Breaking News

"Human Rights Watch" vakili O'zbekistondan chiqarib yuborildi


Inson huquqlari bilan shug’ullanuvchi Xyuman Rayts Uotch (Human Rights Watch) tashkilotining aytishicha, O’zbekiston hukumati Yevropa Ittifoqi talabiga zid holda guruh vakilini mamlakatdan chiqarib yuborgan. Human Rights Watch bayonotiga ko’ra, Igor Voronsovga akkreditatsiya berilmagan va O’zbekiston hukumati Voronsov mamlakatdagi islohotlarni va urf-odatlarni anglashga qodir emas degan.

Yevropa Ittifoqi O’zbekistonga qo’yilgan sanksiyalarni bekor qilish uchun tashkilot vakilini ro’yxatdan o’tkazish shartini qo’ygan. Human Rights Watch nazarida O’zbekiston Yevropa Ittifoqini mazax qilyapti va ittifoq keskin chora ko’rishi kerak.

Mahalliy huquq himoyachilari xalqaro tashkilot vakiliga ruxsat berilmagani sababini mamlakatda inson huquqlari bilan bog`liq vaziyatning og`irligida ko`rishadi.

Surat Ikromovga ko'ra Xyuman Rayts Uotch vakili akkreditatsiyani kutib ikki oy mobaynida O`zbekistonda bo`lgan va bu vaqt mobaynida puxta mutaxassis sifatida taassurot qoldirgan.

"Voronsov bilan ko`p uchrashdik, hamkorlik yuzasidan gaplashdik. U o`z ishini chuqur biladigan kuchli mutaxassis. Nega uni ro`yxatga olmaslikning professional sabablari ko`rsatilmagan?", - deya taajublanadi Surat Ikromov.

Ikromovga ko`ra rasmiy Toshkent Evropa Ittifoqi bilan muzokaralar qilayotgan bir paytda mamlakatdan inson huquqlari buzilayotgani haqida axborot chiqishini yashirishga harakat qilmoqda.

"Xyuman Rayts Uotch nufuzli tashkilot. Hamisha kuzatgan narsaini ochiq oydin gapiradi. Bu ularning kasbiy burchi, hukumatga esa shunisi yoqmaydi. Maqsad - Yevropa bilan muzokaralar jarayonida vaqtni cho`zish," - deydi Ikromov.

Huquq himoyachilariga ko`ra inson huquqlari bilan bog'liq vaziyat so`nggi paytda keskinlashgan. Ikki oy ichida ikki nafar huquq himoyachisi hibsga olindi. Pora talab qilishda ayblanib Nukusda hibsga olingan faol A`zam Turg`unovning qiynoqqa solingani haqida ma`lumotlar bor.

"Ezgulik" inson huquqlari jamiyati bayonotiga ko`ra iqtisodiy jinoyatlarda ayblanib qamoq jazosini o`tayotgan muxolifatdagi "Serquyosh O`zbekistonim" koalitsiyasi rahbari Sanjar Umarovning salomatligi qamoqda jiddiy yomonlashgan.

Yaqinda qamoqdan ozod etilgan, inson huquqlari bo`yicha xalqaro mukofot sovrindori Mo`tabar Tojiboyevaga ko`ra huquq himoyachilarini ozod etilayotgani vaziyat yaxshilanayotganidan darak bermaydi.

"Demokratiya uchun qo`yilgan bir qadam sifatida Mo`tabar Tojiboeva ozod qilindi, huquq himoyachilari buni bayram qilishga ulgurmay Solijon Abdurahmonov va A`zam Turg`unovlar hibsga olindi. Demak vaziyat o`zgarmayapti", - deydi Tojiboyeva.

Tojiboyevaga ko`ra hukumat mamlakatda qiynoqlar qo`llanilishiga barham berish maqsadida hali ish boshlamagan.

"O`zbekiston qamoqxonalarida qiynoqlar yo`q qilinmasa kerak. Sababi qiynoqlar yo`q qilindi degani butun tizim, qamoqxonadagi rahbarlardan tortib oddiy xodimlargacha yangilanish jarayonidan o`tishi kerak. Bu qiynoqlar qanchon tugashi mumkin? Qachonki xalqaro tashkilotlar faoliyatiga keng yo`l ochilsa, muassasa xodimlari, mahbuslar bilan ochiq tushuntirish ishlari yuritilsa, shundagina qiynoqlar masalasida biror ijobiy natijaga erishish mumkin", - deydi Mo`tabar Tojiboyeva.

Mahalliy faollarga ko`ra rasmiy hukumat mamlakatda inson huquqlari e'zozlanishi, huquqlar toptalmayotganini ta`kidlab keladi, biroq bu vaziyatni kuzatishi va o`z xulosalarini berishi mumkin bo`lgan tashkilot vakillarining ishlashiga esa ruxsat bermaydi.

XS
SM
MD
LG