Breaking News

O'zbekiston xalqi o'z huquqini biladimi? Uni talab qila oladimi?


Jamoatchilik fikrini o`rganuvchi “Ijtimoiy fikr” markazi navbatdagi so’rov natijalarini e’lon qilgan.

Unga ko’ra, O`zbekiston prezidenti tashabbusida o`tkazilayotgan huquqiy islohotlarni 90 foiz aholi e’tirof etmoqda.

“Ijtimoiy fikr” xulosasiga muvofiq, inson huquqlari bo`yicha xalqaro deklaratsiyaning 60 yilligi munosabati bilan amalga oshirilayotgan chora-tadbirlardan aholining deyarli barcha qatlamlari xabardor, huquqiy savodxonlik oshmoqda.

Biroq tanqidchilar nazarida “Ijtimoiy fikr” markazi davlat buyurtmasini bajargan, amalda vaziyat butunlay boshqa.

So`rovda O`zbekiston prezidentining 2008 yildan boshlab kuchga kirgan “O`lim jazosini bekor qilish” va “Qamoqqa olish sanksiyasini sudlar vakolatiga o`tkazish”ga doir qarori, shuningdek, inson huquqlari bo`yicha xalqaro deklaratsiya qabul qilinganining 60 yilligi yuzasidan O`zbekistonda rejalangan tadbirlarga aholi munosabati o`rganilgan.

Xulosa esa shunday: so`rovda qatnashganlarning 90 foizdan ko’pi prezident qarorlarining inson huquqlarini ta`minlashda muhim ahamiyat kasb etishini e`tirof etgan.

“Ijtimoiy fikr”ga ko`ra, aholining xalqaro huquq borasidagi xabardorligi oshmoqda, inson huquqlari deklaratsiyasi munosabati bilan o`tkazilayotgan chora-tadbirlardan 97 foiz aholi xabardor, kamida 50 foiz aholi esa inson huquqlari deklaratsiyasi matni bilan tanish.

Huquq himoyachilari markaz xulosalarini yolg’on deb baholamoqda.

Inson huquqlari tashabbus guruhi rahbari Surat Ikromovning aytishicha, qamoqqa olish sanksiyasining sudlar vakolatiga o`tishi amaldagi tajribani o`zgartirmagan.

“Odamlarga biror ayb qo`ymasdan, sudyaga olib kirishadi, sudya ularni biror aybi bo`lmasada ma`muriy javobgarlikka tortib, 10-15 kunlik qamoqqa hukm qiladi. Albatta, sudya bunday qarorni Milliy Xavfsizlik Xizmati yoki Ichki Ishlar Vazirligi bosimi ostida qabul qiladi. Hibsxonada ularga nisbatan jinoiy ish qo`zg`atish uchun qiynoq qo`llanadi”, - deydi Ikromov.

Uning aytishicha, o`lim jazosi haqidagi qaror ijobiy, samarali. Sud mustaqilligi ta`minlanmagan mamlakatda begunoh odamlarning o`limga hukm qilinish ehtimoli kuchli.

Ijtimoiy markaz aholining huquqiy savodxonligi, jumladan, xalqaro huquq normalaridan xabardorlik o`smoqda deya xulosa qiladi.

“Xalqaro qonunlarga ko`ra ko`rilsin, desangiz sudya, prokurorning o`zi hech narsani tushunmasa, oddiy aholi haqida nima deyish mumkin? Masalan, uyiga militsiya kirib kelayapti--qonunga ko`ra mumkin emas! Nima qilishsa qilishayapti, oddiy odamlar, xalq bilmaydi o`z huquqini. Bu narsalar hatto oliygohlarda o`tilmasa, qanday qilib oddiy aholi bilishi mumkin. Shuning o`zi “Ijtimoiy fikr” xulosasining yolg`onligini ko`rsatadi ”, - deydi Surat Ikromov.

Qiynoqlarga tezkor javob berish guruhining analitik-tahlil markazi vakili Suhrob Ismoilov fikriga ko`ra, keyingi paytda o`zbek matbuot inson huquqlari mavzusiga ko’proq o`rin bermoqda, biroq bunday targ`ibot aholiga yetib bormaydi, maqsadga erishish uchun mamlakatda inson huquqlari buzilayotganini ko`rsatish kerak.

“Faqat shundagina jmiyatda, har bir fuqaroda inson huquqlariga, erkinligiga munosabati o`zgarib boradi. Targ`ibotning faqat yaxshi tomonlarni ko`rsatish bilan olib borib bo`lmaydi”, - deydi u.

Suhrob Ismoilov so’zlariga ko`ra, “Ijtimoiy fikr” markazining huquqiy faollik haqidagi xuloslari shubhali, O`zbekistonda teskari jaryon kuzatiladi.

“O`z huquqlarini talab qilish madaniyati shakllanmagan, odamlar ziddiyatga borishdan ko`ra aylanib o`tishni afzal biladi. O`z haqini talab qilayotgan kishilar nafaqat davlat idoralari bosimiga uchrashi, balki atrofdagilar, jamiyat tomonidan ham qoralanishi tufayli ziddiyatga borishni xohlashmaydi, boshqa yo`llar qidiradi”, - deydi Ismoilov.

Sharhlovchilar ta’biricha, “Ijtimoiy fikr” markazi haqiqy vaziyatni ko`rsatish uchun emas, davlat buyurtmasini bajarish uchun so’riv o’tkazgan.

XS
SM
MD
LG