunday zo'ravonliklar ko'rsatilyapti unga"? - deya so'raydi Feruza.
Yusuf Jumaning oilasi shoir qiynoqqa solinayotgan bo'lishi mumkin deya shubhalanadi.