Prezident Barak Obama Oq uydagi ikkinchi kunidayoq Kubaning Guantanamo bo’g’ozidagi AQShga qarashli qamoqxonani yopishga ko’rsatma bergan.
Ko’p mamlakatlar tashabbusni olqishlamoqda, biroq u yerdagi mahbuslar taqdiri – ular qayerda sudlanadi, qay davlatlarga ko’chiriladi, ayrimlariga AQShda boshpana beriladimi – bu savollarga hozircha javob yo’q.
Huquq himoyasi bilan shug’ullanuvchi Human Rights Watch tashkilotiga ko’ra, Guantanamo, Iroqdagi Abu G’arib qamoqxonasi singari tahqir va zo’ravonlik ramziga aylangan bir manzildir.
Qamoqxona yopilar ekan u yerda qolgan 245 mahbusning ishi birma-bir qayta ko’rib chiqiladi. Ammo huquq faollari nazarida ularni o’z vataniga qaytarish xavfli. Ular u yerda qiynoqqa solinishi mumkin.
AQSh Mudofaa vaziri Robert Geyts so’zlariga ko’ra, begunoh topilgan ayrim mahbuslarni Yevropa Ittifoqi davlatlarida joylashtirish masalasi muhokamada. Ammo ittifoq aniq va’dalar bermayapti.
Afg’onistonlik jurnalist, tarixchi Nabi Misdak fikricha Yevropa Ittifoqi Guantanamodan qutulishga ko’maklashishi aniq. “Prezident Obamaning Yevropada hurmati baland. Ispaniya, Germaniya, Fransiya, Italiya kabi davlatlarga murojaat qilsa”, - deydi Misdak, “mahbuslarni qabul qilishga yo’q deyishmaydi”.
Lekin Frankfurter Allgemeine Zeitung gazetasi muxbiri Matias Ruebning “Amerika Ovozi”ga aytishicha, Germaniyada mahbuslarni hech kim quchoq ochib kutib o’tirgani yo’q.
“Germaniyaning Sotsial-demokratlar va Yashillar partiyasi bir nechasiga boshpana berishga qarshi emas. Konservatorlar ikkilanib, Obama ma’muriyatidan rasmiy murojaatnomani kutaylik, bir gap bo’lar, demoqda”.
Lekin, deydi Matias Rueb, Guantanamoda 4 yil saqlanib, ozodlikka chiqarilgan Murat Kurnaz ishini bir eslang. Aslida Turkiya fuqarosi, ammo Germaniyada qonuniy yashagan bu shaxs harbiy tribunal tomonidan aybsiz topilgach, Germaniyaga qaytishiga hukumat ancha payt to’sqinlik qilgan.
“Yevropaning boshqa davlatlari, xususan Portugaliya va Fransiya AQSh so’rasa mahbuslarni qabul qilishiga ishora qilmoqda. Britaniya allaqachon bir necha kishiga boshpana berganini aytib, rad etishi mumkin”, - deydi nemis muxbiri.
Arab davlatlari Obamaning Guantanamoni yopish va’dasi ro’yobga chiqayotganidan mamnun. Qamoqdagi 245 mahbusning aksariyati, deyarli 100 nafari Yaman fuqarolari. Ular kelasi bir necha oy ichida vataniga qaytadi, biroq ahvoli nima kechadi, aytish qiyin.
“Masalan, Saudiya Arabistonida”, deya tushuntiradi arab jurnalisti Nadia Bilbassi, “odatda Guantanamodan chiqqanlar reabilitatsiyadan o’tkazilib, jamiyatning bir qismiga aylanadi. Lekin jarayon xalqaro nazoratga ochiqmi-yo’qmi noma’lum. Oq uyning bildirishicha mahbuslar faqatgina ular xavfsizligini 100 foiz kafolatlay oladigan mamlakatlarga jo’natiladi”.
Guantanamodan ozod etilganlar terrorchilar safiga qo’shiladi deb bong urayotganlar ham ko’p. Buni tasdiqlovchi ayrim dalil-raqamlar keltiriladi. AQSh Mudofaa vazirligi bergan ma’lumotga ko’ra, sobiq mahbuslarning 11 foizi jangarilar safiga qo’shilgan. Biri hatto Al-Qoida yetakchisi.
Qayd etish joiz, qamoqda o’tirganlar osonlikcha ozod etilmaydi. Aksariyatini sud kutmoqda. Muhimi, deydi mutaxassislar, ularga Amerika fuqaro sudlarida o’z haq-huquqini himoya qilish imkoni berilmoqda.