Breaking News

O'zbekistonda huquq faoli A'zam Turg'unov 10 yilga qamalgan


Qariyb uch oy ilgari pora talab qilishda ayblanib, Nukusda hibsga olingan huquq faoli, «Mazlum» inson huquqlari tashkiloti rahbari A`zam Turg`unov 10 yil qamoq jazosiga hukm qilingan.

Iqtisodiy jinoyatlarda ayblanib, 10 yarim yilga qamalgan yana bir faol, muxolifatdagi “Serquyosh O`zbekistonim” koalitsiyasi rahbari Sanjar Umarovning esa salomatligi o`ta og`irlashgani ta`kidlanmoqda.

A’zam Turg’unovning jamoatchi himoyachisi Robiya O`tamurodova so’zlariga ko`ra, sud hay’ati jarayonda keltirilgan biror dalilni inobatga olmagan.

“Qonun jihatidan aybsizligini to`liq isbotlab berdi, leikin inobatga olinmadi. 10 yil qamoq jazosi berildi. Bu umumiy koloniyami yoki qattiq tartibdagi koloniyami, hech kim e`tibor qilmayapti. Dushanba kuni sud qarorini olamiz, aniq bo`ladi”, - deydi Robiya O`tamurodova.

A’zam Turg’unovning advokati Rustam Qoraboyevning aytishicha, hukm adolatsiz, Turg’unov kasbiy faoliyati uchun jazolanmoqda.

“Birovni aldash, majburlash yoki jinoiy guruhga a’zo bo’lish, qurol ishlatish tovlamachilik bo`ladi. Bu yerda esa bunday harakatlar yo`q, faqat fuqarolik ishidan kelib chiqqan. A’zam faqat inson huquqlari himoyachisi bo`lgani uchun qamalayapti”, - deydi advokat.

Biroz avval Qoraqalpog`istonda yana bir huquq himoyachisi va jurnalist Solijon Abdurahmonov giyohvand moddalar savdosida ayblanib, 10 yilga qamalgan edi. A’zam Turg’unovga ham 10 yil qamoq jazosi belgilanmoqda.

“Qoraqalpog`istonda bo`layotgan ishlar, huquqbuzarliklar haqida jamoatchilikka ma`lumot tarqatayotgan ikki kishi bor edi. Bular Solijon Abdurahmonov va A`zam Turg`unov. Solijonga 10 yil, A’zam Turg’unovga 10 yil. Bu degani, biror “yalt” etgan, umidi bor odam bo`lsa, o`sha umidini ham o`chirsin degani. Men Turg`unov ustidan o`tgan jarayonning hammasida qatnashdim. Sinchiklab yozib bordim, aniq aytamanki, unga qo’yilgan ayblarni tasdiqlovchi birorta xatti-harakat bo`lmagan”, - deydi “Birdamlik” harakatining O`zbekistondagi rahbari Dilorom Is’hoqova.

Yaqinda huquq himoyachilari Dilmurod Muhiddinov va Mamarajab Nazarovlar qamoqdan ozod etildi, biroq qamoqdagi siyosiy mahbuslar kamayayotgani yo`q. Ma`lumotlarga ko`ra, qamoqdagi faollarga nisbatan qiynoqlar davom etmoqda. Muxolifatdagi “Serquyosh O`zbekistonim” koalitsiyasi rahbari iqtisodiy jinoyatlarda aybalanib, 10 yarim yilga qamalgan Sanjar Umarovning salomatligi og`irlashgani ta`kidlanmoqda.

“Yaqinda Sanjar Umarovning rafiqasi u bilan qamoqda uchrashdi. Sanjarning ahvoli juda yomonligiga guvoh bo`ldi. Ozib ketgan, ezilgan, gapirishi sekin, odatda, odamda ovqat yeyish refleksi bo`ladi, unda ana shu refleks ham qolmagan”, - deydi muxolifatdagi “Ozod dehqonlar” partiyasi markaziy kengashi a`zosi Bahodir Namozov.

Huquq himoyachilari A’zam Turg’unov va Solijon Abdurahmonovga nisbatan 10 yil qamoq jazosi belgilanishi Yevropa Ittifoqi va O`zbekiston o`rtasida inson huquqlari bo’yicha muloqot faollashgan bir paytda kuzatilmoqda.

“Muloqot kerak, albatta. Lekin hukumat katta bir devor bo`lsa, bu devorga boshingizni uraversangiz, eshik ochilmasa, bu muloqotning nima keragi bor?” - deydi Bahodir Namozov.

Faollarning aytishicha, bugun Yevropa Ittifoqi va O`zbekiston hukumati o’rtasida inson huquqlari bo’yicha kechayotgan muloqot samara berishi gumon.

XS
SM
MD
LG