Breaking News

Erkinlik O'zbekiston kabi jamiyatlarda hamon juda nodir ne'mat


Vashingtonda joylashgan Freedom House, Ozodlik Uyi, vakili Arch Paddingtonning izohlashicha sobiq Sovet Ittifoqi hududidagi davlatlarda vaziyat bir so’z bilan aytganda - murakkab.

Ozodlik Uyi 193 mamlakat hamda 16 strategik hududdagi vaziyatni o’rganib, ularni ozod, qisman ozod va ozod bo’lmagan jamiyatlarga ajratladi.

Rossiyada Vladimir Putin prezidentligi davridan boshlab erkinlik yo’liga qator to’siqlar qo’yilgan. Saylovlar faqat xo’ja ko’rsinga aylangan. Kreml matbuotni tamoman jilovlab olgan.

Qo’shni hukumatlar ham shu yo’sunda siyosat yuritmoqda, deydi tadqiqotchi.

Yevropada Xavfsizlik va Hamkorlik Tashkilotiga raislik qilish uchun taraddud ko’rayotgan Qozog’istonda ham, tashkilot nazarida, islohotlar ancha sust.

Qirg’izistonda esa ommaviy axborot vositalari va matbuotni cheklash harakati avjida.

Ozodlik Uyi tahlilicha Turkmaniston va O’zbekistonda ahvol tobora qiyinlashib bormoqda.

Bu davlatlarda, deyiladi tashkilot hisobotida, prezident hukumatdan ustun turadi. Parlamentlar mustaqil ish yurita olmaydi.

Haqiqiy ma’nodagi siyosiy partiyalar yo’q. Muxolifatga qarshilik kuchli va hukumatni tanqid qilgan guruh yoki partiya ro’yxatga olinmaydi.

Adliya tizimi ham mustaqil organ sifatida ishlay olmaydi.

Inson huquqlari himoyachilari tazyiq ostida. Ularning qayd etishicha qamoqxonalarda mahbuslarni qiynoqqa solish oddiy holga aylangan.

Huquqni himoya qiluvchi qonunlar bor, ammo ular faqat qog’ozda, amalda tadbiq qilinmaydi, deydi “Amerika Ovozi” bilan so’zlashgan jamoatchilik vakillari.

O’tgan yili bir necha faol qamoqdan ozod etilgani ijobiy hol, ammo bu bilan jamiyat erkinlashib qolayotgani yo’q, deydi huquq himoyachilari.

"Konstitutsiyada kafolatlansa-da, O’zbekistonda matbuot va so’z erkinligi haqida gapirish qiyin",- deydi ulardan biri.

"Demokratik jamiyat qurish matbuotga erkinlik berishdan boshlanadi", - deya ta'kidlaydi bir mahalliy jurnalist.

Matbuotni jilovlashdan maqsad, deydi sharoit bilan yaqindan tanish mutaxassislar, jamiyatda oshkoralikka yo’l qo’ymaslik. Ya’ni odamlar tanqidiy fikrlay boshlasa, hukumat buni o’ziga xavf deb biladi.

"Markaziy Osiyoda mintaqaviy barqarorlik va regional xavfsizlik yo’lida yordam taklif qilayotgan G’arb bilan aloqalar asosan rasmiy darajada va xalq ular mahsulini xalq his qilayotgani yo’q",- deydi yana bir o’zbekistonlik.

Ozodlik Uyi AQShning yangi rahbari Barak Obamani demokratiya va erkinlikni targ’ib qilishga chaqirmoqda.

Shu mavzuda

XS
SM
MD
LG