Moliyaviy tovlamachilik va boshqa jinoiy ayblovlar bilan 10 yilga qamalgan Sanjar Umarov, muxolifatdagi “Serquyosh O'zbekistonim” koalitsiyasi asoschisi, panjara ortiga tashlanganidan to'rt yil o'tib ozodlikka chiqqan.
Ma'lumotlarga ko'ra, u 7 noyabr kuni ozod etilgan. Umarovning amnistiyaga tushgani aytilmoqda.
Muxolifatchining oilasi O'zbekiston Oliy Majlisi, xususan Senatiga uning erkinlikka chiqishida jonbozlik ko'rsatgani uchun minnatdorchilik bildirgan.
Sanjar Umarovning qarindoshi Nodira Hidoyatova so'zlariga ko'ra, Umarov ayni payda o'z uyida va avholi yaxshi.
Nodirova Hidoyatova faolning ozodlikka chiqish shartlaridan hali bexabarligini ta'kidlaydi.
“Hozir u uyida, tafsilotlar haqida hozircha bir narsa deyishim qiyin. Bu xabarni kecha eshitib, xursandchiligimizdan qanday shartlarga ko'ra chiqqanini ham so`ramabman. Har holda amnistiyaga ko`ra bo'lsa kerak”, - deydi Nodira Hidoyatova.
Uning tarafdorlari va safdoshlari fikrich esa Sanjar Umarov muxolifatdagi faoliyati, xususan Andijon fojeasidan keyin muxolifatga nisbatan boshlangan taz'yiqlar natijasida qamalgan.
Andijon voqealarida so'ng Sanjar Umarov O'zbekiston rahbari va Oliy Majlisga ochiq xat bilan murojaat qilgan edi.