Breaking News

Karimov jurnalistlarni ichki senzuradan qutulishga chaqirmoqda


Prezident fikricha senzurada jurnalistlar aybdor

O’zbekiston prezidentining aytishicha, matbuotdagi norasmiy senzura ortida jurnalistlarning o'zi turibdi. Islom Karimovning 27 iyun, matbuot kuni yo`llagan tabrigidan shunday xulosa qilish mumkin.

Tanqidiy maqolalari bilan jamoatchilikka tanilgan jurnalistlar qamoqda yoki quvg`inda yurgan bir paytda prezidentning bu so’zlariga munosabat turlicha. .

Ziyolilar nazarida o’zbek jurnalistikasi 1990-yillar boshida nisbatan mustaqil bo’lgan, ammo bugun matbuot organlari to'liq nazorat ostida.

Jamoatchilik bu soha xatarli va kelajagi yo’q deb hisoblaydi. Jurnalist bo’laman degan yoshlar esa ko’p o’tmay xafsalasi pir bo’lib, boshqa kasbga o’tib ketadi.

Karimov esa jurnalistlarni o'z-o'zini cheklash odatidan voz kechishga chaqirmoqda. Eski qoliplardan, erkin gapirishga halaqit beruvchi qarashlardan qutilishni maslahat bermoqda.

“Jurnalistlarga yo`llangan tabrikda har yili shunga yaqin gaplar aytiladi. Avvalo o`z-o`zini nazorat qilish degan narsa juda kulgili ekanligini aytish kerak. O`zbekistonda jurnalistlar o`zini nazorat qilmaydi, jurnalistlarni nazorat qilishadi, matbuotni ham, yozilgan maqolani ham. Tasavvur qiling, mustaqillikning ilk yillaridan boshlab hukumat jurnalistlarga nimani yozish kerakligini o`rgatib kelayotgan bo`lsa, u albatta qolipga tushadi. Agarda birorta jurnalist prezident gaplariga amal qilib, bu qolipni buzishga jur’at etsa, uning darhol “kovushini to'g'rilashadi”, - deydi mustaqil jurnalist Rahmon Berdiyev.

Gap sonda emas, sifat va mohiyatda

Rasmiy idoralar erkinlik haqida gap ketganda, asosan ommaviy axborot vositalari soni ko`payayotganini ta`kidlash bilan cheklanadi. Prezidentning jurnalistlarga yo`llagan tabrigi ham shunday. Unda ta`kidlanishicha, 15 yil avval mamlakatda 450 ta ommaviy axborot vositasi bo`lgan, hozirga kelib esa 1110 tani tashkil etmoqda. O’zbekiston prezidenti ta`kidlaganidek, mamlakatda ommaviy axborot vositalari soni shiddat bilan ko`paymoqda.

“2005 yilgacha nisbatan erkin edik. “Amerika ovozi”, “Ozodlik”, BBC bu yerda rasman ishlayotgan edi, odamlar kelib dardini aytib turardi. Bu esa hukumatga bo`lgan keskin radikal kayfiyatni oz bo`lsada so`ndirishga xizmat qilayotgan edi. Hukumat haqiqatni ochiq aytsa, janjal bo`ladi deb o`ylaydi. Aksincha, haqiqat aytilmasa, janjal chiqadi. 15 yil avval esa vaziyat mutlaqo boshqacha edi. Gazetalar chiqib turgandi. Masalan, “Advokat press” gazetasi hukumatni ochiq tanqid qilmasa ham sud-huquq tizimidagi barcha kirdikorlarni ochiq-oydin yoritayotgan edi”, -deydi mustaqil jurnalist Nosir Zokir.

Jurnalist Mamarasul Yoqubovning aytishicha esa hukumat ko'rsatadigan son va ko`rsatkichlar o'quvchilar saviyasini tushirish uchun xizmat qilmoqda.

“Hukumatga o`z mafkurasini targ`ib qilishi uchun 3-4 jiddiy gazetalar kerak. Lekin hammasi sariq matbuotga aylanib ketdi. Bugun shakllangan sariq matbuot ma`naviyat jallodiga aylangan. Yolg`on, fahsh bilan sug`orilgan maqolalar, hikoyalar. Bu gazetalar hech qachon jamiyatdagi muammolarga aralashmaydi”, - deydi jurnalist.

O'zbek matbuotida senzura rasman bekor qilinganiga bir necha yil bo'ldi, lekin bu qaror ketidan norasmiy cheklovlar yanada avj oldi. Matbuot ustidan nazorat muassis va bosh muharrirga yuklandi.

“Bugungi vaziyatdan kelib chiqib baholaydigan bo`lsak, 2000 yildagi vaziyat bir qadar yaxshi ko`rinadi. “Mohiyat”, “Hurriyat” gazetalarida qator maqolalar chop qilinayotgan edi. Hozir bu narsalarni orzu qilish ham qiyin. Bugun prezident devonida sinovdan o`tgan shaxslar bosh muharrir o`rnini egallaydi. Ular biladi nima qilishni. Shunday ekan qanday rivojlanishni kutish mumkin”? - deydi Mamarasul Yoqubov.

Prezident "so'z erkinligini kafolatlayman" deb va'da berishi kerak

So'nggi 4-5 yil ichida, deydi jurnalist Rahmon Berdiyev, matbutoda tanqidiy maqolalar deyarli chop etilmagan.

“Matbuot rivojlanishini istasa, prezident televideniyeda so'z erkinligi uchun kafolat beraman deb aytsin. Shuna maqolalar chiqadi-ki... Gazetalarda yaxshi jurnalistlar juda ko`p”, - deydi u.

Tandiqiy materiallari bilan tanilgan jurnalist Dilmurod Sayid ustidan ayni paytda sud ishi davom etmoqda. U shu yilning fevral oyida ta'magirlikda ayblanib hibsga olingan edi.

Rahmon Berdiyevning aytishicha, Dilmurod Sayid aynan Internetdagi maqolalari uchun jazolanayapti.

O`zbekiston prezidenti o'z tabrigida mamlakatda internet jurnalistika rivojlanayotganini ham alohida qayd etadi.

Rahbariyat inkor etsa-da, matbuot uning panjasi ostida

Hukumat so`z erkinligi bo’g’ilayotgani, jurnalistlarga nisbatan ta`qiblar mavjudligini inkor etib keladi.

Yaqin bir-ikki yil ichida mamlakatda bir necha ommaviy gazeta, jurnallar faoliyati to`xtatildi, tahriryat xodimlariga nisbatan ta`qiblar kuchaydi.

Shoir Yusuf Juma, mustaqil jurnalist Solijon Abdurahmonov va Dilmurod Sayidlarning hibsga olinishi ularning jurnalistik faoliyati bilan bog`liq ko`riladi.

Huquq himoyachisi Abdurahmon Tashanov nazarida hibsga olingan jurnalistlar hisobi bo`yicha O`zbekiston allaqachon mintaqaning birinchi mamlakatiga aylangan.

“So`z erkinligiga qarshi kurashgan diktatorlar qismati nima bilan tugashi aniq, bizda ham shunday bo`ladi”, - deydi Tashanov.

Mustaqil jurnalistlar fikricha, matbuot ustidan to`liq nazorat o`rnatilgan bir paytda jurnalistlarni ichki senzurada ayblash haqiqiy vaziyatdan e`tiborni chalg`itish uchun qilingan o`yinga o`xshaydi.

Shu mavzuda

XS
SM
MD
LG