Breaking News

AQSh: O'zbekistonda saylov bo'lsin, bo'lganda ham adolatli saylov


AQSh uchun Markaziy Osiyoda Turkmaniston eng yopiq jamiyat bo’lib, Turkmanboshi Saparmurod Niyozov Vashingtonga uning hokimiyatiga nisbatan ta’sir otkazishga deyarli yo’l bermas edi.

Rasmiy Ashgabat Turkmanboshi o’limidan keyin hali o’ziga kelgani yo’q.

AQSh Davlat kotibi o’rinbosari Nikolas Byorns (Nicholas Burns) nazarida O’zbekiston hozirda hamkorlik qilish uchun eng qiyin mamlakat.

Vashington-Toshkent o’rtasida amaliy muloqot to’xtab qolganiga ancha bo’ldi. Andijon voqealaridan ko’p o’tmay, 2005 yilning yozida AQShning Markaziy Osiyo bo’yicha o’sha paytdagi bosh diplomati Daniel Frid (Daniel Fried)Toshkentda prezident Islom Karimov bilan uchrashuvi ketidan “Xonobod bazasidan chiqamiz, bu borada gap bo’lishi mumkin emas”,- degan edi.

AQSh bazani tark etdi. Shu qatorda AQShga qarashli o’nlab tashkilotlar va muassalar uchun ham O’zbekiston darvozasi yopildi. O’zbekiston AQShni o’zining ichki siyosatiga aralashayotganlikda, chetdan turib, mamlakatni berqarorlashtirishga urinayotganlikda, uning milliy va madaniy qadriyatlariga putur yetkazayotganlikda ayblay boshladi.

Vashington nazarida esa O’zbekiston hukumati dunyodagi eng repressiv boshqaruvlardan biri.

AQSh Davlat kotibasi, ya’ni tashqi ishlar vazirasi Kondoliza Raysning siyosiy masalalar bo’yicha o’rinbosari Nikolas Byorns, biz bilan suhbatda, O’zbekiston bilan munosabatlar salbiy ekanini yashirmaydi.

"O’tgan yillar ichida aloqalarimiz ancha yomonlashgan. Prezident Karimovning ayrim qarorlari bizga ma’qul bo’lmadi. Ayniqsa, uning o’z xalqiga nisbatan munosabati. Ba’zi hollarda Karimov o’z xalqiga nisbatan kuch ishlatdi. Odamlar halok bo’ldi. Odamlar vatanini tark etishga majbur bo’ldi. Biz, tabiiyki, bu hollarni qoralab keldik".

Ammo, deya so’raymiz, Nikolas Byornsdan, AQSh nega munosabatlarning iliqlashishi va O’zbekiston bilan til topishish uchun dadil harakat qilmayapti? O’tgan yili Karimov Markaziy Osiyo bo’yicha bosh diplomat Richard Baucher bilan iliq so’zlar almashgan va aloqalarning yaxshilanishiga umid bildirgan edi. Tomonlar muloqotga kirish uchun ulardan nimalar kutilayotganini biladimi?

"AQSh O’zbekiston xalqi manfaatlari va mamlakatda demokratiya kelajagi yo’lida qayg’urmoqda va O’zbekiston bilan aloqalarni yaxshilashga tayyor. Karimov harbiylarimizni bazadan chiqarib, Vashingtondagi do’stlarini yo’qotdi. Lekin biz baribir oldinga siljishga urinyapmiz. Mamlakat erkin va ochiq bo’lsin, deymiz. Men ikki kun oldin Vashingtonda O’zbekiston elchisi bilan muloqot qildim. Aloqa sekin, biroq gaplashyapmiz, harakat qilyapmiz. Lekin O’zbekiston ham o’z harakatini qilsin. Biz tomon qadam tashlasin",- deydi Byorns.

Bu yil qonun bo’yicha O’zbekistonda prezident saylovlari o’tishi kerak. Saylov kampaniyasi u yoqda tursin, mamlakatda hali saylovlar bo’lishi haqida ham ko’p gap yo’q.

"O’zbekistonda katta ta’sir kuchiga ega bo’lmasak-da, demokratiya himoyasida turamiz",- deydi AQSh diplomati Byorns.

"O’zbekistonda saylovlar bo’lishi kerak, bo’lganda ham erkin saylovlar. Adolatli va xolis saylovlar. Natijasi oldindan belgilangan saylovlar emas. Biz esa O’zbekiston bilan iqtisodiy va madaniy aloqalarni mustahkamlashga harakat qilamiz."

AQSh uzoq muddatli aloqalar uchun harakat qiladi, lekin oldinda yechimini kutayotgan muammolar juda ko’p. Har ikki tomon kelishmovchiliklarga barham berish uchun sidqidildan hissa qo’shmog’i lozim, deydi AQSh Davlat kotibi o’rinbosari Nikolas Byorns.

XS
SM
MD
LG