Breaking News

Faollar: O'zbekiston - siyosiy mahbuslar makoni


Yevropa Ittifoqi O`zbekistonga nisbatan sanksiyalarni yumshatar ekan, huquq himoyachilari Dilmurod Muhiddinov va Mamarajab Nazarov qamoqdan ozod etilgan.

Lekin huquq himoyachilari nazarida bu qarorlar bilan vaziyat yaxshilanayotgani yo’q. Chunki, deydi ular, hukumat tashqi dunyo ko'zi uchungina ayrimlarni ozod etmoqda. Lekin parda ortida tuzumni tanqid ostiga olgan fuqarolarga qarshi keskin harakatlar ketmoqda.

Dilmurod Muhiddinov 2005 yilda besh yilga, Mamarajab Nazarov esa 2006 yilda uch yarim yilga qamalgan edi.

Andijon voqealari ketidan siyosiy bosimga uchrab, ruhiy shifoxonaga joylangan jurnalist Jamshid Karimov ham Samarqandda ikki yildan beri tutqunda o’tiribdi.

Jamshid Karimov O`zbekiston prezidentining jiyani. Internetda e`lon qilingan qator tanqidiy maqolalari bilan tanilgan jurnalist.

Samarqand ruhiy kasallar shifoxonasiga qilingan murojaatga “Jamshid Karimov nomi bilan yotqizilgan bemor yo`q” degan javob olindi.

"Jamshid Karimov mustaqil jurnalist, lekin u Islom Karimovning jiyani. Keyingi paytda o`ziga nisbatan boshlangan bosimlar bois Jamshidda chet elga chiqib ketish niyati bor edi”,- deydi uning safdoshlaridan biri.

“Prezidentning yaqin qarindoshi xorijga chiqib, O`zbekistondagi vaziyat haqida to’g’risini gapirishi hukumatni qo`rqitib qo`ygan bo`lsa kerak. Jamshid esa to`griso’z va ochig`ini aytadigan odam. Shu sabab u uzoq vaqt majburan shifoxonada saqlandi”,- deydi ism-sharifi oshkor etilmasligini so’ragan muxbir.

Yaqinda yana bir faol, mustaqil jurnalist, qoraqalpog’istonlik Solijon Abdurahmonov giyohvand moddalari savdosida ayblanib 10 yilga ozodlikdan mahrum etildi.

Yevropada Xavfsizlik va Hamkorlik Tashkiloti Solijon Abdurahmonovning erkinlikka chiqarilishini so’ragan. O`zbekiston hukumati nomiga yo`llangan maktubda tashkilot Solijon Abdurahmonov aynan mustaqil jurnalist bo`lgani uchun jazolanmoqda deya e’tirof etiladi.

Ayni paytda huquq himoyachisi A`zam Turg`unov ta’magirlikda ayblanib, sud hukmini kutmoqda. Ayblov Turgunovga nisbatan 13 yillik qamoq jazosini belgilashni so`ragan.

A`zam Turg’unovning advokati Rustam Qoraboyevga ko`ra bu jinoiy ish siyosiy maqsadlarni ko’zlaydi.

“Ishning siyosiyligi sababi - A`zam Turg`unov Qoraqalpog`istonda ichki ishlar va milliy xafsizlik xodimlarini kirdikorlarini ochib tashladi. Unga nisbatan tazyiq o`tkazilidi. Qiynoq ko`rsatildi. Bulardan keyin yana uni jinoiy javobgarlikka tortish bemazagarchilikdan boshqa narsa emas. A`zam qonun ustuvorligini talab qilgani uchun qamaldi. Uning harakatida jinoyat alomati yo`q. Bu fuqarolik ishi, shunga qaramasdan prokuror 13 yil muddat so`ramoqda”, - deydi Qoraboyev.

Advokatga ko`ra Turg`unov ustidan hukm qachon chiqarilishi hozirha noma’lum.

Qaysidir siyosiy mahbus tashqi dunyo bosimi ostida ozodlikka chiqsa, boshqalar panjara ortiga tashlanmoqda, ko’p hollarda, uzoq muddatga.

Huquq himoaychilari ustidan o`tgan sudlarda kuzatuvchi sifatida qatnashgan “Birdamlik” harakatining O`zbekistondagi rahbari Dilorom Isoqova fikricha faollarga qo`yilgan ayblar mutlaqo asossiz. “Shunga qaramasdan”,- deydi u, “bu insonlarga nisbatan shavqatsiz, uzoq muddatli qamoq jazosi berilayapti”.

Ayrim jurnalist va muxolifatchilarning qamoqdan chiqarilishi esa xo’jako’rinsinga, dunyo ahlini ovutish uchun qilinayotgan qarorlar deydi huquq himoyachilari.

O’zbekiston davlat matbuotiga ko’ra esa respublikada huquq va erkinlikka nisbatan e’tibor kun sayin oshib bormoqda. Gazeta va jurnallar sahifasiga qarasangiz, O’zbekistonda fuqaro jamiyati qurilayotgani haqida iddao qilinadi.

Shu mavzuda

XS
SM
MD
LG