Breaking News

Kongress: Notinch Afg'onistondagi asosiy muammo - korrupsiya


AQShning Afg'onistonda bo'lib qaytgan senator va kongressmenlari fikricha, bu mamlakatda vaziyatni o'nglash uchun avvalo korrupsiya ildiziga bolta urish kerak va mintaqaviy hamkorlikni mustahkamlash zarur.

Vakillar Palatasi spikeri Nensi Pelosi boshchiligida Afg'onistonni kezgan delegatsiya nazarida AQSh va NATO tarkibidagi xalqaro kuch bor qudratini ishga solmoqda.

Ammo mahalliy hokimiyatning korrupsiyaga botib ketgani ishning beliga tepmoqda.

"Strategiyamizni yangilash, aniq maqsadlar yo'lida harakat qilishimiz kerak",- deydi Nensi Pelosi.

"Afg'oniston hukumati korrupsiyaga asoslangan. Qoradori savdosi barq urayotgani ham shu bilan bog'liq",- deydi spiker.

Kongress NATOga yuzlanib, alyans a'zolaridan Afg'onistondagi sa'y-harakatlarni kuchaytirishni, Amerika bilan yonma-yon ishlashni so'ramoqda.

Demokrat qonunchi Ed Marki fikricha, AQSh Bush davrida Afg'oniston borasida mufassal bir rejaga ega bo'lmagan.

"O'tgan yetti yarim yilda ko'p narsani boy berdik", - deydi kongressmen. "Bugungi vazifa aniq strategiya bilan chiqish",- deydi u.

Vakillar Palatasi spikeri - AQShda hokimiyatdagi uchinchi eng yuqori lavozim egasi Nensi Pelosi, Barak Obama Afg'onistonda qo'shinlar sonini ko'paytirib to'g'ri qilyapti, buning samarasi katta bo'ladi, deydi.

"Prezidentimiz qat'iy qarorlar bilan chiqayapti. Biz afg'on hukumati va xalqi bilan ochiq gaplashamiz",- deydi spiker.

"Afg'onistonda terrorizmni albatta yengamiz, bu jamiyat farovonligiga hissa qo'shamiz, ammo xalq ham azaliy illatlardan voz kechishi kerak",- deydi Nensi Pelosi.

Obama ma'muriyati kelasi ikki oy ichida Afg'onistonga nisbatan yangi strategiya ishlab chiqadi. NATO, Afg'oniston va Pokiston vakillari jarayonda faol qatnashishi kutilmoqda.

XS
SM
MD
LG