Breaking News

Amerika Ovozi qurbon bo'lgan jurnalistlarni xotirlaydi


Aprel oyida Vashingtonda ochilgan Axborot muzeyi – Nyuziumda professional faoliyatini ado etayotib jahonning turli burchaklarida halok bo’lgan jurnalistlarga bag’ishlangan xotira burchagi ochilgan edi. 1,900 ga yaqin muxbirning nomlari maxsus lavhadan o’rin olgan. Unga Amerika ovozining Qirg’izistondagi muxbiri Alisher Soipov nomi ham bitilgan.

Alisher o’tgan yil 24 oktyabrida noma’lum kishilar tomonidan O’sh shahrida otib ketilgan edi. Uning qotillari hamon topilmagan.

Yaqinda Amerika Ovozida ham shunga o’xshash kichikroq xotira burchagi ochildi. Jami 10 ta jurnalist yodga olindi. Ular Amerika Ovozi yoki “Ozodlik” radiosi muxbirlari bo’lgan.

Amerika Ovozi rahbarlaridan biri Stiven Simmonzning aytishicha, so’nggi ikki yil ichida Amerika Ovozi to’rt muxbirini yo’qotdi.

"Ayrimlari ba’zi davlatlarda qamoqqa tashlangan. O’tgan hafta Turkmanistonda bir jurnalist “Ozodlik” radiosidan voz kechmagani uchun ruhiy kasalxonaga joylashtirildi," deydi Simmonz.

Xotira burchagida Markaziy Osiyodan ham ikki jurnalist bor. Alisher Soipov va 2006 yili qamoqda vafot etgan “Ozodlik” radiosining turkmanistonlik muxbiri O’g’ilsapar Murodova.

Amerika Ovozi rahbarlaridan yana biri Edvard Kaufmanning aytishicha, xotira burchagining ochilishi jurnalistika kasbining ayrim davlatlarda naqadar xavfli ekanini ko’rsatadi.

"Amerika Ovozi xabar qilayotgan davlatlarning ba’zilarida," deydi Kaufman, "hukumatlar jurnalistlarga salbiy munosabatda bo’ladi."

XS
SM
MD
LG