AQSh Bosh shtabi rahbari admiral Mayk Myullenning aytishicha, AQShning Afg'onistondagi strategiyasini ko'rib chiqayotgan guruhlar sezilarli o'zgartirishlar tavsiya qilmasligi mumkin. Xulosalar yanvar oyida Barak Obama qasamyod keltirishidan oldin yoki keyin e'lon qilinadi.
Strategiyani uchta guruh ko'rib chiqmoqda. Admiral Myullen ulardan biriga rahbarlik qilmoqda. Qolganlari esa Oq Uy va Markaziy Qo'mondonlik qoshida ish olib bormoqda. So'nggi oylarda Tolibon xurujlari ko'payganiga qaramay, amaldagi strategiya o'zgarmasligi mumkin.
"Katta o'zgarishlarni kutmayman. Yangi ma'muriyat qanday siyosat yuritishini hozircha bilmayman," deydi Myullen.
AQSh va NATOning amaldagi strategiyasi o'z ichiga uch yo'nalishni oladi: xavfsizlikni kuchaytirish, iqtisodiy taraqqiyotni ta'minlash va davlat boshqaruvini yaxshilash. Admiral Myullen resurslar yetarli emas, ammo yanvar oyida 3500 askar Afg'onistonga yuboriladi deydi. Jami kelasi yil ichida Qo'shma Shtatlar qo'shimcha 20 ming harbiy ajratishi kutilmoqda. Hozir Afg'onistonda AQShning 32 ming askari xizmat qilyapti. NATOdan ham shuncha qo'shin bor.
"Albatta, muammoni yolg'iz harbiy kuch bilan hal qila olmaymiz. Ammo bu bilan iqtisodiy taraqqiyot va davlat boshqaruvini yaxshilash uchun zamin, xavfsiz muhit yaratiladi," deydi AQSh admirali.
Mayk Myullen qoradoriga qarshi kurash ham strategiyaning bir qismi bo'lishi zarur va qo'shimcha askarlar bunga yordam beradi deydi.
AQSh Mudofaa vaziri Robert Geyts bugun Afg'onistonda qo'mondonlar bilan uchrashmoqda. Uning aytishicha, kelasi yil yozigacha mamlakatga kamida ikkita brigada safarbar etiladi.
AQShning birinchi raqamli harbiysi admiral Mayk Myullenning aytishicha, global iqtisodiy tanazzul jahon bo'ylab beqarorlikka sabab bo'lishi va terrorizm uchun muhit yaratishi mumkin, xususan Afrikada.
Bu haqda bugungi matbuot anjumanida Mayk Myullen ham gapirgan.
"Oziq-ovqat va boshqa mahsulotlar qimmatlashib borar ekan, beqarorlik kuchayadi. Va bundan asosan hali oyoqqa turib olmagan davlatlar jabr ko'radi, bu esa o'z navbatida global xavfsizlikka salbiy ta'sir ko'rsatadi," deydi admiral.
"Agar iqtisodiyot barqaror bo'lsa, odamlar ish bilan ta'minlangan bo'ladi. Hayot ijobiy ruhda o'tadi. Zo'ravonlikka sabab bo'lmaydi. Aks holda ishsiz yoshlardan ko'p narsani kutish mumkin."
Iqtisodiy jihatdan beqaror mamlakatlarda hukumatlar o'z hududini himoya qilishi uchun yetarlicha mablag'ga ega bo'lmaydi, bundan esa terrorchilar foydalanib, u yerda o'rnashib olishi mumkin bo'ladi.
Pentagon Afrikadagi hamkor davlatlar mudofaa salohiyatini oshirish uchun maxsus dasturlarga ega. AQSh hukumati iqtisodiy yordam ko'rsatib turadi. Ammo moliyaviy inqiroz AQSh byudjetiga ham cheklov qo'yishi mumkin.
Kecha AQSh Kongressi Vakillar Palatasi mamlakat avtosanoatiga yordam berish maqsadida 15 milliard dollarlik rejani ma'qullagan. Uchta yirik avtomobilsozlik kompaniyasiga yordam berish evaziga hukumat ularning faoliyatini nazorat etish uchun maxsus vakil tayinlagan.
Loyiha Senatda ham ko'rib chiqilmoqda.