AQShda Barak Obamaning prezidentlikka saylanishi O`zbekistonda iliq kutib olingan edi.
Inson huquqlari faollari va demokratiya talabi bilan chiqayotgan guruhlar Obama O’zbekiston bilan aloqalarda erkinlik va islohotlarga katta urg’u beradi degan umidda.
Ammo ziyolilar fikricha, yaqin kelajakda AQSh tashqi siyosatida, qolaversa mintaqaga nisbatan munosabatida keskin o`zgarishlar bo’lmasligi mumkin.
Obama prezident sifatidagi birinchi rasmiy nutqida tashqi siyosatga alohida to'xtalishi kutilmoqda. Sharhlovchilar nazarida uning nima deyishi dunyo siyosatiga ta'sir etmay qolmaydi.
2008 yilda Vashington-Toshkent aloqalari biroz tiklangandek bo'ldi. Hokimyat Obamaga o'tgach aloqalar qanday yo'sinda rivojlanishi hozircha mavhum.
"XXI asr" gazetasi siyosiy sharhlovchisi Abduvali Soyibnazarov fikricha Obama tashqi siyosatda diplomatiyaga zo'r beradi.
"Biroq keyingi voqealar Pentagon rahbarligiga Robert Geytsning qoldirilishi, davlat kotibligiga Iroqdagi urush tarafdori bo'lgan Xillari Klinton nomzodi ko'rsatilishi siyosatda uncha katta o'zgarishlar bo'lmasligidan dalolat bermoqda", - deydi Soyibnazarov.
Huquq faollari esa Obama Jorj Bush ma`muriyatidan farqli o'laroq demokratik qadriyatlar yuzasidan faol harakat boshlaydi degan umidda.
"Obama O'zbekiston bilan munosabatni yaxshi tarafga o'zgartirishi mumkin, ayniqsa xalqaro tashkilotlar tomonidan inson huquqlari bo'yicha ko'tarilayotgan dolzarb muammolarni kun tartibiga qo'yib ishlasa kerak", -deydi Inson huquqlari tashabbus guruhi rahbari Surat Ikromov.
Huquq himoyachisi Bobomurod Razzoqov fikricha Barak Obama yangi siyosat va'da qilgan va shu bois ham saylovda g'alaba qozongan.
"Obama avvalgi prezidentning xatolarini takrorlamasa kerak. Inson huquqlariga jiddiy e'tibor qaratsa kerak. Avvalgi prezidentning bu boradagi siyosati juda kulgili avholga kelib qolgan edi. Yangi prezident AQSh siyosatini bunday avholdan qutqarsa kerak", - deydi Razzoqov.
O'zbek muxolifati vakillari orasida ham Obama O'zbekistonda siyosiy erkinlik va demokratik islohotlar bobida ko'maklashadi degan umid bor.
"Demokratlar respublikachilarga qaraganda bu masalaga ko'proq ahamyat qaratadi. Ular kelgandan keyin o'zaro aloqalar mustahkamlanib, yaqin kelajakda muxolif partiyalarga ham yo`l berilishi mumkin", - deya fikrlaydi "Birlik" partiyasini vakili Hamdam Sulaymon.
"Erk" partiyasi Bosh kotibi Otanazar Oripov ta'biricha Obama ma'muriyati demokratiya targ'ibotiga uncha e'tibor bermasligi mumkin.
"Katta o'zgarish kutayotganimiz yo'q. Yangi ma'muriyat Iroqdan ko'ra Afg'onistonga ko'proq ahamyat berishi, bu Amerika xavfsizligi uchun muhimligi haqida gapirmoqda. Albatta, O'zbekiston bilan aloqalarni rivojlantirish harakati bo'ladi. Hozir bu sezilayapti. O'zbekiston ham manfaatdor... Lekin bu aloqalar biror natijaga olib kelishi qiyin. Demokraiya bosh masala emas ekan, demak, munosabatlar avvalgidek AQSh manfaatlari ko'zlaydi xolos", - deydi Oripov.
Hamdam Sulaymon tahlilicha AQSh-O'zbekiston munosabatlarida Afg'oniston avvaldan muhim rol o'ynab kelgan va istak bo'lganda, demokratiya bo'yicha ham o'zgarishlar kuzatilgan.
"Bu masala AQSh bilan aloqalarning qanchalik qalin bo'lishiga bog`liq. AQSh O'zbekistonga demokratiya talabini qo'yganini bilamiz. Ayrim o'zgarishlar ham kuzatilgan", - deydi u.
Siyosatshunos Komron Aliyev nazarida esa demokratlar odatda takliflar bilan cheklanadi. Demokratik chaqiriqlar - yumshoq siyosat, shu sabab ko'p davlatlar tomonidan qabul qilinmaydi, deydi u.
Tahlilchi Farxod Tolipov ham Obama tashqi siyosatda keskin o'zgarishlar qilmaydi degan fikrda.
Barak Obama Markaziy Osiyodagi ahvol va mavjud aloqalar yuzasidan hali biror mulohaza bildirmagan.