Breaking News

Guantanamodagi asirlar qayerda sud qilinsin: Harbiy yoki fuqarolik sudida?


Guantanamodagi asirlar qayerda sud qilinsin: Harbiy yoki fuqarolik sudida?
Guantanamodagi asirlar qayerda sud qilinsin: Harbiy yoki fuqarolik sudida?

Yaqinda AQShda tanzaniyalik Ahmad G’aylaniy terrorizm gumoni bilan sud qilinib, faqat bir band bo’yicha aybdor deb topildi.

Uning ishi fuqaro sudida ko’rildi. Hukmdan norozilar fikricha, bu kabi ishlar harbiy sudda hal qilinishi kerak.

Ahmad G’aylaniy Guantanamoda o’tirgan mahbuslardan. Boshqa tutqunlardan farqi shuki, uning ishi harbiy emas, fuqarolik sudida muhokama qilindi.

G’aylaniy 1998 yilda Tanzaniya va Keniyada AQSh elchixonalariga hujumlarda ayblanayotgan edi. Sud nazarida 280 banddan iborat ayblovning faqat biri asosli.

Ahmad G’aylaniy xuruj rejasiga aloqadorlikda aybdor deb topildi. Bu esa 20 yil qamoq degani. Lekin qotillik kabi og’ir bandlar olib tashlandi. O’shanda xuruj 224 kishini, xususan, 12 amerikalikni hayotdan olib ketgan edi.

Ahmad G’aylaniy 1998 yilda Tanzaniya va Keniyada AQSh elchixonalariga hujumlarda ayblanayotgan edi
Ahmad G’aylaniy 1998 yilda Tanzaniya va Keniyada AQSh elchixonalariga hujumlarda ayblanayotgan edi

Sud ishi tugadi, lekin bahslar avjida. Terrorizmda ayblanayotgan kishilar masalasi qayerda ko’rilishi kerak – fuqarolik yoki harbiy sudda? Obama ma’muriyati qarori bilan bu ishlar fuqarolik sudiga oshirilgan. Huquq faoli Tom Malinovskiy nazarida bu to’g’ri qaror.

“Amerika sudlari va sudyalari ishini juda puxta bajaradi. Hukm adolatli va asosli bo’lishiga shubham yo’q. Ular jiddiy yondashmoqda bu masalaga”, - deydi Malinovskiy.

Lekin huquqshunos olima Elizabet Samson bu fikrga qo’shilmaydi.

“Menimcha, harbiy sudlar bu vazifani yaxshiroq uddalaydi. Gap har holda xavfsizlik, Qo’shma Shtatlar mudofaasi haqida ketmoqda. Bu sudlar zarur tajribaga ega. Mahbusning huquqlari albatta inobatga olinadi va himoya qilinadi”, -deydi Elizabet Samson.

2001 yilda terrorchilar nishonga olgan Nyu-York shahri ahli bunga nima deydi?

“Ochig’i, juda hayron qoldim”, -deydi mana bu ayol. “11 sentabrda nima bo’lganini hamma juda yaxshi eslaydi. Og’irroq ayb qo’yishar deb o’ylagan edim”, -deydi nyu-yorklik.

“Sud xolis o’tgan va bir ayblov tasdiqlangan”, - deydi mana bu suhbatdosh. “Amerika adliya tizimiga ishonaman. Hech gumonim yo’q”, - deydi u.

“Agar faqat bir band asosli deb topilgan bo’lsa,” – deydi mana bu ayol, “demak, bor dalil shu bo’lgan. To’g’ri, odamning bir oz xafsalasi pir bo’ldi”.

Ish ko’rilar ekan, sudya asosiy guvoh ko’rsatma bermaydi deb turib oldi. Bu shaxs esa prokurorning asosiy quroli edi. Sudyaning aytishicha, G’aylaniy Gunatanamoda ayovsiz so’roq qilingan va natijada mazkur guvohning ismi ayon bo’lgan.

“Harbiy tribunal ham xuddi shunday xulosa qilishi aniq edi”, - deydi Tom Malinovskiy. “Chunki Kongress va Obama ma’muriyati harbiy komissiyalarga ko’rsatma berib qo’ygan. Unga ko’ra, qiynoqlar, kuch bilan olingan ma’lumot sudlarda qo’llanishi mumkin emas”, -deydi Malinovskiy.

Senator Jo Liberman “Amerika Ovozi” bilan intervyusida “G’aylaniyning ishi Guantanamoni yopish qaroriga halaqit berishi mumkin” deydi.

“Terrorizmga doir ishlar bundan keyin ham fuqarolik sudlariga ko’riladi, albatta. Lekin faqat onda-sonda. Masala juda murakkab, bilasiz, Qo’shma Shtatlar terrorizm bilan kurashmoqda. Bu urushda qo’lga tushganlarning joyi harbiy tribunalda”, -deydi senator.

Vakillar Palatasining bo’lg’usi spikeri Jon Beyner prezident Obamadan mavjud qoidani o’zgartirishni, bu ishlarni harbiy sudga oshirishni so’ramoqda. G’aylaniy AQSh elchixonalariga hujum yuzasidan sudlanib, qamalgan beshinchi shaxs. Qolgan to’rt nafariga umrbod qamoq jazosi berilgan.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG