Xalqaro Qizil Xoch Qo’mitasi vakillari O’zbekistondagi bir necha qamoqxonalarda bo’lib u yerdagi sharoit bilan tanishgan. Tashkilotning Toshkentdagi vakolatxonasi bildirishicha, delegatsiya tekshiruvni davom ettirayapti.
Qizil Xoch odatda o’z xulosalarini jamoatchilikka oshkor etmaydi va bu borada hukumatga tavsiyalar berish bilan cheklanadi.
Sharhlovchilar nazarida xalqaro qo’mita bilan aloqalar tiklanayotgani ijobiy hol, turmalardagi haqiqiy vaziyatni o’rganish murakkab bir jarayon.
Huquq himoyachilarining aytishicha Qizil Xoch vakillari bilan uchrashgan mahbuslarga qamoqxona rahbariyati tomonidan bosim o’tkazilayotgan bo’lishi mumkin.
Qizil Xochni O'zbekiston qamoqxonalariga kirish huquqini tiklash Yevropa Ittifoqi va rasmiy Toshkent o'rtasidagi muloqot mahsuli sifatida qaralmoqda.
Qo'mita vakolatxonasidan berilgan ma'lumotga ko'ra kuzatuvchilar hozirgacha bir nechta viloyatlarga safar qilgan. Jumladan Qoraqalpog'istondagi “Jasliq” qamoqxonasi, qiynoqlar o'chog'i sifatida tanilgan maskan va Andijondagi yopiq qamoqxona, 2005 yilning 13 mayida qozg'olon ko'tarilgan turmada ham bo'lishgan.
Tekshiruv natijalari haqida so'ralganda, jamoatchilikka axborot berilmaydi deya javob olinmoqda.
Andijon fojealaridan keyin qamoq jazosini o'tab chiqqan huquq himoyachisi Saidjahon Zaynobiddinov fikricha Qizil Xoch uchun imkoniyat yaratilgani ijobiy o'zgarish.
“Albatta foydasi bo'ladi, masalan hukumat bilan shartnoma bor. Shu shartoma borligining o'zi qamoqxonadagi vaziyatni yaxshi ushlab turishga turtki bo'ladi. Qizil Xoch qayerga borishini o'zi tanlaydi. Shuning uchun ham qamoqxonadagilar gap so'z bo'lmaydigan holatda turishga harakat qiladi. Shu tomonlardan juda yaxshi, boriga shukur”, - deydi Zaynobiddinov.
Lekin, deydi u Andijondan turib "Amerika Ovozi"ga intervyu berar ekan, bu komissiyalar ishi vaziyatni tubdan yaxshilaydi deya olmaymiz.
"O'zgarish katta bo'lmaydi. Qamoqxona tozalanishi mumkin, ovqat biroz yaxshilanishi mumkin. Lekin bu ham sezilarli emas, chunki zaxiraning o'zi kam bo'ladi. Uchrashadigan odamlarni esa tayyorlashadi. Six ham, kabob ham kuymaydigan qilib. Chunki ko'p maqtab yuborsa ham shubhali bo'ladi”, - deydi u.
Toshkentlik huquq himoyachisi Surat Ikromov esa O'zbekiston qamoqxonalarida, ayniqsa qiynoqqa tutilgan mahbuslar bilan uchrashish juda qiyin jarayon ekanini eslatadi.
“Avval qiynoqqqa uchragan mahbuslarni yashirishardi, turli koloniyalarga jo'natib, keyinchalik esa ularni qamoqxonaga borib ko'rishni mutlaqo taqiqilab qo'yishdi. Yaqinda Qizil Xoch qamoqxonalarga kirishni boshladi. Mahbuslarning yaqinlari ularga ham murojaat qilishadi, qiynoq bo'yicha. O'z navbatida ular qamoqxona boshqarmasiga murojaat qilib mahbusni ko'rishlari mumkin”.
Surat Ikromov nazarida ham bu xalqaro tashkilotga qo'yilgan taqiqilarning olib tashlangani ijobiy hol. Biroq bu bilan qiynoqlar, tazyiqlar to'xtab qolmaydi.
“Qizil Xoch hukumat bilan tuzgan shartnomasiga ko'ra xulosalarini faqat hukumatgagina bildiradi. Shunga qaramasdan nohaqlik davom etayapti. Mendagi ma'lumotlarga ko'ra, Qizil Xoch vakillari bilan uchrashgan mahbuslar keyinchalik jazo kamerasiga tashlangan, lekin hozircha qaysi mahbuslar ekanligini aytolmayman”, - deydi Ikromov.
Xalqaro Qizil Xoch Qo'mitasi O'zbekiston hukumati bilan hamkorlikda ish yuritib kelgan, biroq Andijon fojealaridan keyin G'arb va xalqaro tashkilotlar bilan aloqalar tubdan sovugan edi.
Yaqinda Yevropa Ittifoqi O'zbekiston hukumatiga nisbatan qo'yilgan sanksiyalardan mutlaqo voz kechdi. Endi esa O'zbekiston hukumatidan bu qarorga nisbatan munosib javob kutilmoqda.