Breaking News

AQSh O'zbekiston bilan aloqalar olg'a siljimayotganidan afsusda


AQSh diplomatlarining aytishicha, Vashington rasmiy Toshkent bilan ochiq, amaliy muloqotga tayyor.

O’zbekiston nazarida esa AQSh o’z siyosiy qarashlarini zo’rlab o’tkazishga urinmoqda. AQSh fikricha O’zbekiston hukumatining repressiv siyosati jamiyatni yemirib, beqarorlikka zamin yaratadi.

"Elchixonalar bilan aloqa yaxshi",- deydi AQSh Davlat kotibining Janubiy va Markaziy Osiyo masalalari bo'yicha muovini Richard Baucher (Richard Boucher).

"Ammo O’zbekistonda dasturlarni amalga oshirish hamon qiyin. Prezident Karimov bilan birga ishlashga kelishib olgandik – xavfsizlik, ta’lim, ijtimoiy taraqqiyot, narkotiklarga qarshi kurash sohalarida. Biroq bularning aksariyati so’zda qoldi".

O’zbekiston prezidenti Islom Karimovning ikkinchi yetti yillik vakolat muddati 22 yanvar kuni tugagan. AQSh O’zbekistonda saylovlar bo’ladi va o’zgarishlarga yo’l ochiladi degan umidda. Ammo hozircha haqiqiy saylovga tayyorgarlik ketayotgani ko’rinmayapti, deydi Richard Baucher.

"Saylov degani byulleten qutisiga qog’oz tashlash emas, balki xalqqa tanlash huquqini berish, fikr almashish, g’oyalar to’qnashuviga yo’l ochish degani. Chin saylov alomatlari ko’rinmas ekan, hozircha izohga hojat yo’q",- deydi Baucher.

Amerika uchun Markaziy Osiyo shunchaki xalqaro raqobat markazi emas. Mintaqa davlatlari kuchli hamkor bo’la olsin, deydi AQShning mintaqa bo’yicha bosh diplomati.

"Biz Markaziy Osiyoda o’yin o’ynamayapmiz. Mintaqa xalqlari hayoti yaxshilansin deymiz, mustaqilligi mustahkamlansin, huquqlari hurmat qilinsin deymiz. Maqsadga erishish uchun Rossiya bilan ta’lim, qonun ustivorligi, qoradori savdosiga qarshi kurash va xavfsizlik bobida hamkorlik qilmoqchimiz",- deydi AQSh diplomati.

AQSh - Rossiya hamkorligida Markaziy Osiyoda qilinadigan ishlar talaygina, deydi Baucher.

XS
SM
MD
LG