AQShda 2001 yil 11 sentyabr hujumlarining asosiy tashkilotchisi deb tilga olinayotgan Xolid Shayx Muhammad Nyu-Yorkda sudga tortiladi.
AQSh Adliya vaziri Erik Xolder Shayx Muhammad qatorida terrorizmda gumon qilinayotgan yana to’rt shaxsga o’lim jazosi so’ramoqda.
Obama ma’muriyati shu yil oxirigacha Guantanamo qamoqxonasini yopishni ko’zlar ekan, u yerdagi mahbuslar taqdirini tez orada hal qilish kerak.
Xolid Shayx Muhammad va yana to’rt ayblanuvchi avval kutilganidek harbiy tribunalda emas, Nyu-Yorkda fuqaro ishlari bo’yicha sud oldida javob beradi.
Vashingtonda o’tgan matbuot anjumanida, AQSh Adliya vaziri Erik Xolder qo’limizda ancha dalil-hujjatlar bor, Shayx Muhammad va uning safdoshlari aybdor ekanini isbotlaymiz, dedi.
“Fojiadan sakkiz yil o’tib, 11 sentyabr hujumlarida gumon qilingan bu shaxslar vanihoyat qonun oldida javob beradi. Ularni Guantanamodan Nyu-Yorkka olib kelamiz. Sud o’tishi kutilayotgan bino bir paytlar osmono’par egizak binolar qad ko’targan joyga yaqin,” - deydi Erik Xolder.
Uning aytishicha, aybdor topilgan taqdirda prokurorlar Shayx Muhammad va uning hamtovoqlariga o’lim jazosi berishni so’raydi. Shuningdek, 2002 yili Yamanda AQSh harbiy kemasini portlatganlik gumoni bilan yana 5 kishi ustidan tergov ketmoqda. Hujum 17 askarni hayotdan olib ketgan edi.
Hozirda barcha ayblanuvchilar Amerikaning Kubadagi Guantanamo bazasida saqlanmoqda. Ularning ishi avval harbiy tribunalda ham ko’rib chiqilgan, biroq mahbuslar qiynoqqa solingani ayon bo’lgach, yil boshida tergov to’xtatilgan edi.
“Aminmanki”, deydi prezident Barak Obama, “Xolid Shayx Muhammad qonun talablariga to’la rioya qilingan holda sudga tortiladi”.
2001 yil 11 sentyabrdagi qonli voqealarda deyarli 3 ming kishi halok bo’lgan edi. Nyu-yorkliklar hamon bu dahshatli kun xotiralari bilan yashaydi. Prezident Bush davrida ayblanuvchilarni harbiy tribunalga tortishga qaror qilingan edi. Ularning ishi federal sudda ko’rilishi Obama ma’muriyati uchun huquq bobida katta burilish deb ko’rilmoqda.
Xolid Shayx Muhammadning Nyu-Yorkda sud qilinishiga shahar aholisi orasida munosabat turlicha.
“Bu terroristlarni umuman Nyu-Yorkka yaqinlashtirmaslik kerak”, - deydi amerikaliklardan biri.
“Ularning ishi harbiy emas, fuqaro sudida ko’rilsa, AQShning hurmati oshadi”, - deydi bir nyu-yorklik.
“Katta xatoga yo’l qo’yilyapti. Guantanamoni yopmasdan, ularni o’sha yerda saqlash kerak”,- deydi yana bir nyu-yorklik.
“Jinoyatchi baribir jazosini tortadi”, - deydi "Amerika Ovozi"ga fikr bildirgan amerikaliklardan biri.
Barak Obama yanvar oyida ishga kirishgach Guantanamo qamog’ini bir yilda yopishga va’da bergan. Ayrim rasmiylar buni qisqa muddatda amalga oshirish qiyin bo’ladi demoqda.
Guantanamodagi mahbuslar hozirda 200 dan oshiq. AQSh 90 nafarini uchinchi davlatlarga ko’chirish arafasida. Qolganlari haqida hozircha bir narsa deyish qiyin, deydi Adliya vaziri Erik Xolder.