Breaking News

O'zbekistonda diniy sabablar bo'yicha hibsga olishlar avjida


O'zbekistonda namozxonlarni qamoqqa olishning yangi to'lqini boshlangan. Mahalliy faollar fikricha hukumat diniy erkinlikdan o’z siyosiy maqsadlarida qo’llanishda davom etmoqda.

Toshkent shahar bosh imom xatibi Anvar qori Tursunovga qilingan suiqasd va Ichki ishlar boshqarmasi mulozimiga uyushtirilgan qotillikdan so'ng respublika bo'ylab o'nlab odamlar hibsga olingan.

Toshkent, Sirdaryo va Qashqadaryoda tergov harakatlari ketayotgani ta'kidlanmoqda.

“Yangiyer, Mirzaobod, Sirdaryo tumanlaridan, Guliston shahrini o'zidan o'nlab odamlarni olib ketishgan. 29 avgustda Toshkentda bo'lgan voqelarga, vahobiylikka, boshqa diniy tashkilotlarga aloqador degan gaplar qilishdi, biz bularga ishonmadik. Hatto tintuv haqidagi orderlarni ham ko'rsatishmagan. Tintuv bayonnomasini oldindan tayorlab qo'yishgan ekan”, - deydi sirdaryolik huquq himoyachisi Isroil Rizayev.

Sirdaryodagi faollardan yana biri Karim Bozorboyevning aytishicha hibslar bo'yicha biror ma'lumot taqdim etilmayotgani turli taxminlarni yuzaga chiqarmoqda.

“Sirdaryo tumanidan 12 kishi olib ketilgan. Shundan to'qqiztasi bizning mahalladan. Ulardan birining onasi menga murojaat qildi. Aytishiga qaraganda, namozxon yigitlar bo’lgan. Lekin ularni “Ko'kcha” dagi voqealar bilan bog’lash mumkin emas, shunchaki shov-shuv uchun deb hisoblayman”, -deydi u.

AQSh Davlat departamenti hisobotiga ko'ra O'zbekistonda diniy e'tiqod bilan bog'liq vaziyat og'irligicha qolmoqda.

Mamlakatda “Hizb- ut- Tahrir” bo'yicha qamashlar soni biroz kamaygan bo'lsada, biroq so'nggi paytda “Nurchilar” oqimiga aloqadorlikda ayblangan o'nlab odamlar panjara ortiga tashlangan.

Huquq himoyachilarining da’vo qilishicha diniy e'tiqod bo'yicha cheklov va ta'qiblar tobora ko'paymoqda. Hukumatning asossiz tayziqlari oddiy namozxonlar orasida norozilik kayfiyatini kuchaytirmoqda.

Inson huquqlari masalasi xalqaro hamjamiyat e'tiboridan ham tushib borayotgandek.

“Bir aniq qadamlar qo'yilishi kerak, delegatsiyalar kelishi kerak, AQShdan, Davlat departamenti vakillaridan. Hukumat bilan birga analiz qilishi kerak. Siyosiy kelishuv bilan bo'lsa ham inson huquqlarini yaxshilanishi uchun bir narsa qilish kerak. Departamentning shunchaki axborot vositalari uchun bergan hisoboti vaziyatga ta’sir etmaydi”, -deydi huquq himoyachisi Surat Ikromov.

Huquq himoyachilariga ko'ra so'nggi ikki- uch oyda mamlakatda yuzga yaqin kishi diniy sabablarga ko'ra hibsga olindi. Bu hibslar keying paytda kuzatilgan portlashlar, suiqasd, qotillik va otishmalar bilan bog'liq ko'riladi.

Huquq himoyachilari nazarida mamlakatda diniy ekstremizm va terrorizm tahdidi atay bo'rttirilib ko’rsatilmoqda.

“Sirdaryoda akromiylikda ayblangan yigitlar ustidan o'tgan sudda qatnashgan edik”,- deydi Isroil Rizayev.

“O'shanda advokatlar suddan iltimos qilishdi, Akrom Yo'ldoshevni “Iymonga yo'l” varaqasini bering, ayblovga qanchalik mos kelishini solishtiraylik deb, berishmadi. Sudlangan yigitlardan biri so'nggi so'zida “Mening aybim yo'q. Olloh shohid, faqat bizni qamalishimiz kimgadir kerak ekan”, dedi”.

Surat Ikromov deydiki O'zbekistonda diniy e'tiqod erkinligini siyosiy maqsadlar yo'lida ishlatish taktikasi azaldan mavjud.

“So'nggi ikki-uch oydagi voqealarni olsak ham, avvaldan nazoratda turgan odamlar ushlanib, bu jinoyatlar ularning bo'yniga qo'yilmoqda. Endi bitta guruh qilib olishmoqchi, hammasiga hozircha qasddan odam o'ldirish qo'yilgan, lekin ularni jinoyatga aloqasi borligiga ishonmayman. Bu hammasi maxsus xizmatlar tomonidan uyushtirilmoqda”, - deydi u.

Shu mavzuda

XS
SM
MD
LG