O’zbekiston sudi “Serquyosh O’zbekistonim” koalitsiyasi rahbari Sanjar Umarovni iqtisodiy jinoyatlarda ayblab, deyarli 11 yillik qamoq jazosiga mahkum qildi. Muxbirimiz Liza MakAdamsning xabar berishicha, Umarovning advokatlari hukm ustidan appelyatsiya tartibida murojaat qilmoqchi. Tanqidchilar nazarida, hukm ortida siyosiy sabablar yotibdi.
Inson huquqlari bo’yicha Human Rights Watch tashkilotining Moskvadagi idorasi rahbari Ellison Gillga ko’ra, Umarovning yagona aybi – Andijonda hukumat qo’shinlarining namoyishchilarga qarshi ortiqcha kuch ishlatgani haqida ochiqdan-ochiq gapirganidir.
- O’zbekiston hukumati tanqidni ko’tara olmaydi. Inson huquqlari faollari va muxolifatchilara qarshi chora ko’ryapti. O’tgan haftada Nodira Hidoyatova, endi esa Sanjar Umarov qamoqqa tashlandi. Tuzum o’z tanqidchilarining og’zini yopayapti, deydi Human Rights Watch vakili.
O’tgan yilning dekabr oyigacha tashkilotning Toshkentdagi idorasini boshqarib kelgan Gill xonim, O’zbekistonda Andijon voqealaridan beri fuqarolik jamiyati bosim ostida, deydi.
- Hukumat mahalliy va xorijiy no-hukumat tashkilotlarni yopayapti. Muxolifatchi va inson huquqlari faollari deyarli har kuni kaltaklanadi. Sud Freedom House tashkilotini yopilsin, deya qaror chiqardi. Fikrimcha, Yevrosiyo Jamg’armasi ham yopilish arafasida.
Unga ko’ra, hukumat nazarida, xorijiy tashkilotlar boshqa davlatlarda, jumladan Qirg’izistonda siyosiy muxolifatni hokimiyat tepasiga keltirishga yordam bergan.
Muxbirimiz Liza MakAdamsning xabar berishicha, Human Rights Watch tashkiloti O’zbekiston hukumatini so’z erkinligi va odamlarning uyushish huquqini himoya qilishga chaqirib keladi. Gill xonimga ko’ra, O’zbekiston bu chaqiriqlarga javob berganicha yo’q.