Breaking News

O'zbekiston saylov qonunlariga o'zgartirish kiritilgan


O’zbekistonda mustaqil tashabbus guruhlaridan parlamentga nomzodlar ko’rsatish bekor qilingan. Sharhlovchilar fikricha, mustaqil qarashga ega biror deputat Oliy Majlisga saylanishi mumkin degan so`nggi umid ham puchga chiqqan.

Bu o’zgartirishlarga muvofiq, O’zbekiston Oliy Majlisi deputatligiga faqat rasmiy partiyalardan ko’rsatilgan nomzodlar da’vo qilishi mumkin.

Ya’ni mustaqil tashabbus guruhlaridan parlamentga nomzod bo`lish imkoniyati yo’qqa chiqdi.
O’zbekiston Oliy Majlisi deputatlar sonini 120 dan 150 o’ringa ko’paytirgan; 15 tasi yaqinda tashkil etilgan O`zbekiston Ekologlari ijtimoiy harakatiga berilgan.

Jamoatchilik bu tashkilot haqida unchalik xabardor emas.

“Ularni yaxshi bilmaymiz. Ko`rganman, lekin dasturlari bilan tanish emasman”, - deydi ekologlardan biri.

Shu yilning dekabrida O’zbekistonda parlament saylovlari o`tishi kerak. Hozirgacha biror muxolif partiya ro`yxatga olinmagan, amaldagi partiyalar hukumatning “qo’g’irchoq partiyalari” deya tanilgan.

Parlamentning Qonunchilik va sud-huquq qo`mitasi raisi Nuriddin Ismoilov “Xalq so`zi” gazetasida bu tuzatishlarni izohlar ekan, tashabbus guruhlaridan nomzod ko’rsatish bekor qilingach, saylov jarayonida jinoiy guruh vakillarining mahalliychilik yoki boshqa asoslarda parlamentga kelib qolishining oldi olinadi, deydi.

Holbuki, deydi tahlilchilar, tashabbus guruhlari orqali chiqishi mumkin bo`lgan mustaqil nomzodlar oldida eshiklar yopilgan.

“Hech qanday imkoniyat qolmadi, bundan keyin faqat shu qo`g`irchoq partiyalar ish olib boradi. Xullas, Oliy Majlisda xalq dardi shu partiyalar tomonidan chiroyli qog`ozlarga o`ralgan holda aks ettiriladi”, - deydi faxriy jurnalist, O`zbekistonda xizmat ko`rsatgan madaniyat xodimi Toir Uchqunov.

Mahalliy faollardan biri Abdulla Tojiboy o`g`li kutilayotgan parlament saylovlarida tashabbus guruhi orqali ishtirok etishni ko`zlayotgan edi.

“Adolatli saylovlar uchun” jamoat tashkiloti rahbari Abdulla Tojiboy o`g’li tashkilotni ro`yxatdan o`tkazish uchun O`zbekiston Adliya vazirligiga ariza bergan, biroq hozircha biror natija yo’q.

Deputatlikni maqsad qilgan fuqarolar mavjud siyosiy partiyalarga a`zo bo`libgina, o’z maqsadiga erishishi mumkin.

Biroq siyosatda o`zgarish istagan faollar bunday imkoniyatdan foydalanishni istamaydi.
“O`tgan prezident saylovlaridagi kabi bunda ham oldindan tayinlangan nomzodlar ko`rsatiladi, o`shalar o`tadi. Shuning uchun bu qo`g`irchoq partiyalarga qo`shilib, o`zgarishga umid qilish foydasiz. Bundan biron narsaga erishib bo`lmaydi ”, - Abdulla Tojiboy o`g`li.

Oliy Majlisga mustaqil deputatlarning saylanishiga imkoniyat beruvchi boshqa bir yo’l - muxolif partiyalarning ro`yxatga olinishidir. Biroq bunga ishonch yo’q, deydi mutaxassislar.

XS
SM
MD
LG