AQShning federal apellyatsiya sudi 7 yildan beri Guantanamo qamoqxonasida rasmiy ayblovsiz saqlanayotgan 17 nafar uyg'urning ishini ko'rib chiqmoqda.
Mahbuslar advokatlari apellyatsiya sudidan oktyabr oyida okrug sudining uyg'urlar bo'yicha chiqargan qarorini o'z kuchida qoldirishni so'ramoqda. Sudya Richard Urbina hukmiga ko'ra agar hukumat uyg'ur mahbuslarni dushman jangchilari deb ortiq hisoblamasa, ularni Guantanomoda ushlab turishga hojat yo'q va uyg'urlarni AQSh hududiga kirishiga ruxsat berish kerak.
Ammo Oq Uy aralashuvi tufayli ish apellyatsiya sudiga oshirildi. Hukumat ularni 2003 yildan beri dushman jangchilari deb hisoblamasada, ularning AQShga kiritilishiga qarshi.
Prokuror Sabin Villetning aytishicha, uyg'urlarni qabul qilishga rozi bo'lgan uchinchi mamlakat topilsagina, ular ozod etiladi.
Mahbuslar vatani Xitoyga jo'natilishi mumkin emas, chunki ular qiynoqlarga solinishi mumkin. 2006 yili Guantanamodagi besh nafar uyg'ur mahbus Albaniya ularni qabul qilishga rozi bo'lgandan so'ng ozodlikka chiqarilgan edi.
17 nafar uyg'urning advokati Jorj Klarkning aytishicha, Pentagon Guantanamoga o'xshagan harbiy qamoqxonalar ochib vakolatini suiste'mol qilmoqda.
"Bu orada esa mazkur uyg'urlar kabi begunoh odamlar azob chekmoqda," deydi u.
Prezidentlikka saylangan Barak Obama Guantanamodagi qamoqxonani yopishga va'da bergan.
"Demokratlar Kongressdagi ikkala palatada nazoratni va prezidentlikni qo'lga kiritgan ekan, muammoga chek qo'yish ularning zimmasiga tushdi," deydi advokat Villet.
Yana bir advokat Bet Gilson nazarida uyg'ur mahbuslar AQShning terrorga qarshi urushida yo'lga qo'yilgan xatolarini aks etadi.
"Guantanamo yopilib, boshqa joyga ko'chirilishi emas, balki bu kabi qonundan ustun turuvchi maskanlar umuman bo'lmasligi kerak," deydi u.
Uch sudyadan iborat apellyatsiya sudining qanday qaror chiqarishi hozircha noma'lum. Ulardan ikki nafari Bush ma'muriyati tomonidan, biri esa Klinton prezidentligi davrida ushbu lavozimga tayinlangan.
Xabarlarga ko'ra, Guantanamoda saqlanayotgan yana bir mahbus, Osama bin Ladenning haydovchisi Salim Hamdan qamoq jazosining qolgan muddatini o'tash uchun vatani Yamanga jo'natilmoqda.