Breaking News

Guantanamodagi mahbuslar Yevropada panoh topishi mumkin


AQShning Guantanamo qamoqxonasidagi mahbuslar Yevropa davlatlarida panoh topishi mumkin. Hozirda bu borada katta muzokara ketmoqda. Mahbuslar ketib, qamoq bo’shagach, Guantanamo yopiladi. Bu haqda Davlat departamenti ma’lum qilmoqda.

Hozircha hech bir davlat mahbuslarni qabul qilaman, deb va’da bermagan.

Biroq Yevropa masalaga hayrixohlik bilan yondashmoqda, Guantanamodagi 60 mahbus g’arbda qabul qilinsa ajabmas, deydi AQSh rasmiylari. Hozir turmada taxminan 250 kishi qolgan.

Ulardan biri Xolid Shayx Muhammad – 2001 yilning 11 sentyabridagi xurujlar uchun javobgar odamlardan biri deb gumon qilinadi.

Bush ma’muriyati ta’biricha, 60 mahbus AQShga ortiq xavf solmaydi va ozod bo’lishga loyiq. Biroq vatanida ta’qib va qiynoq bilan yuzlashishi mumkin. Shu bois Qo’shma Shtatlar ular uchun xavfsiz manzil topishga urinmoqda.

AQSh matbuotiga ko’ra, Yevropadagi 6 davlat yordam qo’lini cho’zishga tayyor. Davlat departamenti matbuot kotibi Shon Makkormak buni xushxabar deb atagan.

“Portugaliya bu masalada yo’lni kurab berdi, desak xato bo’lmaydi”, - deydi Makkormak. Yevropa avval Guantanamo va mahbuslarga munosabat borasida AQShni qattiq tanqid qilib kelgan. Ammo bu salbiy qarash o’zgarmoqda.

Guantanamoda terrorizm gumoni bilan qamalgan mahbuslar qiynoqqa solinib, tahqirlangani fosh bo’lgach, Qo’shma Shtatlar ancha mulzam bo’lgan edi. Dunyo davlatlari AQShning terrorizmga qarshi siyosatini qoralab, Guantanamo yopilishini talab qila boshlagan. Bush ma’muriyati bu manzilni yopishga rozi, ammo avval undagi mahbuslarni joylash kerak.

Guantanamoda hozirda 17 nafar uyg’ur saqlanmoqda. Xitoy ularni terrorizmda ayblab, qaytarishni talab qilgan. Biroq AQSh bunga ko’nmayapti va ularni boshqa xavfsiz davlatga yuborish niyatida.

XS
SM
MD
LG