O'zbekistonda advokatlar kasbiy imtihonlardan o`tkazilmoqda. Yangi tartibga ko’ra, sinovda yiqilgan yuristlar bu soha bilan shug`ullana olmaydi.
Bu attestatsiya sinovlarini tanqid qilib chiqayotganlar ko’p. Ularning da’vo qilishicha, attestatsiya advokatlarga nisbatan navbatdagi ma’muriy bosim.
Mutaxassislar nazarida advokatura vakolatlari birin ketin hukumat ixtiyoriga o`tmoqda va bu tizim davlat boshqaruvidagi idoralardan biriga aylangan.
27 aprel kuni Toshkent shahar advokatlari hukumat qaroriga muvofiq attestatsiya sinovidan o`tishi kerak.
“Soat 10 dan 60 kishi imtihon topshirishimiz kerak. Hozir bilmaymiz - kim bizdan imtihon oladi? Ularning bilimi biznikidan yuqorimi? Nimalarga e`tibor qaratishadi? Men, masalan, 30 yildan buyon shu sohada ishlayman”, - deydi advokat Rustam To`laganov.
Hukumat qaroriga ko`ra, advokatlar malaka tekshiruvidan o`tishganidan so`nggina, soha bilan shug’ullanishga ruxsat-litsenziya oladi.
“Litsenziya olmaganlarning ishlashiga ruxsat berilmaydi. Guvohnoma va orderni kimga berish-bermaslikni Adliya vazirligi hal qiladi. 6 oy ichida hammasi tayyor bo`lishi kerak va biz Adliya vazirligi qoshidagi tashkilotga aylanishimiz kerak”, - deydi advokat Ruhiddin Komilov.
Advokatlar malakasini tekshiruvchi komissiya Adliya vazirligi va advokatlar hay`atidan iboratligi ta`kidlanmoqda. Mamlakatda Advokatlar Palatasining tashkil etilishi, Palata rahbarining Adliya vazirligi tomonidan tayinlanishi borasida islohotlar advokatura mustaqilligini cheklash sifatida baholangan edi.
“Viloyatlarda hududiy bo`limlar boshliqlarini ham Adliya vazirligi yuborgan shaxs tayinlaydi. Demokratik prinsiplar “chap cho`ntakda qolgan”. Avval biz erkin edik, order kerak bo`lsa, order olardik. Endi raqamlangan order beradi deyishayapti. Keyin men yoki boshqa bir advokat albatta kimgadir yoqmasligim tayin. Endi bularning qo`lida richag bor. Oldin uyushma bor edi, har holda himoya qilib turardi”, - deydi Ruhiddin Komilov.
O`zbekistonda taxminan 15 mingga yaqin advokat faoliyat yuritadi. Attestatsiya sinovidan keyin advokatlar sonining birmuncha qisqarishi kutilmoqda.
Ma’lumotlarga ko`ra, imtihon ikki toifaga kiruvchi advokatlar uchun xavfli bo’lishi mumkin.
Bular - mustaqil ish ko`rishga intilayotgan advokatlar va Palata tomonidan belgilangan moliyaviy plan rejasini bajarmagan advokatlar.
“Menimcha, bo`ysunmagan, ayniqsa diniy e`tiqod bo`yicha qamalgan fuqarolarni himoya qiladigan advokatlarga ahamiyat qaratiladi. Hozir diniy e`tiqod bilan qamalganlar qamoqdan chiqarilmayapti. Attestatsiya ularni himoya qilgan yoki boshqa ma`qul bo`lmagan advokatlarning litsenziyasini olib qo`yishni maqsad qiladi. Bundan tashqari, Palata tayinlagan, har oyda 150 ming so`m to`lash planini bajara olmayotgan advokatlar ham ko`p. Ularning ham litsenziyasi olinishi mumkin”, - deydi Rustam To`laganov.
Sharhlovchilar nazarida fuqarolik jamiyatining faol qatlami hisoblanmish advokatlar ustidan nazoratni kuchaytirish mamlakatda mavjud tuzumga xos.
“Adliya vazirligi qoshida yagona bir markazlashgan advokatura idorasini yaratish nafaqat konstitutsiyaga, balki nodavalt tashkilotlar to`g’risidagi qonunga, inson huquqlari deklaratsiyasiga ham zid. Vaholanki, qonun chiqdi, bo`ysunishga majburmiz”, - deydi Ruhiddin Komilov.
Shu yilning mart oyida e`lon qilingan qarorga ko`ra, 1 iyuldan boshlab O`zbekistonda attestatsiya sinovidan o`tgan mutaxassislargina advokatlik faoliyati bilan shug’ullanishi mumkin bo`ladi.