Breaking News

A'zam Turg'unovning ishi sudda; tazyiqlar davom etmoqda


Nukusda muxolifatdagi "Erk" partiyasi vakili, "Mazlum" inson huquqlari tashkiloti rahbari A`zam Turg`unov ustidan sud jarayoni boshlangan.

A`zam Turg`unov ikki oycha avval pora talab qilganlikda ayblanib hibsga olingan edi.

Huquq himoyachilari mamlakatda tazyiqlar kuchaygani va mamlakat qamoqxonalaridan birida qiynoqlar tufayli yana bir mahbus vafot etgani haqida ma'lumot tarqatmoqda.

Turg`unov ustidan boshlagan sud jarayonini kuzatgan faollardan biri Dilorom Isoqovaning aytishicha:

"A`zam akani bugun sudda ko`rdik. Juda ozib ketgan, lekin ruhi tetik. Sud 15 minutlar bo`ldi, shaxsi bilan tanishildi. Keyin 4 sentyabrga qoldirildi. Men advokati bilan gaplashdim. A`zam aka tergov payti qattiq kuygan, lekin tergovchilar uni kim kuydirganidan xabarsiz", - deydi Isoqova.

Advokat Rustam Qorayevga ko`ra Turg`unovga qo`yilgan ayblarning birortasi tasdiqlanmagan. "Bu jinoiy ishning uyushtirilganiga shubha yo'q",- deydi u.

Nukusda uch oycha muqaddam narkotik moddalar saqlaganlikda ayblanib hibsga olingan huquq himoyachisi Solijon Abdurahmonov ustidan ham tergov-surishtiruv ishlari davom etmoqda. Endilikda ayblov o'zgartirilib, u qoradori sotganlikda gumon qilinmoqda.

Solijon Abdurahmonov muxbirlik bilan ham shug'ullangan. Undagi jurnalistik material va boshqa adabiyotlar musodara qilingan. Uning advokati Bahrom Abdurahmonovga ko`ra hozirda bu materiallar ekspertiza qilinmoqda.

"Ko'p narsa shu ekspertiza natijalariga bo`qliq. Hozirdan bir narsa deyish qiyin. Ingiliz tilidagi bir kitob ham chiqqan edi. Shu kitobni konstitutsiyaviy tuzumiga qarshi yoki qarshi emasligi ham o`rganib ko`rilmoqda", - deydi Bahrom Abdurahmonov.

Mahalliy faollar nazarida esa Solijon Abdurahmonov Qoraqalpog'iston Avtonom Respublikasida ter to'kayotgan so'nggi mustaqil jurnalistlardan biri edi. U organlar tomonidan aynan shu sabab nishonga olinmoqda, deydi Abdurahmonovning safdoshlari.

O`zbekiston Huquq Himoyachilari Alyansi bergan ma'lumotlarga ko'ra esa Angren shahridagi hibsxonada mart oyida vafot etgan Muzaffar To'ychiyev - qiynoqlardan o'lgan.

"Muzaffar To'ychiyevni 24 mart kuni ko`chada ushlab, Nurobod tumani ichki ishlar boshqarmasiga, keyinchalik negadir Angrendagi hibsxonaga olib borishgan. Angrenga olib borishgandan keyin 15 ga yaqin mast holdagi militsionerlar unga "ishlov beramiz" deb urib, vahshiylarcha qotillik sodir etgan. Hozirda uni urib o`ldirgan militsiya xodimlari ustidan emas, negadir uni ko`chada ushlab ketgan militsiya xodimlari ustidan jinoiy ish qo'zg'atilgan. Bu ish hali ham sudga oshirilmagan, tergov ketayapti xolos ", - deya qayd etadi alyans vakili Rasul Tojiboyev.

O'zbekistonda keyingi paytda bir necha faollar qamoqdan ozod etilganiga qaramay vaziyat hamon og'ir.

Huquq hukumat e'tiboridagi mavzulardan biriga aylangani kuzatiladi. Mamlakatda inson huquqlari bo`yicha xalqaro konvensiyaning 60 yilligiga bag'ishlangan tadbirlar o'tmoqda. Matbuotda bu haqda muntazam maqolalar chop etilmoqda.

Lekin, deydi ayrim sharhlovchilar, bu quruq targ'ibot. Tadbirlar va maqolalar inson huquqlari bilan bog'liq vaziyatni yaxshilanishi uchun emas fuqaro huquqlari tinimsiz poymol etilayotganini yashirish uchun xizmat qilmoqda.

XS
SM
MD
LG