Breaking News

Turkiya, Afg'oniston, Pokiston terrorga qarshi birga kurashadi


Pokiston, Afg’oniston va Turkiya terrorga qarshi urushda hamkorlikni faollashtirishga kelishib olgan.

Istanbulda Turkiya prezidenti Abdulla Gul tashabbusi bilan o’tgan uchrashuv Kobul-Islomobod aloqalarini yaxshilashni ko’zlaydi.

Muxbirimiz xabariga ko’ra Hindistonning Mumbay shahrini qaqshatgan qonli hujumlar e’tibordan chetda qolmagan.

Bir kunlik muzokara so’nggida Afg’oniston, Pokiston va Turkiya prezidentlari deklaratsiya imzolagan. Hujjatda “terrorizm balosiga qarshi birga kurashamiz” degan so’zlar bitilgan.

Terrorizm mavsuzi uchrashuvda keng muhokama qilindi. Afg’oniston, yaqinda terror hujumlarini boshdan kechirgan Hindiston singari, Pokiston razvedkasini portlashlarda hamda jangarilar bilan aloqada ayblaydi.

Ammo Pokiston rahbari Osif Ali Zardariy uning mamlakati ham terrorizm qurboni ekanini ta’kidlab, “rasmiy Islomobod Mumbaydagi xurujlar yuzasidan tergovda ishtirok etayapti” - deydi.

Hindiston hukumati qariyb 200 kishini hayotdan olib ketgan bu xurujlarda Pokistondagi jangarilarni ayblab, bir necha fuqaroni Dehliga topshirishni so’ramoqda. Pokiston rasmiylari esa dalil-isbot talab qilgan.

Turkiya prezidenti Abdulla Gul so’zlariga ko’ra “har uchala davlat xavfsizlik idoralari terrorizmni yengishda amaliy hamkorlikka urg’u beradi”. Abdulla Gul Pokiston va Afg’onistonni bir-birga yaqinlashtirishga qaratilgan bunday sammitga ikkinchi bor mezbonlik qilyapti.

Jurnalistlar bilan suhbatda, Afg’oniston prezidenti Hamid Karzay Pokiston yangi hukumati bilan hamkorlikdan mamnun ekanini aytgan. Yaqinda ikki davlat tashqi ishlar vazirlari uchrashib, Al-Qoida kabi terrorchi guruhlarga qarshi qo’shma strategiya tuzishga ahd qilgan.

XS
SM
MD
LG