Breaking News

Bolalar ekspluatatsiyasi hamon keng tarqalgan muammo


AQSh Davlat kotibasi Xillari Klintonning aytishicha, bolalalar ekspluatatsiyasi jahon bo’ylab keng tarqalgan, ammo yechilmas muammo emas. 12 iyun - Bolalar mehnatiga qarshi kurash kuni.

Xalqaro tashkilotlar tarqatgan ma’lumotga ko’ra, bugun jahonda 215 million bola majburiy mehnatga jalb etilgan. Muammoning ashaddiy ko’rinishlariga qarshi kurash sust.

“Ularni himoya qilish, ekspluatatsiyaga chek qo’yish har bir davlat va jamiyat oldidagi asosiy vazifa. Hech bir hukumat bu muammodan xolimiz deb ayta olmaydi. Bu dunyoga kelgan har bir inson ulg’ayib, murod-maqsadiga yetishga munosib”, - deydi Xillari Klinton.

“AQSh bolalar ekspluatatsiyasini taqiqlashga doir konvensiyani bundan 10 yil oldin imzolagan. Ulardan arzon kuch sifatida foydalanish, salomatligi, xavfsizligi va ruhiyatini ezuvchi mehnat turlariga jalb etishni tugatishni maqsad qilganmiz”, - deydi AQSh bosh diplomati.

Xalqaro Mehnat Tashkilotiga ko’ra, 2004-2008 yillar orasida muammo ko’lami atigi uch foizga kamaygan, xususan 5 dan 14 yoshgacha bo’lgan bolalar orasida. 15-17 yoshdagi bolalar orasida, aksincha, ko’paygan.

Klinton deydiki, jamiyatdagi tengsizlik, savodsizlik, qonunlarga beparvolik va og’ir iqtisodiy sharoit – zamonaviy qullikka yo’l ochgan, inson savdosi va eksluatatsiyasini gurkirayotgan omillar.

O’zbekiston bolalar mehnatini taqiqlash to’g’risidagi xalqaro bitimlarni imzolagan bo’lsada, xalqaro tashkilotlar va mahalliy faollarning aytishicha, uning shartlarini bajarmayapti. Har yili paxta mavsumida maktablar yopilib, 7-15 yoshdagi bolalar dalaga chiqariladi.

XS
SM
MD
LG