Breaking News

AQSh Yevropa sanksiya ijrosini oxirigacha yetkazadi degan umidda


Yevropa Ittifoqi uzoq muzokara ketidan O’zbekistonga Andijon voqealaridan so’ng qo’yilgan sanksiyani kuchda qoldirdi.

A’zo davlatlarning O’zbekistonga qurol-aslaha sotishi bir yilga man etiladi va Andijondagi namoyishlarni qurol bilan bostirilishida qo’li borligida gumon qilingan 12 sobiq va amaldagi rasmiy Yevropa Ittifoqi hududiga kira olmaydi.

O’zbekistonni 2005 yilning 13 mayida nima bo’lgani ustidan mustaqil xalqaro tergov boshlashga chaqirib kelayotgan AQSh Yevropa qaroridan mamnun.

Biroq AQSh sanksiyalarning konkret natija bermaganini tan oladi. Yevropada Xavfsizlik va Hamkorlik bo’yicha AQSh komissiyasi, qisqacha Xelsinki komissiyasi vakili Noks Teymsning aytishicha, O’zbekistonga berilgan uch oylik sinov muddati Islom Karimov rejimi uchun katta imkoniyat.

“Biz O’zbekistondan huquq va Andijon voqealari borasida ochiq muloqot kutamiz. Ikki muhim savol tug’iladi: xo’sh, Yevropa Ittifoqi O’zbekistondagi huquq ahvolidan haqiqatdan ham tashvishdami? Yoki fursatdan foydalanib, iqtisodiy foyda ketidan chopyatimi? Iqtisodiy rishtalarni tiklamoqchimi”?- deydi AQSh rasmiysi.

Ittifoq raisligini qo’lga olayotgan Germaniya O’zbekiston tabiiy gaziga katta qiziqish bilan qaraydi. AQSh nazarida sanksiya ijrosini oxirigacha yetkazish Yevropa Ittifoqi uchun, uning inson huquqlari himoyasi borasidagi majburiyatlari yuzasidan katta sinov.

AQSh qonunchilari ham Yevropa singari sanksiya qo’yish taklifi bilan chiqqan edi, lekin qabul qilinmadi.

Markaziy Osiyoda Demokratiya va Inson Huquqlari Targ’iboti bo’yicha 2006 yil Akti deb atalgan, respublikachi senator Jon Makkeyn va respublikachi kongressmen Kris Smit olg’a surgan qonun loyihasi hali muhokamaga qo’yilmagan.

Kongressdagi tub o’zgarish ketidan, yangi Vakillar Palatasi va Senat sessiyasi boshlanmaguncha ko’rib chiqilishi amri mahol, deydi bu qonun loyihasi bilan yaqindan tanish, uning mualliflariga maslahat bergan Noks Teyms.

"O'zbekiston alohida tashvishga molik davlat"

Vashington shu kunlarda O’zbekistonni dunyoda alohida tashvishga molik davlatlar qatoriga qo’shdi.

Bu O’zbekistonda diniy erkinlik xavf ostida ekani bilan bog’liq; maqomga aslida Turkmaniston ko’rilayotgan edi, deydi Xelsinki komissiyasi vakili Teyms.

“Biroq o’tgan yildan beri Turkmaniston sal bo’lsa-da, ozchilikdagi diniy guruhlarga erkinlik bera boshladi. O’zbekistonda esa buning aksi kuzatilmoqda, ayniqsa Andijon voqealaridan beri”, - deydi Noks Teyms.

AQShning alohida tashvishga molik davlat degan maqomi O’zbekiston uchun nimani anglatadi?

“Hurmat va izzat”,- deydi Xelsinki komissiyasi vakili. “O’zbekiston endi dunyoning eng qahrli va zulmkor hukumatlari qatorida. Sobiq Sovet davlatlaridan hali hech biri bu ro’yxatga kirmagan. O’zbekiston xalqaro hamjamiyat ko’zida endi e’tiqod erkinligini eng dahshatli tarzda buzayotgan hukumatlardan biri”, - deya qo’shadi Noks Teyms.

O’zbekiston Yevropa Ittifoqi sanksiyalari va AQShning unga bergan yangi maqomiga rasman javob berganicha yo’q. Toshkentda Yevropa bilan aloqalar iliqlashyapti deb yurgan ayrim rasmiylar sanksiya qoldirilganidan hayron ekanliklarini bildirgan.

O’zbekiston uchun gapiruvchi tomonlarga ko’ra, AQSh ko’p jihatdan O’zbekistonni tushunmayapti va yuqoridagi kabi qadamlar qo’yib, o’zini Karimov rejimidan yanada uzoqlashtiryapti.

Yangi yildan Kongressda demokratlar hukmronlikni boshlaydi, biroq O’zbekistonga nisbatan siyosatda o’zgarish bo’lishi kutilmayapti. Kondoliza Rays rahbarligidagi AQSh diplomatiyasi nazarida O’zbekistonda huquq katta muammo. Bu borada siljish bo’lmasa, deyishadi Kongressdagi ayrim siyosiy maslahatchilar, AQSh-O’zbekiston aloqalari onda-sonda jonlansa-da, tor miqyosda qolaveradi.

XS
SM
MD
LG