Breaking News

AQSh Markaziy Osiyoga nisbatan siyosatini o'zgartirishi lozim


AQSh va NATO kuchlari Afg’onistonda Tolibonga qarshi bosimni kuchaytirib, mamlakat iqtisodi va siyosatini izga solishga urinmoqda.

Amerikada yangi saylangan prezident Barak Obamaning aytishicha, Afg’onistonda tinchlikni ta’minlash uning oldida turgan asosiy vazifalardan biri bo’ladi. Afg’oniston qo’shni Markaziy Osiyo davlatlaridan ham katta yordam kutmoqda.

Afg’oniston rahbari Hamid Karzay mamlakatni qayta qurish yo’lida avvalo Tolibon xurujlariga qarshi chora ko’rish kerak, zarur bo’lsa, “g’anim kuchlar bilan muzokara qilamiz” deya takidlamaqda.

Lekin, deydi Michigan universiteti professori, siyosatshunos Timur Ko’chao’g’li, hozirgi hukumat tinchlik o’rnatishga qodir emas. Unga ko'ra, Afg’onistonda siyosiy tuzum o’zgarishi kerak.

"Afg'onistonda muvozanatni ta'minlash uchun, u yerdagi hukumatni demokratik tuzumga aylantirish lozim. Chunki AQSh va NATO kuchlari ostidagi Afg'onistonda bugun haqiqiy ma'noda demokratiya bor deb bo'lmaydi. Afg'onistonda yashaydigan turli millatlar orasidagi muvozanatni ko'zda tutib, u yerda adolatli demokratik tuzumni o'rnatish va prezidentdan boshlab, hukumat idoralariga saylov yo'li bilan xalq vakillarini olib kelish lozim. Hozir esa AQSh tomonidan tayinlangan kishi prezident bo'lib o'tiribti va buni demokratik tuzum deb atash qiyin", - deydi olim.

Timur Ko’chao’g’li nazarida Afg’oniston masalasida qo’shni mamlakatlar, jumladan Pokiston, Eron va Markaziy Osyo respublikalari bilan hamkorlik qilish kerak.

"Albatta Afg'oniston masalasini uning ichidan hal qilish mumkin emas. Bu yerda Pokiston masalasi ham bor. Pokistondagi xunrezliklar tinchimas ekan, Afg'onistonga bo'ladigan ta'siri ham salmoqlidir. Bundan tashqari uning atrofidagi boshqa davlatlar, Eron va Markaziy Osiyo mamlakatlari bilan bo'lgan munosabatning ham roli katta", - deydi professor.

Prezidentlikka saylangan Barak Obama AQShning Markaziy Osiyoga nisbatan siyosatini Afg’onistondagi vaziyatdan kelib chiqqan holda belgilashi mumkin.

Lekin, deydi Timur Ko’chao’g’li, bu hamkorlik rivoji baribir Markaziy Osiyoda demokratiya qanchalik qadrlanishiga borib taqaladi.

"Qozog'iston bilan AQSh o'rtasida siyosiy tomondan qiyinchilik yo'q. Ammo rasmiy Vashington Turkmaniston va O'zbekiston bilan bir oz tarang aloqalarga ega. Biroq aloqalarning sovuqlashganiga bir yoqlama baho berish xato bo'lardi. Bunday bo'lishiga har ikki tomonning ham aybi bor. Shunday ekan har ikki tomon munosabatlarni yaxshilash uchun jiddiy qadam tashlamog'i lozim."

2005 yilning may oyida Andijonda kuzatilgan qonli voqealar ketidan AQSh-O’zbekiston aloqalari ancha sovuqlashgan edi. Timur Ko’chao’g’li fikricha O’zbekistondek yirik davlat G’arb bilan yaqinlashishdan katta foyda ko’radi. Afg’onistonda ham muhim rol o’ynay oladi. O’zbekiston xalqaro maydonda ishonchli davlat sifatida nom qozonishni istasa, inson huquqlariga hurmatni oshirsin, deydi olim.

"O'zbekiston bilan bo'lgan munosabatdagi qiyinchiliklarni hal qilish uchun, O'zbekiston demokratiya yo'lida olg'a qadam tashlashi lozim. Matbuot erkinligi va siyosiy partiyalarga erkin faoliyat yuritish uchun ruxsat berish kerak. Agar bu ishlar amalga oshmasa, O'zbekiston na Yevropa, na AQSh bilan aloqalarni yaxshilay oladi. Amerikaning ham Markaziy Osiyoga nisbatan siyosatida ham yangi qadamlar qo'yilishi darkor. Bush ma'muriyat olib borgan siyosat samara bermadi va ko'p xatolarga yo'l qo'ydi", - deydi olim.

Professor Timur Ko’chao’g’li ta’biricha AQShda yangi prezident ish boshlar ekan, Markaziy Osiyo rahbarlari Barak Obama bilan bog’lanishga harakat qilishi lozim. Toki Obama ularga salohiyatli hamkor sifatida qarasin. Amerika ham, deydi olim, Afg’onistonda tinchlikka erishish uchun bu davlatlar bilan ishlashi zarur ekanini biladi. Gap bu yerda samimiyat va o’zaro ishonch haqida ketmoqda, deydi Timur Ko’chao’g’li.

XS
SM
MD
LG