Breaking News

O'zbekistonda bolalar ekspluatatsiyasi qoralanmoqda


Bugun O'zbekistonning Vashingtondagi elchixonasi yonida respublika paxta dalalarida bolalarning majburan ishlatilishiga qarshi namoyish o'tmoqda. Uni bir necha Amerika tashkiloti o'tkazmoqda. Ularning fikricha, O'zbekiston bunga doir qator xalqaro shartnomalarga a'zo bo'lishiga qaramay, bolalarning majburiy mehnatiga chek qo'ymagan.

Londonda joylashgan "Ekologik adolat uchun jamg'arma" (Environmental Justice Foundation) tashkilotining o'tgan yilgi vaziyat bo'yicha chop etilgan hisobotiga ko'ra, har kuzda paxta terimi mavsumi boshlanishi bilan yuz minglab bolalar endigina boshlangan o'qishini to'xtatib, dalalarga chiqariladi.

Bu xalqaro qonunga zid amaliyot, deydi Xalqaro mehnat huquqlari forumi (International Labor Rights Forum) tashkiloti direktori Bama Atreya.

"Bolalarni majburan ishlatish insonning asosiy huquqlariga ziddir. BMT Xalqaro mehnat tashkiloti hujjatlari va qator konvensiyalarda bu amaliyotning noqonuniyligi tilga olinadi. O'zbekiston ularning barchasiga a'zo va demakki, xalqaro majburiyatlariga sodiq qolishi, iqtisodiy faoliyatini huquqlarni poymol etmasdan, bolalarni majburan mehnatga jalb qilmasdan olib borishi lozim," deydi faol.

"Ekologik adolat uchun jamg'arma" hisobotiga ko'ra, paxta dalalariga olib chiqilgan bolalar anti-sanitariya sharoitida yashaydi. Dalaga yaqin joyda toza ichimlik suvi yo'qligi bois, kanal va ariqlarda oqayotgan suv iste'mol qilinadi. Bu esa ko'p hollarda gepatit bilan kasallanishga olib keladi. Paxta terimi uchun olingan arzimagan pulni esa bolalar sifatsiz ovqatga to'lashga majbur, deyiladi tashkilot hisobotida. Ba'zilar bu yil bolalar paxtaga olib chiqilmadi deyilsa-da, Londondagi jamg'arma rahbari Juliyet Uilyamsning aytishicha, bugungi vaziyat oldingi yillardan keskin farq qilmaydi.

"Biz turli manbalar bilan ish ko'ramiz. Bu yilgi mavsumning boshlanganiga ikki hafta bo'libdiki, bolalar yana paxta dalalariga olib chiqilgan. To'g'ri, ba'zi joylarda bu hol kamroq kuzatilmoqda, biroq umuman olganda mamlakat bo'ylab bolalarni dalada ishlatmaslik haqida qaror chiqmagan. Hukumat majburiy mehnatga qarshi milliy harakat dasturini qabul qilgan, biroq uning ijrosi oqsamoqda," deydi Uilyams.

Vashingtondagi namoyish Bolalar mehnati koalitsiyasi (Child Labor Coalition) homiyligida o'tmoqda. Unga Amerikadagi bir necha tashkilot a'zo. Namoyishda shuningdek mahalliy talabalar ham qatnashmoqda.

"Biz bu tadbir orqali AQSh fuqarolari va hukumati diqqatini O'zbekistondagi bu kabi huquq buzilishlariga jalb qilmoqchimiz. AQSh hukumati bu borada faol harakat qilishi zarur. Davlat kotibi Xillari Klinton inson huquqlari Barak Obama ma'muriyati uchun dolzarb mavzulardan biri bo'ladi degan. Biz AQShning O'zbekiston bilan munosabatlarida buning isbotini ko'rishni va muammoning muhokama etilishini istaymiz," deydi Atreya.

Namoyishda qatnashayotgan Amerika o'qituvchilari federatsiyasi (American Federation of Teachers) vakili Antonia Kortezening aytishicha, o'zbek bolalari o'qishdan qolib ketmoqda.

"O'zbekiston paxta yetishtirish bo'yicha jahonda uchinchi o'rinda ekan, kiyimlarimizning ko'pi o'quvchilar tergan paxtadan tayyorlangan bo'lishi mumkin. Biroq bu bolalar va o'qituvchilari o'qish paytida paxta dalasida emas, maktabda bo'lishi kerak. Masalaning ayanchli tomoni shundaki, ularni majburan ishlatib, foydasini davlat ko'rmoqda," deydi Antonia Korteze.

Ba'zi hisoblarga ko'ra O'zbekiston paxta savdosidan yiliga bir milliard dollarga yaqin daromad oladi. Bolalar esa kun-bo'yi dalada mehnat qilib, 2-3 dollar ishlaydi, biroq u pul ham ovqatga sarflanadi. O'zbek paxtasining bir tonnasi Liverpul paxta birjasida 1100 dollar atrofida bo'lib, bu kilosiga bir dollarga yaqin degani. Bolalarga esa kilosiga 3-6 sentdan to'lanadi, deyiladi "Ekologik adolat uchun jamg'arma" hisobotida.

11 million ishchi huquqlarini himoya qiluvchi Amerika mehnat federatsiyasi va sanoatlashgan tashkilotlar kongressi (AFL-CIO) vakili Stenli Gashekning aytishicha, namoyish O'zbekistondagi ahvol AQSh va jahon jamoatchiligi diqqat markazida ekanini ko'rsatish uchun o'tkazilmoqda.

"O'ylaymizki, matbuot xodimlari tadbirni keng yoritib, majburiy bolalar mehnati muammosini ko'tarib chiqadi. Yig'in O'zbekiston hukumatining bu boradagi siyosatini o'zgartirishga hissa qo'shadi degan umiddaman," deydi Gashek.

Ba'zilarning e'tiroz bildirishicha, bolalar mehnati muammosi G'arbda ham, Amerikada ham mavjud. Ammo, deydi Amerika xaridorlar ligasi (National Consumers League) ijrochi direktori Selli Grinberg, muammoning ko'lami turlicha.

"Amerika barkamol mamlakat emas albatta, biroq davlat O'zbekistonda bo'lgani kabi majburiy mehnatni qo'llab-quvvatlamaydi. Bizda o'ziga yarasha qonunlar bor va ularning ijrosi jiddiy nazorat etiladi," deydi Selli Grinberg.

Uning aytishicha, liga AQShdagi xaridorlarni o'zbek paxtasidan tayyorlangan mahsulotlarni sotib olmaslikka da'vat etmoqda. So'nggi bir necha yil ichida Levi's, GAP, Tesco va Walmart kabi yirik to'qimachi kompaniyalar va savdo tizimlari o'zbek to'qimachilik mahsulotlarini ishlatmaslikka va sotmaslikka qaror qilgan.

XS
SM
MD
LG