Breaking News

AQSh Qozog'istondan islohotlar kutmoqda


Qozog’iston 2010 yilda Yevropada Xavfsizlik va Hamkorlik tashkilotiga raislik qilishi kutilmoqda. Qo’shma Shtatlar Qozog’iston islohot yo’lidan boradi deya mamlakat nomzodini qo’llab-quvvatlagan.

AQShning Markaziy Osiyo bo’yicha bosh diplomati Richard Baucher so’zlariga ko’ra, mintaqa davlatlari mustaqillikka erishganidan beri Qo’shma Shtatlar ularni demokratiya va bozor islohotiga da’vat etib keladi.

“Maqsad - suveren, barqaror va bir-biriga hamkor demokratik jamiyatlarni shakllantirish”, - deydi Baucher.

Qozog’iston Yevropada Xavfsizlik va Hamkorlik tashkilotini boshqarishi kutilayotgan ilk sobiq sovet davlati. 56 a’zoli tashkilot 1970-yillarda, sharq-u g’arb orasida muloqotni yo’lga qo’yish maqsadida tuzilgan. A’zo mamlakatlarda mojarolarning oldini olish, tiklanish, islohotlar va inson huquqlari dasturlarini yuritadi.

AQSh diplomati Richard Baucher Qozog’iston jamiyati demokratiya tomon ildamroq qadam tashlashi kerak demoqda. Uning qayd etishicha fuqaro jamiyati tashkilotlari va mustaqil axborot vositalariga yo’l ochish, hukumat nazoratini susaytirish lozim.

Qozog’iston saylov jarayonini erkinlashtirishga, yangi siyosiy partiyalarni ro’yxatga olishni osonlashtirishga va’da bergan. Shuningdek, Yevropada Xavfsizlik va Hamkorlik tashkilotining demokratik institutlar va inson huquqlari missiyasini qo’llab-quvvatlashga so’z bergan.

“Demak, yil oxirigacha qilinadigan ishlar ko’p”, - deydi AQSh rasmiysi.

Qo’shma Shtatlar Qozog’istonga bu va’dalarni amalga oshirishga yordam bermoqchi. Toki Qozog’iston mustaqil, demokratik hamda mintaqada yetakchi va yo’lboshchi davlatga aylansin, deydi AQSh Davlat kotibi muovini Richard Baucher.

XS
SM
MD
LG