O`zbekiston adliya tizimida shu oydan boshlab bir qator islohotlar amalga oshirildi. Chunonchi o`lim jazosi bekor qilindi, qamoqqa olish vakolati esa sudlarga topshirildi. Biroq mutaxassilarga ko`ra sud vakolatlari kengaytirilgani sud mustaqilligini ta`minlamaydi.
O`lim jazosini bekor qilish haqida farmon va qamoqqa olish sanksiyasini berish vakolatini sudga o`tkazish haqida qonun 2005 yilda qabul qilinib, O`zbekistonda amalga oshirilayotgan demokratik islohotlar namunasi sifatida talqin etib kelingan.
O`lim jazosini bekor qilish haqidagi farmon kuch kirgunga qadar o`ta og’ir holatda odam o`ldirish – genotsid va terrorchilik uchun o`lim jazosi belgilangan edi.
Endilikda o`lim jazosi umrbod va uzoq muddatli qamoq jazolariga almashtirilgan. Ayollar, 18 yoshgacha bo’lgan o’smirlar va 60 dan oshgan erkaklar umrbod qamoq jazosidan mustasno.
2005 yilda qabul qilingan farmonning 2008 yildan kuchga kirishi sud huquq tizimida qilinishi lozim bo`lgan tayyorgarlik ishlari bilan izohlangan edi.
Biroq mustaqil kuzatuvchilar o`lim jazosining aynan 2008 yilda bekor qilinishini prezident saylovlari bilan bog`lashgan.
Huquq himoyachisi Abdusalom Ergashevga ko`ra olim jazosidan voz kechish allaqachon qo`llanilishi kerak qadam edi.
“Kech bo`lsa ham hech deganlariday, bu yaxshi qadam, bir bandaning jonini boshqasi olishi eng katta adolatsizlikdir”, - deydi u.
Abdusalom Ergashevga ko`ra hibsga olish orderini sudlar vakolatiga o`tkazish kutilgan natijalarga olib kelmasligi mumkin.
“Agar sud jarayonini ham sanksiya bergan sudya, ya’ni bitta idora ko`rib chiqadigan bo`lsa, bu erda hech qanaqa adolat, o`zgarish bo`lmaydi. Boshqa davlatlarda bo’lganidek sanksiya beruvchi sudya boshqa, sud ishini ko`ruvchi sudya boshqa bo’lsa, maqsadga muvofiq bo’lar edi”, deydi Abdusalom Ergashev.
Rasmiylar qamoqqa olish sanksiyasini sudlar vakolatiga berilishini sud huquq tizimini isloh qilishdagi muhum qadam sifatida baholashmoqda.
Advokat Ruslan Boymirzayevga ko`ra kuchga kirgan yangi qonun prokuratura vakolatini oz bo`lsada cheklashi bilan e`tiborga molik.
“Avval prokurorlar xohlagancha muddat belgilar edi, endi esa bunday vakolat sudlarga o`tgan bo’lsa, sud sanksiya berayotgan paytda prokuror tomonidan ayblanuvchi fuqaro olib kelinib, haqiqatda jinoyat sodir etgan bo`lsa, uning alomatlari bormi, daliliy ashyolar taqdim etilganmi – sud sanksiya berishda bu holatlar aniqlashtiriladi, advokat bilan prokuror o`rtasida munozarani keltirib chiqaradi”, - deydi Ruslan Boymirzayev.
Advokatga ko`ra prokuratura sud hokimiyati ustidan nazorat olib boruvchi organ sifatida qolar ekan, qonun amaliyoti murakkablashadi.
“Sudga oshirilgani bilan qonuniy, konstitutsiya normalari amalga oshadi deb ayta olmayman. Buning kafolatini faqat prezident berishi kerak. Men O`zbekistonda noqonuniy qamoqqa olish uchun biror prokurorga yoki tergovchiga nisbatan jazo chorasi qo’llanganini eslay olmayman”.
Boymirzayevga ko`ra sudlar nopok prokurorning noqonuniy sanksiyasini oqlash uchun xizmat qilib kelgan.
O’zbekistonda 1 yanvardan boshlab o’lim jazosi bekor qilingani Yevropa Ittifoqi tomonidan olqishlanmoqda. Tashkilot bayonotida Markaziy Osiyodagi boshqa davlatlar ham O’zbekistondan namuna olishga chaqiriladi.