Breaking News

"Demokratiyaga quchoq ochmagan jamiyat barqaror bo'lmaydi"


AQSh Davlat kotibasi Kondoliza Rays (Condoleezza Rice) shu kunlarda transformatsion diplomatiya haqida ko’p gapiradi. Uning ta’biricha, transformatsion diplomatiya xalqni, hukumatni, qolaversa, xalqaro hamjamiyat a’zolarini bir-biriga yaqinlashtiruvchi diplomatiyadir. Oddiy qilib aytganda, diplomatlar shu davrgacha bog’bon bo’lgan bo’lsalar, endi ular bog’ning shaklini o’zgartirishga kirishishlari lozim, deydi AQSh tashqi siyosati uchun javobgar Kondoliza Rays.

Amerika Ovozi Rays xonimning Yevropa va Yevrosiyo masalalari bo’yicha muovin yordamchisi Metyu Brayza (Matthew Bryza) bilan suhbatda bo’larkan, AQSh Markaziy Osiyoga nisbatan bu kabi yangi turdagi diplomatiyani qay tarzda olib bormoqchi, so’radi.

Brayza: "Markaziy Osiyo AQSh transformatsion diplomatiyasining ilk natijasini ko’rish arafasida. Birinchidan, mintaqada diplomatlarimiz sonini ko’paytirmoqchimiz. AQSh Markaziy Osiyoda uch strategik maqsadga ega: mintaqaviy iqtisodiy hamkorlikni yo’lga qo’yish va energetika sohasini rivojlantirish; xavfsizlik bobida hamkorlik qilish, qurollarni yoymaslik, terrorga qarshi kurash va qora dori savdosiga barham berish. Uchinchi maqsad esa mintaqani siyosiy va iqtisodiy islohotlar orqali erkin va demokratik jamiyatlarga aylantirish. Bunga erishish uchun esa AQSh Markaziy Osiyoda ko’proq diplomatlarga ega bo’lishi lozim. Yonilg’i ishlab chiqarishni kengaytirish, uni Kaspiy dengizi orqali Yevropaga sotishni yo’lga qo’yishda yordam bermoqchimiz. Qirg’iziston va Qozog’iston kabi davlatlarda olib borilayotgan islohotlarning jadallashishini istaymiz."

Amerika Ovozi: O’zbekistondachi? Karimov rejimi AQShdan tobora uzoqlashib borayotgan bir paytda, O’zbekistonda AQShga qarshi targ’ibot kuchaymoqda. Vashingtonning Toshkent bilan til topishish uchun biror aniq strategiyasi bormi?

Brayza: Albatta, bu borada strategiyamiz bor. Borligi uchun ham men kabilarning ishi ko’p.

Amerika Ovozi: Tog’ri, ammo AQSh O’zbekistonda demokratik islohotlarning ro’y berishi uchun biror bosim vositasiga egami?

Brayza: "Juda muhim bir savol berdingiz. Bilasizmi, biz aslida buni bosim vositasi deyishni xohlamasak-da, unga shunday deb qarashga majburmiz. Biz bosimni chetga surib, butun Markaziy Osiyo xalqlari va hukumati bilan hamkorlikni yo’lga qo’yishni istardik. Biz O’zbekistonda iqtisodiy hamkorlik bobida ko’p ishlarni amalga oshirmaganmiz, chunki Karimov hukumati bu borada o’z tamoyiliga ega ekanini bildirgan. Xavfsizlik bobida esa, to’g’ri, Xonobod bazasidan chiqib ketdik. Ammo terrorga qarshi urushda bir dushmanga egamiz. Ekstremistik kuchlarga qarshi urushdan manfaatdormiz. Demokratiya va inson huquqlari bobida esa turlicha fikrga egamiz. Vaziyatni o’zgartirish prezident Karimovning qo’lida. Xavfsizlikning kaliti bo’lmish barqarorlik faqatgina qonun ustuvorligi orqali vujudga keladi, qonun ustuvorligi esa faqat demokratiya orqali vujudga keladi. Shu bois biz bosim vositalarini ro’kach qilmasdan, Karimov rejimiga, siyosiy barqarorlik va xavfsizlikni ta’minlash uchun demokratik siljishlar qilmoq zarur deb tushuntirishga urinyapmiz. Biz O'zbekistonda fuqaro jamiyati bizning talabimiz bilan vujudga kelsin, demayapmiz. Fuqaro jamiyati har bir mamlakatda o'sha xalq madaniyati va an'analari asosida barpo etiladi."

Amerika Ovozi: O’zbekistonda AQSh tomonidan moliyalangan tashkilotlar soni keskin kamaygan. Inson huquqlari va demokratik taraqqiyotni targ’ib etuvchi Freedom House tashkiloti mamlakat qonunlarini buzganlikda ayblanmoqda... Yuqoridagi fikringiz bilan AQSh moliyalayotgan tashkilotlar ham mamlakatdan chiqib ketsa bo’laveradi, demoqchimisiz?

Brayza: "Biz Freedom House kabi nohukumat tashkilotlarining ishdan to’xtatilishi va yopilishi xato deb hisoblaymiz. Buni eshitib, juda ranjidik. Qizig’i shundaki, Freedom House O’zbekiston hukumati bilan ishlashga urinayotgani uchun ham ko’plab boshqa tashkilotlarning tanqidiga uchrab kelayotgan edi. O’zbekiston hukumati bu tashkilotni yopib, nafaqat demokratik taraqqiyot uchun yo’q deyapti, balki unga bu borada yordam qo’lini cho’zayotgan tashkilotga eshigini yopmoqda."

Amerika Ovozi: Janob Brayza, Markaziy Osiyodagi hozirgi vaziyatdan kelib chiqqan holda, qaysi mamlakat AQShning eng yaqin hamkori degan bo’lardingiz?

Brayza: "Juda qiyin savol, Navbahor. Bir mamlakatni ko’rsata olmasamda, ba’zi ijobiy hollarni aytib o’tish joiz. Qozog’istondagi saylovda xatolarga yo’l qo’yilgan bo’lsa-da, mamlakatda siyosiy-iqtisodiy islohotlar boshlangan, va biz prezident Nazarboyevni ularni oxirigacha olib borishga chaqiramiz. Nazarboyev 2009 yilda Qozog’iston Yevropada Xavfsizlik va Hamkorlik Tashkiloti raisi bo’ladi deb maqsad qilmoqda. Biz bu maqsadni olqishlaymiz, ammo bu boradagi shartlar bajarilmasa bo’lmaydi. Qirg’iziston o’zbekistonlik qochqinlarni qiynoqqa solinishi mumkin bo’lgan O’zbekistonga jo’natmay, o’z xalqaro majburiyatlarini bajaryapti. Umid qilamizki, Qirg’iziston qolgan to’rt qochqinni ham vataniga qaytarmaydi."

Amerika Ovozi: Janob Brayza, yaqinda Turkmanistonga borib keldingiz. AQSh rasmiylari anchadan beri Ashgabat bilan yaqindan muloqot qilmagan edi. Amerika Niyozov bilan ham til topishishga urinyaptimi?

Brayza: "Men Ashgabatga qilgan safarimga radikal o’zgarish deb qaramagan bo’lardim. AQSh Markaziy Osiyoda hali aytganimdek uch muhim maqsadga ega, va bu maqsadlarni mintaqaning har bir davlati bilan amalga oshirishni istaymiz. Maqsadga erishish uchun esa demokratiya, bozor iqtisodiyoti va inson huquqlari bobida qattiq ishlamasak bo’lmaydi. Demokratiya va huquq borasida til topisha olmasak-da, energetika va xavfsizlik borasida hamkorlik qilyapmiz. Safarim Markaziy Osiyo tabiiy gazini Yevropaga chiqarish masalasi bilan bog’liq edi."

Amerika Ovozi: O’zbekistonga qaytsak... Janob Brayza, siz Markaziy Osiyoni egallash uchun buyuk o’yin ketayapti, degan fikrlarga qo’shilmay kelasiz. Ammo rasmiy Toshkentning Rossiya va Xitoy bilan yaqinlashuvi uning Vashington bilan aloqalariga salbiy ta’sir ko’rsatib kelmoqda, shunday emasmi?

Brayza: "Hayron bo’lishingiz mumkin, ammo, yo’q, bu yerda hech qanday buyuk o’yin ketayotgani yo’q, bizningcha. Bizning hukumatimiz o’z strategik maqsadiga ega. Ko’p jihatdan maqsadimizga Xitoy va Rossiya bilan hamkorlikda erishsa bo’ladi, jumladan terrorga qarshi urush, xavfsizlik, sarmoya va iqtisodiy hamkorlik bobida. Bu juda yaxshi. AQShning ezgu niyati ham shu. Ammo Rossiya yoki Xitoy bizning harakatlarimizdan norozi bo’lsa, bu bilan maqsadimiz o’zgarib qolmaydi. Biz o’z manfaatlarimiz yo’lida oldinga intilaveramiz. Bunda o’z hamkorlarimizga ham egamiz. Shu bois bu yerda o’yinga hojat yo’q. Boshqa davlatlar bunga buyuk o’yin sifatida qarashlari mumkin, lekin biz emas."

Amerika Ovozi: Sizga suhbat uchun katta rahmat.

Brayza: Bag'oyat minnatdorman.

XS
SM
MD
LG