Toshkentdan ish topish poytaxtda doimiy ro`yxatda turmagan viloyatlik fuqarolar uchun taqiqlangan. Poytaxt Toshkent esa “propiska” masalasida yopiq shahar hisoblanadi.
Biroq bu poytaxtda viloyatdan kelgan fuqarolar ishlamayapti degani emas. Ular ko`pchilikni tashkil etadi, ayniqsa, vaqtinchlaik ish qidirayotgan, viloyatlardan oqib kelayotgan mardikorlar.
Poytaxtda, ayniqsa, davlat korxonasiga ishga kirish uchun Toshkentda doimiy ro’yxatdan o’tish talab qilinadi. Ammo mutaxassilarning aytishicha, fuqaro qayerda va qaysi shaharda ishlashidan qat`iy nazar, O`zbekiston fuqarosi ekanligi haqidagi pasportning o`zi kifoya. Qonunda domiy “propiska” haqida talab yo’q. O`zbekiston fuqarosi mamlakatning istalgan joyida yashashi va ishlashi mumkin.
Advokat Ruhiddin Komilov fikricha, bu O`zbekiston Konstitusiyasida aniq ifoda etilgan. Doimiy “propiska” haqidagi talab tashkilotlarning o`zidagi qoidalar bilan bo`gliq bo`lishi mumkin. Toshkentda domiy ro’yxatdan o’tish haqida talab qo’yishga hech kimning haqqi yo’q.
Huquq himoyachisi A`zam Turg`unov ta’biricha, Toshkent shahrida ro’yxatga kiritish taqiqlanganiga qaramasdan, aslida bu tegishli odamlar uchun hamisha ochiq.
“Propiska masalasi nafaqat ish balki, o`qishga kirishda ham katta to`siq bo`lib qolmoqda. Toshkentda ro`yxatga olish taqiqlangan. Lekin eng qiziq joyi shundaki, hali ham chetdan kelganlar rosa ro`yxatdan o’tib yotibdi, ma’lum bir summani oladida, o`tkazib qoyaveradi. Bu qatlam, asosan, puli bor va qonun chiqaruvchi, uni nazorat qiluvchi kishilarga yaqin odamlar. Umuman, nega tu`gilgan shahringda doim pasportni olib yurishig kerak? Ba’zan pasport yoningda bo`lsa ham tekshirib ko`rish uchun ROVDga olib borishadi. Soatlab ushlab turishadi ”, - deydi Turg`unov.
A`zam Turg`unov viloyatdan kelganlarning Toshkent shahridan uy-joy sotib olishi mumkin emas, bu esa O`zbekiston fuqarolari huquqlarining qo`pol buzilishidir deb hisoblaydi.
Odatda viloyatdan kelgan fuqaroning poytaxtdan uy-joy sotib olishi oldi-sotti shartnomasiga ko`ra emas, balki ishonchnomaga ko`ra amalga oshiriladi.
Lekin bu shartnomaga muvofiq, viloyatlik fuqaro Toshkentda vaqtinchalik – olti oy muddat turishi mumkin. Vaqtinchalik qaydnoma bilan esa ishga olishmaydi
Muxolifatadagi “Ozod dehqonlar” partiyasi raisi Nigora Hidoyatova nazarida hatto sobiq ittifoq davrida ham pasport rejimi bu qadar keskin bo`lmagan. Sovet fuqarosi ittifoqning istalgan joyidan mulk olishi yoki ishga kirishi mumkin bo`lgan.
“Propiska tizimi yanglishmasam poraxo'rlik korrupsiya uchun imkoniyat qoldirilayapti. Bizdagi avtoritar rejim tufayli aniq bir amaldorlar qatlami hosil bo`lgan. Bu qatlam hech narsa qilmasdam xalq hisobiga yashahni xohlaydi. Agar hozir shahar atrofiga nazar tashlasangiz, ulkan imoratlar qurilmoqda. Bu imoratlar faqat hokimlarga, amaldorlarga qarashli, bunday imoratlar uchun mablag` esa xuddi propiska tizimiga o`xshah korrupsion yo`llar orqali topiladi”, - deydi Hidoyatova.
Uning so’zlariga qaraganda, bundan tashqari, “propiska” tizimi mamlakat fuqarolarini nazoratda ushlash va huquq-tartibot organlariga keng vakolat berish uchun qulay.
Ayrimlar fikricha, “propiska” tizimi Toshkentni ichki va tashqi ta’sirlardan himoyalashni ko`zda tutadi. Jumladan, viloyatlardagi ishsizlik tufayli poytaxtga pul topish ilinjida kelayotgan fuqarolardan.